“Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxlaridan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjatga “Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxidan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom loyihasi ilova qilingan.

Unda tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxini aniqlashda foydalaniladigan usullar, ularni qo‘llash tartibi hamda tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxidan kelib chiqqan holda qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bazasini aniqlash tartibi ko‘rsatilgan.

Ayni masala yuzasidan Kun.uz savollariga Soliq qo‘mitasi strategik rejalashtirish bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Davron Bobojonov javob berdi.

– Nima sababdan Soliq qo‘mitasi tovar va xizmatlarning bozor narxi asosida soliq bazasini hisoblashga harakat qilyapti?

Bozorda bir xil tovar ikkita tadbirkor tomonidan har xil narxlarda sotilyapti. Birinchi tadbirkor uni bozor narxida, talab va taklifdan kelib chiqqan holda 1000 so‘mdan sotyapti va shundan kelib chiqib soliq to‘layapti. Ikkinchi tadbirkor xuddi shu tovarni 1000 so‘mdan sotyapti-da, lekin buxgalteriya hujjatlarida soliqni kamroq to‘lash maqsadida 500 so‘mga sotdim deb ko‘rsatyapti.

Shu yerda raqobat buzilyapti, hisob fakturada tovarni 500 so‘mga sotdim deb ko‘rsatayotgan tadbirkor soliqni kamroq to‘lagani uchun yutadi; u 800, 900 so‘mdan sotsa ham unga manfaatli bo‘ladi. Keyin xaridorlar 1000 so‘mdan emas, 800 so‘mdan sotayotganga boradi.

Shu yerda tadbirkorlar o‘rtasida birinchidan, nohalol raqobat yuzaga kelyapti, ikkinchidan, xufiyona iqtisodiyot kuchayishiga omil bo‘lyapti. Haqiqatda realizatsiya qilingan summani buxgalteriya hujjatlarida kamaytirib ko‘rsatish xufiyona iqtisodiyot rivojlanishiga omil bo‘lyapti. Shu narsalarning oldini olish, ya’ni tovarlarning bozor narxi asosida soliq bazasini aniqlash tartibi joriy qilishdan maqsad – tadbirkorlar o‘rtasida teng raqobat muhitini ta’minlash, yashirin iqtisodiyotning oldini olishga qaratilgan.