20:17 / 31.05.2024
7297

Arosatdagi Gurjiston: Yevropaga intilish to‘xtab qoldimi?

Ko‘plab namoyishlar, prezident vetosi va G‘arbning tahdidlariga qaramay, Gurjistonda chet el agentlari haqidagi qonun baribir kuchga kirishi kutilyapti. Noroziliklar fonida bosh vazir Irakli Kobaxidze xalqni tinchlantirish uchun katta va’da berdi: mamlakat 2030 yilgacha Abxaziya va Janubiy Osetiya ustidan suverenitetini tiklamoqchi.

Kun.uz “Geosiyosat” dasturida Gurjiston atrofidagi geosiyosiy vaziyatni tahlil qilish uchun siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Jahongir Akramovga yuzlandi.

— Gruziya bosh vazirining 2030 yilgacha maqsadlari, xususan Abxaziya va Janubiy Osetiyani mamlakat tarkibiga qaytarish qanchalik realistik?

Jahongir Akramov: — Gurjiston – demokratik davlat, demokratik mexanizmlar ishlaydi. Hukumat tepasidagi “Gurjiston orzusi” partiyasi “Chet el agentlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini olib chiqdi, buni ko‘pchilik gurjilar Rossiyadagi xuddi shu nomdagi qonunning nusxasi deb qaraydi. Hukmron partiya bu qonunni tasdiqlash uchun kuchli harakat qilyapti. 2023 yil mart oyida ham bu harakat bo‘lgandi, keskin qarshiliklar, namoyishlar sabab to‘xtab qolgandi, bu yil yana qaytildi.

Qonunning mohiyati shundan iboratki, nodavlat OAV, demokratik institutlar va boshqalarning olgan chet el grantlari, sarmoyalari budjetining 20 foizidan oshsa, ular chet eldagi kuchlar manfaatiga ishlayotgan deb topiladi. Shuning uchun bu qonun jamoat tashkilotlari, demokratik kuchlar tomonidan qoralanyapti. Qonunning qabul qilinishi ko‘p jihatdan Rossiyadagi qonun ko‘chirmasi bo‘ladi va oktyabrda bo‘ladigan saylovlarga tayyorgarlik bo‘ladi, deb baholayapti mutaxassislar. Chunki ko‘plab demokratik tashkilotlar bunday nom olgandan keyin faoliyatini to‘xtatamiz deyapti. Bu holat orqali “Gurjiston orzusi” partiyasi saylovlarda g‘alaba qozonishni ko‘zlayapti, degan tahlillar bor.

— Bu qonun qabul qilinishi Gurjistonning G‘arb bilan munosabatlariga qanday ta’sir qiladi?

Kamoliddin Rabbimov: — Salbiy ta’sir qiladi. Demokratik davlatlar bu qonunni tanqid qildi. Yevropa Ittifoqi sanksiyalar qo‘yishni muhokama qilmoqchi. Hozirda Gurjiston fuqarolariga YeIga kirish uchun viza kerakmas, shuni bekor qilish, ajratiladigan mablag‘larni cheklash, YeIga kirish uchun qabul qilingan rejalarni to‘xtatish bo‘yicha gap ketyapti. Bu reja qilingan sanksiyalarning to‘liq joriy qilinishi ehtimoli kam, chunki to‘liq joriy qilinsa, Gurjiston Rossiya ta’siriga tashlab qo‘yilgan bo‘ladi.

Saakashvili davrida Gurjiston YeI tomon ildam qadam tashladi, u bugun qamoqda, hukumatda esa unga muxolif partiya turibdi. “Gurjiston orzusi” partiyasining asosiy homiysi – milliarder Ivanishvili. U o‘zining katta kapitalini Rossiyada qilgan, ko‘pchilik rossiyaparast sifatida ko‘radi. Partiyaning maqsadi – YeIga kirish, munosabatlarni saqlab qolish va ayni paytda Rossiya bilan munosabatlarni me’yorlashtirish. Osetiya va Abxaziyani Rossiya davlat sifatida tan olgan, boshqa davlatlar tan olmagan. Munosabatlarni yaxshilab, shu ikki hududni Gruziyaga qaytarmoqchi.

Bugun Gurjiston siyosiy elitasi va jamiyat to‘liq ikkiga bo‘lingan. Bir qismi YeIga yaqinlashishdan voz kechmaslik kerak, deydi, bir tomon esa ikkita hududni qaytib olish biz uchun muhimroq, deydi. Bu kurash davom etyapti, kuchlar nisbati “Gurjiston orzusi” tarafida, chunki Gurjistonda parlamentar boshqaruv, qaysi partiya fraksiyasi ko‘p bo‘lsa, bosh vazirni o‘sha partiya tayinlaydi.

1938 yilda bunday qonunni AQSh qabul qilgandi, SSSR kuchayib ketishi fonida. Bir necha yil oldin Rossiya qabul qildi. Endi Rossiyaga yoqish, tashqi ta’sirni pasaytirish uchun Gurjiston ham qabul qilyapti. Bunday qonun Qozog‘istonda muhokama qilindi, Qirg‘izistonda qabul qilindi. Demak, Rossiyadagi bu narsa possovet hududiga ta’sir qilyapti.

Hozirda qonun Gurjiston parlamenti tomonidan qabul qilingan, prezident esa veto qo‘ygan. Parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega hukmron partiya bu vetoni olib tashlay oladi.

Jahongir Akramov: — AQShdagi bunday qonun bo‘yicha shu paytgacha 5 ta ish ochilgan, faqat bitta holatda hukm o‘qilgan. Rossiyada esa o‘tgan 2023 yilning o‘zida 350 ta ish bo‘lgan bu bo‘yicha. Rossiya–Ukraina urushi Gruziyadagi siyosiy qarama-qarshilikni yangi pog‘onaga ko‘tardi, “Gurjiston orzusi” partiyasi hokimiyatni amalga oshirishda ko‘p qarshiliklarga uchray boshladi.

“Gurjiston orzusi” partiyasi Rossiya bilan kelishib Abxaziya va Osetiyani qaytarib olmoqchi, “Yagona milliy front” partiyasi esa G‘arbga qo‘shilib, Rossiyaga karshi sanksiyalarga qo‘shilib, Rossiyadagi siyosiy o‘zgarishlarni kutib, keyin hududiy yaxlitlikni tiklash niyatida.

Mutaxassislar aytadiki, Ivanishvilida G‘arbga nisbatan qo‘rquv bor, Rossiyaga yaqinligim uchun jazolamoqchi, degan tafakkurda bo‘ladi, deydi. Gurjiston katta bosimlarga uchrayapti bunday harakatlar bilan, YeI uni qabul qilishni bekor qilishi ham mumkin deyilyapti. Blinken ham ogohlantirish bilan chiqdi.

— Gurjistonning Abxaziya va Janubiy Osetiyani qaytarish yo‘lida Rossiya omili bilan to‘qnashuvi qanday kechadi?

Kamoliddin Rabbimov: — Rossiyaning Gurjistonga qarashi o‘zgargan bugun, Saakashvili davrida Kavkazdagi eng dushman davlat sifatida ko‘rilardi, endi Armaniston ko‘riladi. Rossiya Abxaziya va Osetiyani davlat sifatida tan olgan. Rossiya va Gurjiston qanchalik yaqin bo‘lmasin, mustaqil davlat sifatida tan olgan hududlar bo‘yicha kelishuvlarni bekor qilish oson bo‘lmaydi.

— Abxaziya va Osetiya Rossiyadan yordam so‘rasa-chi?

Kamoliddin Rabbimov: — Rossiya bu hududlarni de-fakto Gurjistonga qaytarmoqchi bo‘lsa, buning yo‘lini topadi, chunki Rossiya bosim qilsa, Gurjiston bilan Rossiya o‘rtasida kelishuv bo‘lsa, bosqichma-bosqich yo‘lini topadi. Chunki Rossiyaning bu hududlarga ta’siri katta. Lekin yuridik jihatdan qanday bo‘lishi noaniq, chunki rasman tan olgan Rossiya. Bu yerlarni qaytarish bir necha o‘n yillarni talab qilishi mumkin, bugun Gurjiston Rossiya geosiyosiy qopqoniga tushib bo‘lgan.

Abxaziya va Osetiya aholisida ham o‘zini mustaqil deb his qilishga xohish yuqori. Aholi tarkibida gruzinlarning ulushi Abxaziyada 45 foiz, Janubiy Osetiyada esa 27 foiz atrofida. Aholining katta qismi o‘zini Gurjiston tarkibiy qismi sifatida ko‘rmaydi.

— Abxaziya va Janubiy Osetiyani faqat Rossiya tan olganmi?

Jahongir Akramov: — Yagona tan olgan davlat Rossiya hisoblanadi. 2008 yilda 5 kunlik urush bo‘lgan. Gurjiston hukumati Janubiy Osetiyada tartib o‘rnatish, anklav hududdagi gurjilarni ko‘chirish paytida qo‘shin kiritgan va harbiy harakatlarga aylanib ketgan. Rossiya qo‘shin kiritgan va Gurjistonni tinchlikka majburlash operatsiyasi boshlangan, Abxaziya ham urushga kirgan. Orada Nauri davlati ham tan olgan, lekin asosiysi Rossiya hisoblanadi.

O‘sha 5 kunlik urush paytida G‘arb Rossiyaga nisbatan mo‘’tadil siyosat yuritgan. G‘arblik mutaxassislar biz o‘sha paytda Rossiyaga nisbatan yumshoq siyosat olib borganimiz sabab Rossiya Qrimni oldi, Ukraina urushi boshlandi, deyishadi.

Kamoliddin Rabbimov: — Asosiy vositachi o‘sha paytdagi Fransiya prezidenti Sarkozi bo‘lgan YeIda, chunki Fransiya YeI raisi edi o‘sha 5 kunlik urush paytida. Kelishuvga ko‘ra, Saakashviliga bosim qilinib, bu ikki hududdan qo‘shinlar olib chiqiladi.

Jahongir Akromov: — Rossiya o‘sha paytda Kavkazdagi Kosovo mustaqilligi omilidan foydalangan, deyiladi, ya’ni xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash tamoyili. Abxaziya va Janubiy Osetiyaning qaytishi ehtimoli kam yaqin yillarda, lekin konfederatsiya taklifi bo‘layotgani haqida xabarlar ham bor.

— Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istiqbollari va uning geosiyosiy oqibatlari qanday bo‘ladi?

Kamoliddin Rabbimov: — Kavkaz atrofida kuchli geosiyosiy kurash ketyapti. Janubiy Kavkazda 3 ta respublika bor. Ozarboyjon siyosiy tizimi avtoritar, lekin tashqi ishlarda Ilhom Aliyev juda mahoratli ishlayapti. Gruziya Saakashvili davrida juda katta qadamlar bilan G‘arbga intildi va ikkita hududni yo‘qotdi. Armaniston arazlagan davlat, Qorabog‘ni yo‘qotgach, Rossiya bilan aloqalarni uzib, G‘arbga intilyapti. Armanistonga qarshi Rossiya, Eron, Xitoy birlashyapti, lekin ayrim G‘arbiy Yevropa davlatlari, xususan, Fransiya Armanistonni qo‘llayapti.

Gurjistondagi bu namoyishlar, jarayonlar katta Kavkaz mintaqasi uchun geosiyosiy kurash deyish mumkin. Gurjiston so‘nggi yillarda Rossiyaga yo‘nalish oldi. G‘arbiy Yevropa esa Gurjiston orqali Kavkazdagi ta’sirini yo‘qotmaslik uchun imkoniyat izlayapti. Rossiya Armanistonni yo‘qotgani bilan Ozarboyjon bilan aloqalar yaxshi. Gurjistondagi “Gurjiston orzusi” partiyasi muvozanat saqlashga harakat qilgan bo‘lsa ham, Rossiyaga yaqinroq bo‘lyapti. Gurjistonda yosh avlod G‘arbga talpinaveradi va ichki kurash davom etadi.

Jahongir Akromov: — Janubiy Kavkazda Qorabog‘ separatizmiga barham berilgach, Ukraina urushi boshlangach, o‘ziga xos geosiyosiy vaziyat yuzaga keldi. Rossiyaning bu yerdagi liderlik roli pasaygan, Armanistonda yo‘qotgan pozitsiyalarini Gurjiston orqali kompensatsiya qilishga urinyapti. G‘arb ham Ukraina urushidan keyin geosiyosiy jarayonlarda o‘zining qat’iyligini ko‘rsatishga urinyapti. Gurjiston bosh vazirining 2030 yilda YeIga qo‘shilish yoki hududlarni qaytarib olish haqidagi bayonoti xalqni tinchlantirish va o‘z legitimligini saqlash uchun desa bo‘ladi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top