O‘zbekiston | 20:01 / 22.06.2024
18539
12 daqiqa o‘qiladi

Issiq iqlimga mos yo‘l qoplamasi: OIIB 165 mln dollarga Buxorodagi abgor yo‘lni ta’mirlayapti

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki Buxorodagi asosiy xalqaro yo‘l, xususan, temiryo‘l vokzalini shahar markazi bilan bog‘laydigan yo‘lni rekonstruksiya qilyapti. “Biz mahalliy iqlim sharoitiga mos yo‘l quryapmiz, bu texnologiya mamlakat va mintaqa uchun mutlaqo yangi”, dedi Kun.uz bilan suhbatda OIIB vakillari. Ularning aytishicha, ta’mirlash ishlari kelasi yil o‘rtalarigacha yakunlanadi.

Foto: Monfort Eurasia

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki O‘zbekistonda “Buxoro yo‘l tarmog‘ini yaxshilash loyihasi”ni amalga oshiryapti. Bunda Buxoro shahridagi asosiy xalqaro transchegaraviy yo‘llarning hamda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlaridagi yo‘l tarmoqlarining samaradorligi, xavfsizligi va iqlimga chidamliligi oshiriladi.

1-bosqichda A-380 xalqaro yo‘lining muhim qismi rekonstruksiya qilinadi.

Loyihaning umumiy qiymati 214,7 mln dollarni tashkil etadi. Shundan 49,5 mln dollarini O‘zbekiston hukumati ajratadi, shuningdek, OIIBdan 165,5 mln dollarlik qarz mablag‘i jalb etiladi.

Bank vakillari – loyiha menejerlari Runze Yu va Komron Rajabiyon Kun.uz'ga bergan intervyusida loyihaning ba’zi tafsilotlarini aytib o‘tdi.

Runze Yu – Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankida transport masalalari bo‘yicha mutaxassis. Bankda 6 yil, O‘zbekistonda esa 5 yildan beri ishlayapti. U OIIBda loyihalarni tayyorlash, amalga oshirish va monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.

Komron Rajabiyon – Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankida 4,5 yildan buyon faoliyat yuritmoqda. Bankdagi vazifasi investitsion sheriklik, bundan tashqari, O‘zbekistondagi ayrim operatsiyalar uchun qo‘shma loyiha guruhi rahbari sifatida ham faoliyat yuritadi. U loyihalarni aniqlash, amalga oshirish, monitoring qilish, tugatish bilan shug‘ullanadi, umuman to‘liq siklda loyihalar ustida ishlaydi.

— Bank hozirda Buxoroda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash loyihasi ustida ishlayapti, loyiha haqida batafsil ma’lumot bera olasizmi?

Runze Yu

Runze Yu: Loyiha rekonstruksiyaga qaratilgan. Bu transchegaraviy ahamiyatga ega xalqaro avtomagistral bo‘lib, shuncha yillik og‘ir foydalanishdan keyin, uning holati yomon ahvolga tushib qolgan. Bu qo‘shni davlatlarni bog‘laydigan asosiy yo‘ldir. Bilasiz, O‘zbekiston “ikki karra” dengizga chiqa olmaydigan davlat. Demak, xalqaro yo‘laklar ustida ishlash nafaqat mamlakatning o‘zi, balki butun Markaziy Osiyo va qit’alararo aloqa uchun katta ahamiyatga ega.

Biz ushbu loyihani ishlab chiqayotib, uning ikkinchi bosqichi haqida haqida ham o‘ylayapmiz. Shuningdek, bajariladigan ishlarning borishini kuzatish uchun uskunalar sotib olishni ham taklif qilyapmiz.

Komron Rajabiyon: Siz ham buxorolik ekansiz, bilsangiz kerak, bu yerda iqlim sharoiti ancha jiddiy. Biz iqlim sharoitiga mos yo‘l qoplamasini yotqizamiz. Ushbu texnologiya mamlakat va mintaqa uchun mutlaqo yangi bo‘lgani uchun iqlim o‘zgarishining yangi sharoitini hisobga olgan holda, biz xalqaro standartlarga mos keladigan yangi me’yorlarni ishlab chiqish, kelgusida quriladigan yangi yo‘llarni ta’mirlash, ularni saqlash va ekspluatatsiya qilishning xalqaro standartlarga mos kelishini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishda institutsional salohiyatni oshirish uchun hukumatni ham qo‘llab-quvvatlaymiz.

Buxoro janubdan g‘arbga, shimoldan sharqqa tomon yo‘llarning chorrahasida joylashgan. Shuning uchun hozircha janubdan g‘arbga yo‘nalishiga e’tibor qaratyapmiz. Kelajakda biz yo‘lning ushbu ikki qismini kesib o‘tmoqchimiz va ushbu hudud mintaqa, mamlakat va shaharga samarali xizmat ko‘rsatishi uchun dizayn xususiyatlari va yechimlarini qidiryapmiz.

Komron Rajabiyon

Loyiha uchta lotga bo‘lingan. Biz janubiy yo‘nalishda Qashqadaryo viloyatini Buxoro viloyati bilan bog‘laymiz, shimoliy yo‘nalishda esa yo‘l Buxoro yo‘l tizimining juda muhim qismidan o‘tadi, bu temiryo‘l vokzalini shahar markazi bilan bog‘laydi. Shu bois aholi va mahalliy boshqaruv organlari ushbu yo‘lni yaxshilashdan juda manfaatdor deb o‘ylayman. Shunda biz shaharga ko‘proq sayyohlarni jalb qilishda, ularni vokzal va shahar markazi o‘rtasida yaxshi yo‘l bilan ta’minlashimiz mumkin bo‘ladi. Yo‘llar Buxoro shahri va unga tutash Kogon shahri aholisiga xizmat qiladi.

— Bank nima uchun aynan shu yo‘lni rekonstruksiya qilishga qiziqyapti?

Runze Yu: O‘zbekiston bizning ta’sischi a’zolarimizdan biri va biz bilan hukumatning maqsadi bir – transchegaraviy aloqalarni rivojlantirish. Bizni Buxoro nima uchun qiziqtiradi, chunki u tarixiy jihatdan muhim mintaqa bo‘lib, mamlakat va qit’alarni bog‘lashda hamon katta ahamiyatga ega. Rostini aytsam, shunday boy tarixga ega maskanda mehnat qilish biz uchun sharafdir. Biz bu yerda ko‘p marta bo‘lganmiz va haqiqatan ham mamlakatning sifatli transport infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyoji juda yuqori ekanini ko‘rdik.

Shunday qilib, bu mamlakatda yo‘l sohasida ishlash bizga nafaqat mablag‘ jalb qilish, balki o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan bilim va tajriba almashish imkonini berdi. O‘tgan yillar davomida biz Transport vazirligi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik.

Komron Rajabiyon: Agar O‘zbekiston xaritasi va Buxoro joylashgan lokatsiyaga qarasangiz, uning va viloyatning transport tuguni, logistikasi naqadar muhimligini darhol tushunasiz. Shuning uchun ham biz joriy loyihaga sarmoya kiritmoqdamiz.

Foto: Monfort Eurasia

Qolaversa, bizda nafaqat avtomobil, balki temiryo‘l sohasida ham loyihalar bor. Biz doimo eng yaxshi ekologik amaliyotlarga rioya qilishga harakat qilamiz. Temiryo‘l loyihasida elektrlashtirishni davom ettirmoqdamiz, bu esa mamlakat transport tizimini yashillashtirishda yana bir qadamdir. Bu yerda OIIB o‘z qiziqishlari va qadriyatlarini ko‘radi.

— OIIB loyihani 2020 yilda boshlagan. Jarayon qanday ketyapti?

Runze Yu: Biz 2024 yilda turibmiz. Loyiha bank tomonidan ma’qullangandan keyin, butun dunyo COVID pandemiyasidan aziyat chekdi, bu esa loyihani amalga oshirishda sezilarli kechikishlarni keltirib chiqardi. 380-yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha qurilish ishlari bo‘yicha shartnoma 2023 yilga kelibgina imzolangan va o‘tgan yil davomida biz harakatlarimizni faollashtirdik.

Foto: Monfort Eurasia

Komron va men, Buxorodagi qurilish hududidan hozirgina qaytdik va bundan juda xursandmiz. Hozirda beton qoplamani yerga yotqizyapmiz. Yo‘l qo‘mitasi bilan birga ishlayapmiz, menimcha, hamma bir maqsadda, biz jarayonni tezlashtiramiz va kelgusi yilda loyihani o‘z vaqtida yakunlaymiz.

— Men o‘zim xuddi shu yo‘ldan bir necha marta o‘tishimga to‘g‘ri kelgan. Yo‘lning yarmi qurilish uchun yopilgani sabab mashinalar tor yo‘ldan harakatlanadi. Yo‘lning umumiy ahvoli esa juda achinarli. Agar loyiha 2020 yilda boshlangan bo‘lsa, nima sababdan hamon tugamadi? Rekonstruksiya yakunlanishi sekin ketyaptimi?

Runze Yu: Kuzatuvlaringiz to‘g‘ri. Menimcha, boshidanoq pudratchi uskunalarni safarbar qilishda biroz qiyinchiliklarga duch kelgan. Bu yerda gap sement, beton qoplama haqida ketyapti. Faqat maxsus ixtisoslashgan mashinagina bunday yo‘llarni yotqizishi mumkin. Bu import qilinadigan katta mashina va uskunlardir, ularning asosiy yetkazib beruvchisi – Germaniya. Mamlakatda ko‘plab yo‘l qurilishi loyihalari amalga oshirilmoqda. Shuning uchun bu mashinalarga talab katta. Shunday ekan ularni olib kelish ishni biroz kechiktirdi.

Qurilish hududiga borib, yo‘l qo‘mitasidagi hamkasblarimiz va pudratchi bilan suhbatlashdik. Ishonamanki, Buxoro aholisi tez orada ishda sezilarli siljishlarni ko‘radi. Aynan loyiha sur’atini tezlashtirish uchun biz shu yerga keldik. 2024 yilning ikkinchi yarmiga qadar jarayonni yakunlaymiz degan ijobiy kutilmamiz bor. Keyingi yilning o‘rtalariga qadar esa yo‘l to‘liq ta’mirlanib bo‘ladi deb o‘ylayman.

Foto: Monfort Eurasia

– Yo‘lning sayyohlar uchun ahamiyati qanday?

Runze Yu: Barchamizga ma’lumki, Buxoro butun yil davomida dunyoning turli burchaklaridan kelgan turistlarni o‘z bag‘riga oladigan UNESCO shahri hisoblanadi. Ko‘pchilik Buxoroga poyezdda keladi va loyihamiz amalga oshirilayotgan yo‘l aynan vokzalni shahar bilan bog‘laydi. Shunday qilib, u ko‘plab sayyohlar tomonidan faol foydalaniladi. Bu masala OIIB uchun juda muhim, chunki biz har bir loyiha uchun iqtisodiy foyda va kengroq ta’sirni aniqlaymiz. Turizmning foydasi esa bu loyihani tayyorlashda biz e’tiborga oladigan jihatlardan biridir. Shuning uchun loyihaning tugashini intiqlik bilan kutyapmiz.

Komron Rajabiyon: Loyihamizning yana bir xususiyati shundaki, yo‘l nafaqat ikki shahar orasidagi xalqaro yo‘lak bo‘ylab o‘tadi, balki shaharning o‘ziga ham xizmat qiladi.

Loyihani amalga oshirish orqali biz ikki katta guruh manfaatlariga xizmat qilamiz. Birinchisi, shaharlar o‘rtasida yoki chet elga sayohat qiluvchilar, ikkinchidan, shahar ichida yashovchi va har kuni ushbu yo‘ldan foydalanadiganlar. Menimcha, bu loyihamizning ijobiy jihati sifatida ta’kidlashimiz mumkin bo‘lgan yana bir omildir.

– Loyihani amalga oshirishda qanday muammolarga duch keldingiz?

Runze Yu: Bankimiz infratuzilma loyihasini qurish jarayonida barcha investitsiyalarimizning ekologik va ijtimoiy ta’siriga, shuningdek, sog‘liq, xavfsizlik va salomatlik masalalariga katta e’tibor qaratdi.

Foto: Monfort Eurasia

Loyihamizda hali ham bir muammo saqlanib qolyapti. Gap shundaki, sizlarda yo‘llarni qurish yoki rekonstruksiya qilishda, ish yo‘lning bir tomonidan boshlanadi. Yo‘l uchastkalarining 50 foizini yopasiz, natijada barcha transportlar yo‘lning ikkinchi qismidan harakatlanadi. Bu, albatta, xavfsizlik nuqtayi nazaridan to‘g‘ri chora emas.

Bu masalada biz hamkorimiz, ijrochi tashkilotimiz, ya’ni Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tayanamiz. Ular mahalliy hokimiyat organlari va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan birgalikda qurilish vaqtida nafaqat odamlar, balki ishchi kuchi xavfsizligini ta’minlashi lozim.

Foto: Monfort Eurasia

Komron Rajabiyon: Menimcha, biz bosqichma-bosqich hal qilayotgan muammolardan biri bu – iloji boricha ko‘proq daraxtlarni saqlab qolish bilan bog‘liq. Yo‘l daraxtlar va o‘simliklar juda ko‘p bo‘lgan hududlardan o‘tadi. Shu sababli, loyihani amalga oshirishda biz Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan birgalikda daraxtlarni kesishni kamaytirish bo‘yicha yechimlarni izlayapmiz, mavjud o‘simliklarni saqlab qolish uchun loyihani takomillashtiramiz.

Qayta ekiladigan daraxtlar uchun biz mahalliy hokimlik, atrof-muhit bo‘yicha mutaxassislar bilan hamkorlikda, daraxtlar kesilgan taqdirda o‘rniga ko‘proq ekilishi uchun yechimlar topamiz. Saqlab qolib bo‘lmaydigan daraxtlarni kompensatsiya qilish uchun ular Buxoro shahri atrofidagi belgilangan hududga ko‘chirib o‘tqaziladi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid