Jamiyat | 21:22 / 29.05.2024
8223
3 daqiqa o‘qiladi

«Kinolarimizga nozik chizgilar yetishmayapti» - Sherzodxon Qudratxo‘ja

«Suyunchi» filmidagi bemor otasini kasalxonaga borib ko‘rmaydigan o‘g‘il va Anzirat xola o‘rtasida bo‘ladigan suhbatga to‘xtalarkan, O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja rejissyorlarni kinolarda milliy kontentga ko‘proq e’tibor berishga chaqirdi.

O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja bir paytlar olingan filmlarni misol tariqasida keltirib, o‘zbek rejissyorlari ham o‘zlari suratga olayotgan filmlarda milliy kontentga e’tibor qaratishlari kerakligini aytdi.

U "Suyunchi" filmidagi bemor otasini kasalxonaga borib ko‘rmaydigan o‘g‘il va Anzirat xola o‘rtasida suhbat tasvirlangan kichik bir lavhani misol qilib keltiradi. Shu lavhaning oxirida Anzirat buvi “Piyolasi yo‘qligi uchun otang stakanda choy ichayotgan ekan”, deydi.

“Kimningdir otasi shifoxonaga, sanatoriyga borsa albatta o‘zi bilan o‘zimizning o‘zbek piyolasini olib boradi. Bu yerda biz taniqli rejissyor Melis Abzalovning yechimini ko‘ryapmizki, o‘g‘ilning shifoxonadagi otasini uch oyda ham ko‘rgani bormasligi bu isnod. Ikkinchisi uning stakandan choy ichayotgani – bu o‘sha davlat shifoxonada bergan narsani ichyapti degani. Bugun kimdir safarga otlansa yo shifoxonaga yotaman desa o‘zi bilan choynagini, piyolasini olib boradi. Shuningdek, «Mimino» filmida gurjilarning xarakteri, o‘sha kichik aviatsiyadan katta aviatsiyaga borishi, baribir, albatta o‘sha mashhur qo‘shig‘ini sog‘inib o‘z vataniga qaytib kelganini ko‘rib juda boshqacha bo‘laman”, deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.

U sadoqat to‘g‘risida gapirib, «Xatiko» filmini misol tariqasida keltiradi. Bu filmni tomosha qilishini, boshqalarga ham tavsiya qilishini, unda it misolida sadoqat va do‘stlik ko‘rsatilganini aytadi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja bugun zamonaviy rejissyorlarimiz yaxshi milliy kontent yaratishga e’tibor qaratishlari kerakligini aytadi.

Melis Abzalov “Suyunchi” filmida kichik parchada, bor-yo‘g‘i ikki minut shu narsaga urg‘u bera olgan. Bugun bizning kinolarimizga mana shunday chizgilar mana shunday o‘ziga xos nozik o‘xshatmalar va mana shunday dramaturgiya kirib kelishi kerak. Sog‘ bo‘linglar, ijoddan to‘xtamanglar. Men o‘ylaymanki o‘zbek kinosida mana shunday davr boshlanyapti”, deydi u.

Mavzuga oid