Sport | 16:40 / 18.09.2025
8284
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya Isroil tufayli JCh-2026’ni boykot qilishi mumkin

Ispaniya hukumati vakillari G‘azodagi harbiy harakatlar to‘xtamaguncha, Isroil Rossiya bilan bir qatorda xalqaro sport musobaqalaridan chetlashtirilishi kerakligini aytmoqda.

Foto: Marca

Ispaniya hukumati, agar Isroil mundialga yo‘l oladigan bo‘lsa, futbol bo‘yicha mamlakat milliy jamoasini 2026 yilgi jahon chempionatidan olib qolish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda Ispaniya sotsialistik ishchi partiyasi vakili, kongress a’zosi Pachi Lopesga asoslanib Marca xabar bergan.

Lopes Isroil jamoalari musobaqalardan chetlatilishi kerakligini qayd etgan.

Bundan oldinroq Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ham G‘azodagi harbiy harakatlar to‘xtamaguncha, Isroil Rossiya bilan bir qatorda xalqaro sport musobaqalaridan chetlashtirilishi kerakligini aytgandi. U yahudiy davlatini sportdan «o‘z agressiyasini oqlash» uchun foydalanishda ayblagan.

Bu bayonot Isroilning Israel Premier Tech jamoasi ishtirok etgani sababli falastinparast faollar Madriddagi «Vuelta» velopoygasining final bosqichi o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilishi ortidan berildi. Voqea davomida politsiya bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan, ikki kishi hibsga olingan va 22 kishi jarohatlangan.

Lopes «Vuelta» velopoygasi chog‘ida Falastinni qo‘llab aksiya o‘tkazgan aholi o‘z qadr-qimmatini namoyish etgani haqida gapirgan.

Hukumatning rasmiy vakili Pilar Alegriya ham bu haqda fikr bildirib, shunday degan: «Sport – voqelikdan uzilgan orol emas. Ayniqsa, inson huquqlarining ommaviy buzilishi sharoitida sport ham bir chetda qarab tura olmaydi».

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi jahon chempionatiga AQSh, Kanada va Meksika davlatlari mezbonlik qilib, turnir 11 iyunda boshlanadi va 19 iyulga qadar davom etadi.

Hozircha Ispaniya ham, Isroil ham mundial yo‘llanmasini hal qilmagan. Yevropadagi saralash bosqichi doirasida E guruhida ishtirok etayotgan Ispaniya ikki o‘yinda ikki g‘alabaga erishib, guruhda peshqadamlik qilmoqda. Guruhda yana 4 o‘yin o‘tkaziladi.

Isroil esa I guruhida ishtirok etmoqda va o‘tgan besh turda uch g‘alabaga erishgan va ikki o‘yinda mag‘lub bo‘lib, 9 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Jamoaning saralash doirasida guruh peshqadamlari Norvegiya va Italiyaga, shuningdek, autsayder Moldovaga qarshi o‘yinlari qolgan.

Mavzuga oid