Iqtisodiyot | 22:31 / 28.05.2024
19475
6 daqiqa o‘qiladi

EastFruit: Minimal eksport narxlari – O‘zbekiston meva-sabzavot eksportiga zarba

EastFruit tahlilchilari O‘zbekistonda minimal eksport narxlari joriy qilinishi ortidan meva-sabzavotlarni eksport qilish shartlari yomonlashganidan xavotir bildirdi. Tahlilchilar bunday “qo‘l rejimida” tartibga solish eksportga zarar yetkazishi va uzoq muddatli hamkorlik uchun xavfli ekani, cheklov choralari soliq tushumlarini oshirmasligi, valuta nazoratini yaxshimasligini ta’kidlamoqda.

Foto: worldbank.org

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, may oyidan boshlab meva-sabzavot mahsulotlariga tavsiyaviy eksport narxlari joriy qilingan edi. Yetkazib beruvchilarga haqiqiy narxlarni tavsiya etilganidan 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorgacha pasaytirishga ruxsat berilgandi. Lekin ko‘p o‘tmay, hukumat qarori bilan tavsiya etilgan narxlar minimal narxlarga o‘zgartirildi.

EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, bu minimal narxlarni belgilashda har bir mahsulot uchun sifat toifalari, navlari va boshqa omillar hisobga olinmasligi mumkin.

“Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, bunday qarorlar hech qachon hech qaysi nuqtai nazardan ijobiy natijalarga olib kelmaydi. Ular, birinchi navbatda, ishlab chiqaruvchilar va kichik eksportchilarga ta’sir qiladi – ularning mahsulot sotish imkoniyatlari torayadi. Bu o‘z navbatida mahsulot yetishtirishga sarmoya kiritishga qiziqishni darhol pasaytiradi va mamlakatni yirik tizimli importyorlar uchun unchalik jozibali bo‘lmagan hamkorga aylantiradi. Darhaqiqat, bunday qo‘lda tartibga solish bilan uzoq muddatli hamkorlik shartnomalarini tuzish juda xavfli bo‘ladi.

Shu bilan birga, soliq tushumlarini oshirish va valuta nazoratini yaxshilash nuqtai nazaridan bunday chora samarasizdir. Yirik kompaniyalar uchun zamonaviy moliyaviy vositalardan foydalangan holda minimal narxlarni chetlab o‘tish qiyin emas, ammo buning natijasida soliq bazasi kamayishi mumkin”, – deyiladi tahlillarda.

Ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekiston meva-sabzavot eksportida yuqori ijobiy dinamika kuzatilyapti: 2023 yilda O‘zbekistonning eksportdan daromadi 10 foizga kamayib, 777 million dollarni tashkil qilgan. Rasmiylar esa meva-sabzavotlar statistikasiga quruq dukkaklilarni ham qo‘shib, hisobotlarda kattaroq raqamni ko‘rsatishmoqda, vaholanki sifatli tahlil uchun bu mahsulotlar donli dukkaklilar eksporti bandidan joy olishi kerak, chunki quruq dukkaklilarning xususiyatlari va savdo tuzilmasi meva-sabzavotlardan umuman farq qiladi.

“Eksportni rivojlantirish uchun jozibali imkoniyatlar bo‘lishiga qaramay, Rossiya dunyoning aksariyat davlatlaridan meva-sabzavot olib kirilishini taqiqlagani sababli O‘zbekiston eksporti stagnatsiyaga uchragan. Eksport ko‘rsatkichlari so‘nggi besh yil davomida deyarli o‘zgarishsiz qolib, 700 mln dollardan 900 mln dollargacha o‘zgarib turibdi”, – deyiladi EastFruit sharhida.

Minimal eksport narxlari

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, 2024 yil 1 maydan 1 boshlab respublikadan eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha shartnomalar qiymatini monitoring qilish va eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatish tartibi joriy etildi. Qaror bilan tavsiya etilgan minimal eksport narxlari belgilanadigan meva-sabzavot mahsulotlari ro‘yxati shakllantirildi. Ro‘yxatdan 60 turdagi meva va sabzavotlar o‘rin olgan.

Shundan keyin minimal eksport narxlari 11 maydagi hukumat qarori bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari va elektr jihozlariga minimal eksport narxlari joriy etiladigan bo‘ldi. Eksportchilar belgilangan minimal eksport narxlaridan past narxda eksport qilsa, jazolanadi.

Minimal narxlarni belgilash tartibi muallifi Savdo sanoat palatasi hisoblanadi. Palata raisi Davron Vahobov Kun.uz'ga bergan intervyusida aytishicha, eksportchilar berilgan imtiyozlarga qaramay, mahsulotlarning narxini past ko‘rsatib, eksport tushumini yashirishga urinib kelmoqda. Shu sababli minimal eksport narxlarini belgilashga ehtiyoj tug‘ilgan.

“Charm-poyabzal, elektrotexnika yoki to‘qimachilik mahsulotlari qanday qilib ichki bozordagi narxlardan 5 barobar arzon bo‘lishi mumkin? O‘rgandikki, charm-poyabzal oyoq kiyimi 8 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha bojxona chegarasidan o‘tyapti. Bu salbiy taraflari nimada deydigan bo‘lsak, bugungi kunda eksportyor mahsulotni tannarxidan arzon sotishiga hech qanday jarima yo‘q. Sababi davlat tarafidan eksportyorlarga turli imtiyozlar berilgan. Eksportyor o‘zi xohlagan narxida sotadi. Eksportyorga bunday sharoit nimaga berilyapti? U soliq imtiyozlaridan foydalanishi uchun o‘zining shaffof tushumini ko‘rsatishi kerak”, – degandi u.

Ayni masalada Kun.uz'ga intervyu bergan iqtisodchi Otabek Bakirov bu korrupsiya va yashirin iqtisodiyotni kuchaytirishi, qolaversa, oqibatlar bilan emas, sabablar bilan kurashish kerakligini ta’kidlagandi.

“Eksportchilar rostdan ham tushumlarni yashiryapti deb hisoblanilsa, ular baribir bu yo‘ldan qaytmaydi. Endi boshqa yo‘lga o‘tadi. Endi u massada yoki hajmda manipulyatsiyaga o‘tishga harakat qiladi. Yoki bojxona organlari bilan korrupsion xarajatga kirishishga harakat qiladi. “Tadbirkor eksport tushumining bir qismini O‘zbekistondan olib chiqib ketish harakatida ekan, boshqa eksport shartnomalar bilan xizmatlar ko‘rsatishga oid boshqa import shartnomalar bilan mablag‘larni chetga olib chiqib ketishga harakat qiladi”, – degandi Otabek Bakirov.

U meva va sabzavotlar uchun avvaliga “tavsiya etilgan” deya e’lon qilingan narxlar oradan 15 kun o‘tib “minimal eksport narxlari”ga aylanib qolganiga e’tibor qaratdi.

Mavzuga oid