Jamiyat | 17:42 / 19.06.2024
4203
10 daqiqa o‘qiladi

Nogiron - ishga yaroqsiz deganimi?

Tong otdi. Zebo tikuv mashinasi tomon oshiqdi. Lekin buni u katta qiyinchilik bilan epladi. Chunki buyurtmani bajarishi kerak. Afsuski, u mashinka oldida uzoq o‘tira olmadi.

Bir necha yil oldin u ishonch bilan kelajakka boqar va rejalar tuzar edi. Baxtsiz hodisa tufayli umurtqa pog‘onasi shikastlanib, bir umrga nogiron bo‘lib qoldi.

«Bu kun hayotimni «avval» va «keyin»ga ajratdi, — deya hikoyasini boshlaydi payariqlik Zebo. — Mening sevimli ishim, oilam bor edi. Bir lahzada hammasidan ayrildim...»

2022 yilning kuzi edi. U o‘g‘lini maktabdan olish uchun ketayotgan edi, ammo ko‘zlagan manziliga yetib bora olmadi. Kelib urilgan mashina zarbasidan hushini yo‘qotdi.

«Hech qachon ko‘z oldimdan ketmaydigani — o‘zimga kelganimda o‘g‘limning qayg‘uli nigohi. Bir necha oy yura olmadim. Reabilitatsiya davri taxminan olti oy davom etdi. Nogironlik nafaqasini olish uchun ariza berdim, lekin bu pul davolanish va oila ehtiyojlariga zo‘rg‘a yetardi», — deya kechmishidan hikoya qiladi Zebo.

Zebo ish jarayonida

Hozir Zebo mustaqil harakat qiladi, ammo doimiy og‘riq fojiali voqeani unutishga imkon bermaydi.

— Mana, bir yildan beri rasmiy ish topishga harakat qilaman, lekin hamma joyda rad javobi, — deydi Zebo. — Qayerlarga murojaat qilmadim, deysiz: bandlikka ko‘maklashish markazi, «Inson» ijtimoiy himoya markaziga, hatto yaqinda nogironlar uchun ish bo‘limi paydo bo‘lgan internet platformasida ro‘yxatdan o‘tdim. Deyarli hamma joyda menda yo‘q bo‘lgan oliy ma’lumotni talab etishdi. Voqea sodir bo‘lgunga qadar men sexda tikuvchi bo‘lib ishlaganman, ammo hozir sog‘lig‘im uzoq vaqt davomida dastgohda o‘tirishga imkon bermayapti. Men taslim bo‘ldim, lekin kuchli bo‘lishim kerakligini tushunaman, chunki onaman va 10 yoshli o‘g‘limni katta qilishim kerak.

Mehnat bozorida to‘siq va kamsitishlarga duch kelayotgan nogironlarning minglab shunga o‘xshash hikoyalari mavjud. Odamlar ish topa olmaydi yoki o‘zlarini jamiyatga keraksiz his qilishadi. Shunga qaramay, o‘zida kuch topa olgan odamlarning muvaffaqiyatli hikoyalari ham bor.

37 yoshli Hilolani ko‘pchilik biladi, u Facebookdagi mashhur «Samarqand va samarqandliklar» guruhining administratori. Guruh besh yil avval tashkil etilgan va hozirda 21 mingdan ortiq foydalanuvchiga ega. Hilolada tug‘ma son suyagi chiqishi bor. Ammo taqdiriga qarama-qarshi ravishda, hayotda eng asosiysi o‘ziga va kuchiga ishonish ekanini isbotlayotgan yosh qizni bu qiyinchiliklar sindira olmadi.

Hilola ish joyida.

«Mening ham dastlab ish topishda omadim chopmagan, — deydi Hilola. — Albatta, rad etishlar bo‘ldi, lekin men umidsizlikka tushmadim va doim maqsadim sari intildim. Fuqarolar uchun Facebook sahifasi, blog va ma’lumotlarni nashr qilish — bu hobbi, xolos. Rasmiy ravishda «Inson» markazining tuman bo‘limida o‘zimga o‘xshaganlarni ishga joylashtirish, ijtimoiy himoyasini ta’minlashda yordam beraman».

Qanday qilib ish topish mumkin?

Bu savolga javob olish osondek tuyuladi, lekin aslida unday emas. Samarqand viloyat bandlikka ko‘maklashish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari ko‘p yillar davomida fuqarolarni ish bilan ta’minlashning klassik usuli bo‘lib qolgan. Har kuni u yerga ish izlab yuzlab odamlar keladi.

Hozir Samarqand viloyatida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 1300 dan ortiq kvotalar mavjud, biroq ular har doim ham o‘zlariga yoqqan ish topa olmayapti.

Mutaxassis bilan suhbatlashyotganimizda, ofisga yosh yigit hamrohligida ko‘zi ojiz qiz kirib keldi. U hamma uni ishga olishdan bosh tortayotganidan shikoyat qildi. Qiz Samarqand davlat universiteti Amaliy psixologiya fakultetining so‘nggi bosqich talabasi ekan. Uning mehnat birjasiga birinchi marta murojaat qilishi emas, lekin har safar javob salbiy.

— Men rad javobini eshitishdan charchadim, — shikoyat qiladi anonim qolgan qiz. — Qayerga murojaat qilmadim, deysiz. Ilgari ko‘zi ojizlar ishlashi mumkin bo‘lgan korxonalar bo‘lgan, hozir esa yo‘q. Universitetlarga kirish uchun imtiyozlar bor, lekin ish yo‘q. «Inson» ijtimoiy himoya markazida qizdan ham kutishni so‘rashgan.

Hozirgi kunda vacancy.argos.uz portali orqali ish qidirishning zamonaviy usuliga talab ortib bormoqda. Bu davlat idoralarida bo‘sh ish o‘rinlarini topish uchun hukumat veb-sayti. Yangi yildan boshlab interaktiv veb-saytga nogironlar uchun bo‘sh ish o‘rinlarini qidirish funksiyasi qo‘shildi. To‘g‘ri, butun mamlakat bo‘ylab bo‘sh ish o‘rinlari soni yuzdan sal ko‘proq, ammo bu ro‘yxat doimiy ravishda yangilanadi.

Mutaxassislarning fikricha, bu qog‘ozbozlik va ortiqcha yozishmalardan xoli, elektron platforma. Ishga qidirayotgan hujjatlar bilan tashkilotlarga yugurmaydi. Shuningdek, turli bo‘limlardan keraksiz sertifikatlar olishning hojati yo‘q. Nomzod haqidagi barcha ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimi orqali uning arizasida avtomatik tarzda aks etadi.

To‘siq bo‘layotgan asosiy omillar

Samarqand viloyatida 105 ming nafardan ortiq imkoniyati cheklangan inson bor. Ularning 19,1 foizini 17 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar tashkil etadi, 60 mingga yaqini 18 yoshdan oshgan, 24 foizi pensiya yoshidagilardir. 38 mingdan ortiq nogironligi bor inson mehnatga layoqatli deb topilgan.

Nogironlar huquqini himoya qilish jamiyati rahbari Dilmurod Pardayevning aytishicha, nogironlarni ishga joylashtirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri — tibbiy mehnat ekspert komissiyalari (VTEK) tomonidan berilgan nogironlik guvohnomasiga diskriminativ tarzda yozib qo‘yilishidir: «mehnatga yaroqsiz», «nogiron» yoki «maxsus yaratilgan sharoitlarda ishlashga yaroqli».

Bunday yozuvlar BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 27-moddasiga zid bo‘lib, davlatlar nogironlarning boshqalar bilan teng mehnat qilish huquqlarini tan olishga majbur qiladi. Aksariyat nogironlar, agar ular uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilsa, ishga joylashtirilishi mumkin. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash va tizimli monitoringini olib borish, mehnat huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularni alohida hisobga olishni amalga oshirish zarur.

Umid bormi?

Yil boshidan mamlakatimiz bo‘ylab «Inson» ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari ish boshladi. Samarqand ham bundan mustasno emas. Shahar Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etilganidan buyon ishchilar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar toifalari aniqlanib, manzilli ro‘yxat shakllantirildi. Markazning asosiy vazifasi - muhtojlarga yordam berish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va teng imkoniyatlar yaratishdan iborat.

Ayni paytda viloyatda 37 ming 816 nafar mehnatga layoqatli nogironlar istiqomat qiladi, 6 ming 689 nafarini ishga joylashtirish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 41 foizga bajarilgan.

Markaz direktori o‘rinbosari Baxtiyor Ismoilov biz bilan suhbatda markazda keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va voyaga yetmaganlarga turli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilayotganini ta’kidladi. Markaz ochilganidan buyon rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan 1437 nafar fuqaroga kasb-hunar o‘rganishga yo‘llanma berildi. Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastlabki qadamlar qo‘yilmoqda, ular qanchalik samarali bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning fikricha, ish beruvchilar nomzodlarni tanlashda xolis bo‘lsa, soliq imtiyozlari va preferensiyalardan unumli foydalansa, bandlik muammosini hal etish mumkin. Ish bilan ta’minlangan nogironlar uchun qulay jismoniy muhit yaratish uchun subsidiyalar ajratilishi, shuningdek, 12 oy davomida 3 foizli kvotadan ortiq ishga qabul qilingan nogironlarga ish haqi uchun subsidiyalar ajratilishi haqida hamma ish beruvchilar xabardor emas.

— Nogironlarni ish bilan ta’minlashda maksimal natijaga erishish uchun nogironlarni zamonaviy kasblar, masalan, IT-texnologiyalarga o‘rgatish zarur, — deydi nogironlar jamiyati raisi Dilmurod Pardayev. — Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashga oid qonun hujjatlariga e’tibor qaratish lozim. Bizda qonun bor, lekin uning bajarilishi ustidan nazorat yo‘q. Shuningdek, nogironlarning uy-ish, va aksincha yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishi uchun to‘siqsiz muhit yaratish zarur. Ishchilar uchun qulay sharoit yaratish, masalan, panduslar tashkil qilish kerak. Bu, albatta, inklyuziv bandlikka oid turli muammolarni bartaraf etishga ta’sir qiladi.

Zamira BALTAYeVA, jurnalist.
Fotolar muallifniki.

Mavzuga oid