24 mart oqshomida Yevropada JCh-2026 saralash bosqichi doirasida uchta guruhda 2-tur o‘yinlari o‘tkazildi.

K guruhi

Keyn Klozega yetib oldi

Angliya – Latviya 3:0
Gollar: Ris Jyeyms 38, Harri Keyn 68, Eberechi Eze 76.
Angliya: Jordan Pikford, Ris Jyeyms, Mark Gexi, Ezri Konsa, Mayls Lyuis-Skelli (Kayl Uoker 79), Deklan Rays (Jordan Henderson 79), Jud Bellinghem (Fil Foden 67), Jarrod Bouen (Eberechi Eze 61), Morgan Rojyers, Markus Reshford (Kyortis Jons 79), Harri Keyn.

Albaniya – Andorra 3:0
Gollar: Manay 9, 19, Uzuni 90+2

Tomas Tuxel Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi ikkinchi o‘yinida oldingi o‘yindagi boshlang‘ich tarkibdan to‘rt futbolchini almashtirdi. Germaniyalik mutaxassis turli kombinatsiyalarni sinab ko‘rmoqda. Raqiblarning saviyasi bunga imkon beradi. Lekin Latviyaga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida Gutkovskiy inglizlarni jazolab, o‘tkir burchakdan bo‘sh darvozani nishonga olganida, Pikford va Gehining o‘zaro tushunmovchiligi qimmatga tushgan bo‘lardi.

Bo‘lim oxirida esa «Chelsi» himoyachisi, ikki yildan ortiq vaqt davomida asosiy jamoadan chaqiruv olmagan Ris Jyeyms jarima zarbasini ajoyib ijro etib, o‘zining milliy jamoadagi ilk golini urdi va Tuxelning ishonchini oqladi. Bosh murabbiy ishonch bildirishda davom etayotgan «Arsenal»ning 18 yoshli himoyachisi Lyuis-Skelli esa ushbu jarima zarbasini ishlagandi.

Ikkinchi bo‘limda esa Keyn har bir o‘yin uchun majburiy punktni bajarib, navbatdagi golini urdi. Bu safar chiroyli kombinatsiya Raysning ideal uzatmasidan so‘ng Harri bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qilishi bilan yakunlandi. Bu «Bavariya» forvardining milliy jamoalar miqyosidagi 71-goli bo‘ldi va u germaniyalik Miroslav Kloze bilan tenglashib oldi. Ushbu oqshomdagi so‘nggi so‘zni esa yangi avlod vakili aytdi, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Eze o‘zini ko‘rsatib, «uch sherlar» safidagi ilk golini nishonladi. Inglizlar jamoasiga yangi qon olib kirayotgan Tuxel saralash bosqichi startidagi ikki o‘yinda yuz foizlik natija qayd etdi, jami besh gol urilib, darvoza daxlsizligi saqlab qolindi.