Jahon | 22:42 / 21.06.2024
13987
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning 11 ta hududida mehnat migrantlari ulushini kamaytirish loyihasi ishlab chiqildi

2025 yilga qadar 11 ta hududda xorijiy ishchilarning ruxsat etilgan ulushini kamaytirish rejalashtirilmoqda. 

Foto: RIA Novosti

2025 yilda Rossiyaning 10 dan ortiq mintaqalarida chet ellik ishchilarning ruxsat etilgan ulushi qisqartiriladi, deb xabar berdi Rossiya Mehnat vazirligiga tayanib Interfax. 

«Rossiya Mehnat vazirligi hududlardan kelgan takliflarni inobatga olgan holda, 2025 yilga qadar 11 ta hududda xorijiy ishchilarning ruxsat etilgan ulushini qisqartirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqdi. Tegishli hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi», deyiladi xabarda. 

Qayd qilinishicha, ushbu hududlar: Orenburg, Chelyabinsk, Kaluga, Magadan, Ryazan, Samara va Amur viloyatlari, Udmurtiya va Dog‘iston, Krasnodar va Krasnoyarsk o‘lkalari. 

«Masalan, Dog‘iston Respublikasi talabiga ko‘ra, qurilishda chet el ishchilaridan foydalanishga 30 foizgacha cheklov joriy etilmoqda, boshqa hududlarda esa bunday cheklov 80 foizni tashkil etadi», deyiladi xabarda. 

Krasnodar o‘lkasida migrantlar ulushi qishloq va o‘rmon xo‘jaligida, ishlab chiqarishda 50 foizgacha, tashish va saqlash sohalarida, mehmonxona va restoran biznesida 15 foizgacha kamaytiriladi, quruqlikdagi yo‘lovchi tashish va avtomobil yuk tashish sohalarida butunlay cheklanadi. 

Krasnoyarsk o‘lkasida sabzavot yetishtirish uchun mehnat migrantlarini yollash ham nazarda tutilmagan. Xuddi shunday cheklovlar Kaluga viloyatida bolalar ovqatlari va parhez mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasiga ta’sir qiladi. Orenburgda ichimlik va tamaki mahsulotlari chakana savdosi va yo‘lovchi taksi faoliyatida migrantlar faoliyati cheklanadi. 

«Umuman olganda, mintaqaviy xususiyatlarni hisobga olmaganda, joriy yil uchun belgilangan xorijlik ishchilarning ruxsat etilgan ulushi o‘zgarishsiz qolmoqda, xususan, 2025 yil uchun dorixonalar, ko‘chma savdo obektlari, bozorlar va do‘konlardan tashqaridagi savdo nuqtalarida migrantlarini yollash taqiqlanadi», deyiladi xabarda. 

Ta’kidlanishicha, cheklovlar birinchi navbatda Rossiya fuqarolarini ishga joylashtirishdagi ustuvorlik uchun joriy qilinmoqda.

Mavzuga oid