21:36 / 11.06.2024
23698

Hisorak suv ombori haqida yolg‘on xabar tarqatganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Shahrisabz tumanida yashovchi bir necha shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 prim 6-moddasi (Yolg‘on xabar tarqatish) 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: IIB axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Hisorak suv ombori bilan bog‘liq holat haqida yolg‘on xabarlar tarqatgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil 10 iyun kuni ba’zi fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumanida joylashgan Hisorak suv ombori haqida yolg‘on axborot tarqatgan.

Ular odamlarning tinchini buzib, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat bo‘yicha Shahrisabz tumanida yashovchi D.U., N.A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 prim 6-moddasi (Yolg‘on xabar tarqatish) 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 10 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Hisorak suv ombori yorilgani va undan katta suv oqib ketayotgani haqida xabarlar berildi. Shundan so‘ng suv ombori yaqinidagi aholi maskanlarida yashovchilar vahimaga tushib uylarni tark eta boshlagani haqida video tarqaldi.

Ko‘p o‘tmay Shahrisabz tuman hokimi Samad Hasanov hamda Qashqadaryo viloyati FVB boshlig‘i Farhod Mirzayev Hisorak suv ombori oldida turib, holat bo‘yicha videomurojaat yo‘lladi.

Ular o‘z murojaatida aholidan vahimaga tushmaslikni, hammasi nazorat ostida ekanligini, hech qanday jiddiy xavf yo‘qligini, yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni ta’kidlashdi. 

Shuningdek, aholidan o‘z yashash joylarini tark etmaslik, aksincha hamma o‘z yashash uyida qolib, tunni sokin o‘tkazishlarini so‘rashdi.

Bugun 11 iyun kuni Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev Hisorak suv ombori quyi qismidan turib bayonot berdi va u yerda hech qanday favqulodda vaziyat sodir bo‘lmagani, shu sabab xavotirga o‘rin yo‘qligini aytdi.

Top