Yevropa chempionatida pley-offning ikkinchi kuni birinchisidan ham qiziqarliroq kechdi. Avvaliga muxlislar Angliyaning bu Yevrodagi zerikarli bo‘lmagan ilk o‘yiniga guvoh bo‘lishdi, chunki slovaklarga qarshi o‘yinda jamoa oxirgi daqiqalargacha hisobda ortda bordi. Ispaniya esa kutilganidek nisbatan kuchsiz raqib sanalgan gurjistonliklarni ayamadi.
Turnirda ilk overtaymlar
Angliya – Slovakiya – 2:1
Gollar: 0:1 – 25 Shrans, 1:1 – 90+5 Bellinghem, 2:1 – 91 Keyn.
Angliya – Pikford, Uoker, Stounz, Gehi, Trippiyer (Palmer, 66), Rays, Foden (Touni, 90), Bellinghem (Konsa, 105), Maynu (Eze, 84), Saka, Keyn (Gallaher, 105).
Slovakiya – Dubravka, Pekarik (Tupta, 109),, Shkrinyar, Vavro, Gansko, Kutska (Bero, 81), Lobotka, Duda (Benesh, 81), Garaslin (Suslov, 61), Shrans (Dyomber, 90), Strelets (Bojyenik, 62).
Ogohlantirishlar: Gehi (3), Maynu (7), Kutska (13), Bellinghem (17), Shkrinyar (45+1), Pekarik (77), Vavro (108), Dyomber (114), Suslov (120+2).
Hujum chizig‘i yulduzlar bilan to‘lib-toshgan, lekin guruh bosqichida atigi ikki gol bilan kifoyalangan Angliya milliy jamoasidan bu safar ham zerikarli o‘yin kutilayotgandi. Raqib ham asosan yoshi katta futbolchilardan iborat tarkibidan kelib chiqib, bu turnirdagi pragmatik jamoalardan biri edi, bu o‘yinda ham boshlang‘ich tarkibda 37 yoshli Pekarik va Kutska tushishdi, umuman asosiy tarkibning faqat ikki futbolchisi – Hansko va Bojyenik 28 yoshdan kichikroq.
Lekin Franchesko Kalsona shogirdlari o‘yinni hujumkor boshladi va birinchi raqam ostida harakat qildi, 5-daqiqada Garaslin boshlab bergan hujum davomida Hanskoning uzoq ustun tomon bergan uzatmasiga Shrans yeta olmadi. 12-daqiqada Garaslin yana jarima maydoniga yorib kirdi va xavfli vaziyat yaratdi. Inglizlar esa dastlabki 17 daqiqalikdayoq uchta sariq kartochka olishdi.
Ko‘p o‘tmay shok holat yuzaga keldi — Slovakiya baribir o‘z golini urdi. Strelets «Uch sherlar»ning himoyachilari kutgan bo‘shliq tomonga emas, himoyachilar orasidan oldinga tashlangan Ivan Shransga pas uzatdi va u Pikfordni ojiz qoldirib, turnirdagi uchinchi golini urdi.
Sautgeyt jamoasi turnir boshidan buyon ilk bor o‘zini qoniqtirmaydigan hisobda o‘ynashiga to‘g‘ri keldi va hujumlar uyushtirishga majbur bo‘ldi. Bo‘lim oxirida slovaklar jarima maydonidan chiqa olmay qolishdi. Ikkinchi bo‘limda inglizlar bosimni yanada kuchaytirishdi va darvoza ishg‘ol ham etildi. Ammo Keynning uzatmasidan keyin to‘pni o‘zi tepishi kerak bo‘lgan Trippiyer uni ofsaydda turgan Fodenga uzatib xato qilgandi.




















