23:09 / 06.06.2024
20082

Katanets - Turkmaniston ustidan g‘alaba, uni hayratda qoldirgan futbolchi, darvozabonlar va penaltilarga tayyorgarlik haqida

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets JCh-2026 saralashi 5-turidan o‘rin olgan Turkmanistonga (3:1) qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

«Futbolchilarni g‘alaba bilan tabriklayman. Birinchi bo‘limda xatolar bo‘ldi, vaziyatlardan foydalana olmadik. Ikkinchi bo‘limda esa darajamizni ko‘rsatdik va raqibga bosim o‘tkazdik. 

Bizni barcha jamoa hurmat qiladi. Umid qilamanki, sentabrdagi o‘yinlarga ham futbolchilar tayyor kelishadi. 

Har o‘yindan yangilik olamiz. Bugun bizda o‘ng qanot himoyachisi yo‘q edi,  bu pozitsiyada Husnidddin Aliqulovni sinab ko‘rdik va u yaxshi ma’noda hayratda qoldirdi. Ayniqsa, uchinchi goldagi assistini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. 

O‘runov birga-bir vaziyatdan foydalana olmagani? Unga hech qanday e’tiroz qilmadim. Jahon futbolidagi yulduzlarda ham bunday holatlar bo‘lib turadi. Oston ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. 

Tanaffusda nimalar dedim? Turkmaniston odatda 4 himoyachi taktikasida o‘ynardi, bugun 5 himoyachi bilan harakat qildi. Shu sabab tanaffusda markazdagi futbolchilar sonini oshirdik.

Darvozabonlar masalasi va Abduvohid Ne’matovga imkon bermaslik? Darvozabonlar murabbiyi bor va unga quloq solamiz. Xatolar hammada bo‘ladi. Hujumchi ham xatoga yo‘l qo‘yadi, ammo uniki ko‘rinmaydi. Jamoada o‘ziga xos garmoniya shakllangan. Buni buzish kerak emas. 

Penaltilarga tayyorlanish? (O‘zbekiston Osiyo kubogida Qatarga aynan seriyada yutqazgan) Bunga alohida yechim yo‘q. Mashg‘ulotlarda ishlash befoyda. Chunki unda muxlis bo‘lmaydi. 50 ming odam olib kelib, sun’iy atmosfera yarata olmaysiz. O‘yinda charchoq bo‘ladi, buni ham to‘g‘rilay olmaysiz. Hatto Messi ham ko‘p bor foydalana olmagan. 

Ishonch bo‘lishi kerak. U-23 jamoasining Osiyo kubogi finalidagi penaltisini ham ko‘rdim. Futbolchi (Umarali Rahmonaliyev) duo qilib, tepdi. Duo qilgani yaxshi. Ammo ko‘zida ishonch emas, najot bor edi. Shu sabab penaltilarga alohida tayyorlanish hech qanday foyda bermaydi, deb hisoblayman. 

Penaltilar muammosini Superligada ham ko‘rish mumkin. Nega «Navbahor»da Jamshid Iskanderov emas, Toma Tabatadze nuqtaga yaqinlashadi? «Paxtakor»da esa Dragan Cheran. Bizda mashg‘ulotlarga faqat 2-3 kun bo‘ladi. Shuni ham penaltilarga tayyorlanish bilan o‘tkaza olmaymiz. 

Rotatsiya? JCh saralashida bunday qilib bo‘lmaydi. Mana, Eronni ko‘ring. Bugun Hongkongga qarshi o‘yinda (4:2) Ozmun, Torimiylarni maydonga tushirishdi. Ular 10 yildan beri o‘ynab kelishmoqda. Bu siklda har xil sinovlarni o‘tkazib bo‘lmaydi», — deya sloveniyalik mutaxassisning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Top