“O‘zbekistonga kirayotgan investitsiyalar kamligi – xavotirli” - Behzod Hoshimov
“Oldin O‘zbekiston yopiq bo‘lgani uchun investitsiyalar kirishi kam bo‘lardi, oxirgi yillardagi ochilish sabab o‘sdi, lekin Qozog‘iston, Gruziyada bo‘lgani kabi sur’atda bo‘lmadi”, deydi iqtisodchi. U O‘zbekistonga kirib kelayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi kishi boshiga hisoblaganda Qozog‘iston va Gruziyaga qaraganda o‘nlab barobar kamligini qayd etdi.

Foto: Kun.uz
2023 yilda O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar miqdori kamaydi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil davomida O‘zbekistonga moliyaviy oqim 6,6 mlrd dollarni tashkil etgan. Bunda, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarning sof oqimi 2,2 mlrd dollarni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 16 foizga yoki 425 mln dollarga qisqargan.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz'ga bergan intervyusida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning ahamiyati haqida so‘z yuritib, ularning kamayishi kelajak uchun xavotirli signal ekanini ta’kidladi.
“O‘zbekistonday katta, investitsiyalar va mablag‘ kam mamlakat uchun yiliga 1,36 mlrd dollar investitsiya (2023 yilning 9 oyidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi – tahr.) – juda kichkina raqam. Gruziya, Qozog‘iston kabilarga qaralsa, kishi boshiga xorijiy investitsiyalarni o‘nlab marta ko‘proq jalb qilishgan. O‘zbekistonning xorijiy investitsiyalarni olib kelish tajribasi yaxshi bo‘lmadi, lekin imkoniyatlar ko‘p. O‘nlab milliard dollar investitsiya kirsa, yaxshi bo‘lardi va shunga harakat qilish kerak deb o‘ylayman”, – dedi u.
Hoshimov xorijiy investitsiyalar oqimi kamligidan xavotir bildirdi.
“Meni xavotirga solayotgani – investitsiya kirib kelish sur’ati kamligi. Oldin O‘zbekiston yopiq bo‘lgani uchun investitsiyalar kirishi kam bo‘lardi, oxirgi yillardagi ochilish sabab o‘sdi, lekin Qozog‘iston, Gruziyada bo‘lgani kabi sur’atda bo‘lmadi”, – deydi u.
Behzod Hoshimovning fikricha, xorijiy investorlar pulini ko‘paytirish, foyda ko‘rish uchun investitsiya kiritishadi va xizmat ko‘rsatish yoki ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yadi, o‘sha korxonalarda o‘zbekistonliklar ishlaydi, korxonalar O‘zbekistonga soliq to‘laydi va ko‘p ma’noda o‘zbekistonliklarni boyitadi.
“Budjetga pul tushgach, budjet tashkilotlarida ishlovchilar uchun ham ko‘proq pul bo‘ladi, deylik, o‘qituvchilar, shifokorlar, xavfsizlik xodimlari kabilarga. Qo‘shimcha qiymat ham yaratiladi, bu investorlarni ham boyitadi, O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shilgan qiymat bo‘lib qoladi va O‘zbekistonni boyitadi.
Shu sabablarga ko‘ra muhim narsa bu. O‘zimiz buncha investitsiyani jamg‘arishimiz qiyin, qayerdandir tayyor pul kelib boyitadi, bu yaxshi narsa. Investitsiya uchun jozibador davlat sifatida ko‘rinsak, o‘nlab mlrd dollarlar oqib kelishi mumkin va bu bizni boyitadi”, – deya qo‘shimcha qildi u.
Iqtisodchi Telegram'dagi kanalida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar haqidagi boshqa mulohazalari bilan ham o‘rtoqlashgan.
“Boz ustiga, afsus aynan shu davrda investitsiyaga “chanqoqroqmiz” va tegishli ravishda foyda ko‘proq keltira olar edik. Bizdagi demografiya shuni ko‘rsatadiki, aynan bugungi kunda pullar juda kerak, aholimizni yoshi oshmoqda, bu degani hozir ular mehnatga layoqatli bo‘lib qiymat yarata olar edilar. Agar hozir yetarlicha investitsiya olib olmasak, kelajakda ham, xuddi o‘tmishimizdek sust o‘sib kelamiz. Qozog‘istonga yetib olishga 60-70 yil emas, undan ham ko‘proq vaqt kerak bo‘lishi mumkin bo‘lib qoladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar mamlakatning o‘sishi uchun yana bir muhim ahamiyatga egaligi, ular nafaqat kapitalni, balki texnologiya va tajribani ham olib kelishadi. Shu narsalar bizga havodek zarur”, – deya qayd etgan u.
Behzod Hoshimovning fikricha, investitsiyalar uchun jozibador bo‘la olmaganimizning sababi – “investitsiyalarni olib kelish choralari” deyilganida, odatda faqat imtiyozlarni nazarda tutamiz, “o‘yin qoidalarini” emas.
“Aslida esa, o‘yin qoidalari, kontraktlarni bajarilishini ta’minlash, sudlarni mustaqilligi va kompetentligi kabi muhim yo‘nalishlarda qilinmagan islohotlar, investitsiyalar kelmaganini asosiy sababi bo‘lib qolmoqda”, – deya yozadi iqtisodchi.
Tavsiya etamiz
Nima uchun Koreyani tanlash yoki tanlamaslik kerak? | SUBYEKTIV
Jamiyat | 19:02 / 30.06.2025
Urush tugadi, endi Isroil va Eron nima qiladi?
Jahon | 12:02 / 30.06.2025
Ko‘chmas mulk savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilyapti
Iqtisodiyot | 11:26 / 30.06.2025
Hindistonda o‘n millionlab odam uran bilan ifloslangan suvni ichmoqda - olimlar
Jahon | 09:01 / 30.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ukraina dronlari Rossiyaning Lipetsk viloyatiga hujum qildi
Jahon | 12:38
-
Hibsdagi sakkiz kishi: Rossiyada yana bir ozarboyjonlik qamoqqa olindi
Jamiyat | 12:33
-
Jitomir yaqinidagi portlashlar: ikki korxona yakson etilgan
Jahon | 12:20
-
Zangiotada sifatsiz dori vositalari va buyumlari savdosiga chek qo‘yildi
Jamiyat | 12:13
Mavzuga oid

15:22 / 27.06.2025
Toshkent viloyatining xorijiy investitsiyalari bo‘lgan korxonalariga imtiyozlar beriladi

14:03 / 25.06.2025
To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish rag‘batlantiriladi

14:39 / 24.06.2025
Yaqin Sharqdagi vaziyat munosabati bilan eksportchilarga favqulodda yordam mexanizmi joriy qilindi

12:40 / 23.06.2025