22:09 / 31.05.2024
4823

Tramp aybdor deb topilgach, saylov kampaniyasi 34,8 million dollar yig‘di

AQSh sobiq prezidenti «Stormi Deniyels ishi» bo‘yicha aybdor deb topilganidan keyin homiylik mablag‘larini yig‘ish bo‘yicha kunlik rekord o‘rnatildi.

Foto: Getty Images

AQSh prezidentligiga nomzod va sobiq davlat rahbari Donald Tramp hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilganidan keyin saylovoldi tashviqot kampaniyasi qariyb 35 million dollar yig‘di. Bu haqda The Hill xabar berdi. 

«Sudning ahmoqona qarori e’lon qilinganidan keyin Tramp kichik xayriyalar orqali 34,8 million dollar to‘pladi», dedi uning saylovoldi kampaniyasi bo‘yicha katta maslahatchilari Kris LaChivita va Syuzi Uayls. 

Ularning ta’kidlashicha, bir kun ichida kichik xayriyalar soni bo‘yicha rekord o‘rnatilgan. 

Maslahatchilar saylov kampaniyasi homiylariga ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirib, 5 noyabr kuni «amerikaliklar haqiqiy hukmni e’lon qilishini» aytgan. 

AQSh sobiq prezidenti pornoaktrisa Stormi Deniyelsga (haqiqiy ismi Stefani Gregori) o‘z munosabatlarini yashirish uchun 130 ming dollar pul to‘lagani va bu to‘lovni deklaratsiyada yuridik xizmat sifatida rasmiylashtirgani uchun mahkamaga tortilgan edi. 30 may kuni Tramp barcha 34 ta ayblov bo‘yicha aybdor deb topildi. Endi sud sobiq prezidentga qanday jazo tayinlanishini aniqlashi kerak. 

Tramp aybini tan olmagan. U ayblovlarni «bema’nilik» deb atab, o‘zini siyosiy ta’qibga uchraganini ta’kidlab kelmoqda. 

Amerika qonunchiligiga ko‘ra, Trampning sudlanishi va ehtimoliy qamoq jazosini olishi unga prezidentlik saylovida ishtirok etishga, hatto prezident sifatida ishlashiga to‘sqinlik qila olmaydi. 

AQSh prezidenti saylovi 2024 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadi.

Top