Jamiyat | 21:26 / 29.07.2024
15360
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zimni dunyodagi eng baxtli odam deb bilaman” - bir qo‘lda ro‘zg‘or tebratayotgan aravakash

“Kuniga 150-200 ming so‘m atrofida pul topaman, ba’zi kunlari 50 ming so‘m ham tushmaydi. 8 yoshli o‘g‘lim rahmi kelganidan menga ishimda yordamlashgisi keladi. Ko‘rgani 4 ta non-u bir dona tarvuz olib borsam, onamning xursandchiligi dunyolarga sig‘may ketadi” deydi bir qo‘lida bozorda arava tortib, tirikchilik qilayotgan farg‘onalik Po‘latjon.

Po‘latjon Abdurahmonov Farg‘ona shahridagi dehqon bozorida arava tortadi. Bir qo‘l bilan dunyoga kelgan aravakash rizqini bozordan topdi. Po‘latjonni bozorda hamma hurmat qiladi.

1-sinfda o‘qiydigan o‘g‘lim bozorga kelib yordam beradi

“Ertalabdan kechki soat 18:00 gacha ishlayman. Xudoning bergani, farzandlarimning rizqini topib yuribman. Gohida yuz ming, ba’zida yuz ellik ming so‘mgacha pul topaman. Aravam ijaraga olingan. Har kuni 10 ming so‘m ijara haqi topshiramiz.

Bir qo‘lda eplayapman, Xudoga shukur. Lekin baribir bir qo‘lda ishlash qiyin. Xudoning qudrati. Boriga shukur. Qo‘lim tug‘ma, shu holatda tug‘ilganman. Ikki nafar o‘g‘lim bor, ishdan qaytishimni kutib o‘tirishadi. Katta o‘g‘lim birinchi sinfni tugatdi, yaqinda 8 yoshga kiradi. Kichik o‘g‘lim 6 yosh. To‘ng‘ich o‘g‘lim holatimni ko‘rib, menga yordam bergisi keladi. Bozorga kelib arava tortib yordam beradi”.

Ba’zan odamlar aravamga yuk ortishni xohlamaydi

“Tirikchilik. Ro‘zg‘or tebratish kerak. Har xil mijozlarga duch kelaman. Bozorda arava tortib yursam, odamlar avvaliga qo‘limni ko‘rmay turib yoniga chaqirishadi-da, bir qo‘lim yo‘qligini ko‘rgach esa yukimni manzilga eltishga qiynalasan, senga bu ish bo‘lmaydi, deyishadi. Ko‘nglim o‘ksib, ortimga qaytaman. Ammo bir qo‘l bilan ham og‘ir yuklarni ko‘tara olaman. Iloj qancha, ba’zilar rahmi kelganidan ko‘p hollarda o‘zlari yukni aravaga ortib qo‘yishadi.

Xudoga shukur, oilam tinch. Topgan pulim ro‘zg‘orga yetyapti. Oilam tinchligi, bola-chaqam yonimda ekani men uchun asosiy baxt.

Har kuni ishdan charchab borsam, bolalarim quvonib kutib olishadi. Oyog‘imni, yelkalarimni uqalashadi, o‘g‘illarim o‘zimga suyanchiq. O‘g‘illarim hech qachon qo‘limga nima bo‘lganini so‘rashmagan. Bu tug‘ma ekanini bilishadi”.

Dunyodagi eng baxtiyor otaman

“Qishda ish kam bo‘ladi. Lekin sovuq kunlarda ham iloji boricha ro‘zg‘orimni but qilib qo‘yaman. Qishda ham qo‘shimcha ishlar qilmay, faqat arava tortaman.

Ishlab topgan pulimdan onamga to‘rtta non, bitta tarvuz olib borsam juda xursand bo‘ladilar. Ona baribir ona ekan-da. Xavotir olmasin deb tez-tez yoniga borib turaman.

Men dunyoda eng baxtli odamman, chunki onam hayot, oilam tinch, ikki o‘g‘lim – ikki qanotim yonimda, dunyodagi eng baxtiyor otaman...”.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov.

Mavzuga oid