O‘zbekiston | 12:37 / 06.06.2024
1124
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Misr ilmiy loyihalarga investitsiya kiritishni muhokama qilmoqda

O‘zbekiston oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Misr ishbilarmonlar kengashi raisi Motaz Raslan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi

Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, vazir o‘rinbosari O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan sohasining investitsion jozibadorligi to‘g‘risida mehmonlarga ma’lumotlar berdi. Tomonlar oliy va professional ta’lim tashkilotlariga hamda ilmiy loyihalarga investitsiya kiritish istiqbollarini muhokama qildilar.

Xususan, Misr delegatsiyasi a’zosi, Misr Senatining xalqaro munosabatlar, tashqi ishlar, immigratsiya qo‘mitasi a’zosi, senator janob Hany Neamatalla respublikamizning tibbiyot oliygohlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, jarrohlik, farmatsevtika sohalariga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari o‘rtasida almashinuvlarni yanada jadallashtirishni taklif qildi.

Xorij delegatsiyasining yana bir a’zosi, Misr Senati a’zosi, Qishloq xo‘jaligi ekinlari bo‘yicha xalqaro kompaniya raisi Abdelsalam El-Gabaliy O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy markazlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.

Mavzuga oid