Jahon | 15:44 / 08.08.2024
2278
2 daqiqa o‘qiladi

Makron Netanyahu bilan Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan keskinlikni muhokama qildi

Fransiya prezidenti Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqot qildi.

Foto: AFP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan Yaqin Sharqda, ayniqsa Livan va Isroil chegarasida kuchayib borayotgan keskinlikni muhokama qildi.

Yelisey saroyi bayonotida Makronning telefon suhbati chog‘ida Fransiya mintaqada harbiy taranglik kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka qat’iy qaror qilganini bildirgani ta’kidlanadi.

Fransiya rahbari Netanyahuni mintaqa va uning aholisi barqarorligiga rahna soladigan «qasos olish sikli mantig‘idan» qochishga chaqirdi.

«Isroil va Livan chegarasida keskinlik kuchaygan holda, mintaqada mojaroning oldini olish uchun BMT Xavfsizlik kengashi 1071-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq Moviy chiziqda (Isroil va Livan o‘rtasidagi chegara chizig‘i) barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish kerak. Isroil va Livan o‘rtasidagi urush butun mintaqa uchun falokatli oqibatlarga olib keladi», — dedi Makron.

Fransiya prezidenti Netanyahuga Fransiyaning eng muhim vazifasi G‘azoda o‘t ochishni tezda to‘xtatish, mahbuslarni ozod qilish va g‘azoliklar uchun gumanitar yordamdan keng va to‘siqsiz foydalanishni ta’minlash ekanligini aytdi.

Makron mintaqadagi ikki davlat tamoyili asosida mojaroni hal qilish uchun sheriklar bilan siyosiy konsensus izlashda davom etishini aytdi.

Yelisey saroyi bayonotida Netanyahu va Makron mintaqada keskinlik kuchayganligi sababli yaqin aloqada bo‘lishga qaror qilganliklari ta’kidlanadi.

Mavzuga oid