21:17 / 17.06.2024
5126

Baydenning saylovoldi shtabi Trampni obro‘sizlantirish uchun 50 million dollar ajratdi - OAV 

Amaldagi prezidentning siyosiy strateglari sobiq prezidentga qarshi reklama kampaniyasini boshlamoqchi. 

Donald Tramp va Jo Bayden / Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Baydenning saylovoldi shtabi respublikachi nomzod Donald Trampni birinchi debat oldidan turli shtatlarda obro‘sizlantirish uchun 50 million dollar sarflamoqchi. Bu haqda Reuters yozdi. 

Qayd qilinishicha, bu Baydenning siyosiy strateglari boshlamoqchi bo‘lgan Trampga qarshi reklama kampaniyasining narxi. 

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 17 iyundan boshlab Baydenning shtab-kvartirasi 30 soniyalik videorolikni turli shtatlarda taqdim etishni rejalashtirmoqda. Asosiy maqsad «ikki nomzod o‘rtasidagi qarama-qarshilikni» ko‘rsatishdir. 

«Bu saylov faqat o‘zi uchun kurashayotgan, sudlangan jinoyatchi bilan oilangiz uchun kurashayotgan prezident o‘rtasida bo‘lib o‘tadi», deb videodan iqtibos keltirdi agentlik. 

2024 yil 30 may kuni Nyu-Yorkdagi hakamlar hay’ati Trampni sobiq porno aktrisa Stormi Deniyelsga pul to‘lagan paytida moliyaviy hujjatlarni soxtalashtirishda aybdor deb topdi. Sobiq prezident barcha 34 ta band bo‘yicha aybdor deb topildi. Hukm 2024 yil 11 iyuliga, Respublikachilar milliy qurultoyiga to‘rt kun qolganida e’lon qilinadi. 

Reuters agentligi Trampning qamoq jazosiga hukm qilinishi ehtimolini dargumon deb baholadi, chunki siyosatchi birinchi marta zo‘ravonliksiz jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilmoqda. Bundan tashqari, Amerika Konstitutsiyasida prezidentlikka nomzodlar uchun jinoiy ishlar bo‘yicha cheklovlar belgilanmagan. Shunday ekan, Tramp, hatto sudlangan taqdirda ham, prezidentlikka nomzodini qo‘yishi va uni egallashi mumkin. 

2024 yil 5 noyabrda Qo‘shma Shtatlarda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Nomzodlar - demokrat Bayden va respublikachi Tramp. Birinchi prezidentlik debati 2024 yil 27 iyun kuniga belgilangan.

Top