Jahon | 08:45 / 02.08.2024
2157
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Demokratik partiyasi Harrisni prezidentlikka ilgari surish uchun ovoz beryapti

Elektron ovoz berish besh kun davom etadi. AQSh vitse-prezidentini hukumatning eng yuqori lavozimiga nomzod ko‘rsatish jarayonida ishtirok etgan demokrat delegatlarning 99 foizi qo‘llab-quvvatladi.

Foto: Reuters

AQSh Demokratik partiyasi a’zolari 1 avgust, payshanba kuni vitse-prezident Kamala Harrisni prezidentlikka nomzod sifatida rasman ko‘rsatish uchun ovoz berishni boshladi. Elektron ovoz berish uchun besh kun vaqt ajratilgan.

Harris o‘zining g‘alabasiga shubha qilmayapti. Partiya ma’lumotlariga ko‘ra, Harris nomzodni ko‘rsatish jarayonida ishtirok etayotgan demokrat delegatlarning 99 foizi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Demokratik partiyaning milliy qurultoyi 19-22 avgust kunlari Chikagoda bo‘lib o‘tadi.

Trampning irqchilik kayfiyatidagi bayonoti

Ayni paytda, mamlakatning sobiq prezidenti va Respublikachilar partiyasidan eng yuqori hukumat lavozimiga rasmiy nomzod Donald Tramp o‘zining taxminiy raqibiga nisbatan irqchilik kayfiyatidagi bayonot bilan chiqdi. Oq uy sobiq rahbari Chikagodagi qora tanli jurnalistlar milliy assotsiatsiyasi bilan suhbatda Harris uzoq vaqtdan beri o‘zini hind millatiga mansub ayol deb tanishtirgani va yaqinda o‘zini qora tanli deb ta’riflay boshlaganini aytdi. «Bir necha yil oldin qora tanli bo‘lguniga qadar men uning qora ekanligini bilmasdim, endi esa u qora tanli ekanini da’vo qilyapti», — dedi Tramp.

Oq uy sobiq prezidentning so‘zlarini «tahqirlovchi» va «jirkanch» deb atadi. Harrisning o‘zi respublikachi nomzod Illinoys shtati eng yirik shahrida «bo‘linish» va «hurmatsizlik»ning «eski shousini» ko‘rsatayotganini ta’kidladi. 

Kamala Harris Kaliforniyada tug‘ilgan. Uning otasi AQShga Yamaykadan, onasi esa Hindistondan ko‘chib kelgan.

Baydenning prezidentlik poygasidan chiqishi

AQShda prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. 21 iyul kuni amaldagi davlat rahbari Jozef Bayden qayta saylanishdan voz kechishini e’lon qildi va o‘z o‘rniga Kamala Harrisni taklif qildi. Vitse-prezident eng yuqori davlat lavozimiga nomzodini qo‘yishga rozi bo‘ldi. 

Amaldagi davlat rahbari bu qarorni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlarini ko‘zlab qabul qilganini alohida ta’kidladi. 

Mavzuga oid