Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polshada Nikolay Kopernikka tegishli bo‘lgan 500 yillik artefakt topildi
Kopernik aynan shu o‘lkada o‘zining asosiy kashfiyotlarini amalga oshirgan, shuningdek, koinot markazida Yer emas, Quyosh joylashganiga oid nazariyasini takomillashtirgan.
Polshada mashhur astronom Nikolay Kopernikka tegishli bo‘lgan 500 yillik sirkul topildi, deb xabar beradi Daily Mail.
Mis qotishmasidan tayyorlangan sirkul havaskor arxeologlar tomonidan topilgan. Ishqibozlar ushbu kashfiyotni georadar yordamida XIV asrga tegishli Frombork qal’asi hududini skaner qilish vaqtida amalga oshirgan.
Aynan shu yerda astronom o‘zining asosiy kashfiyotlarini amalga oshirgan, shuningdek, koinot markazida Yer emas, Quyosh joylashganiga oid nazariyasini takomillashtirgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu sirkul Yan Mateykoning «Kopernik. Xudo bilan suhbat» kartinasida tasvirlangan. Artefakt oxirgi 500 yil davomida qal’a bog‘lari ichida yotgan.

«Nikolay Kopernik o‘zining astronomik kuzatuvlarini amalga oshirgan bog‘dan XVI asr boshlariga tegishli sirkulni topdik», — deb yozadi Treasure Mission guruhi.
O‘z navbatida havaskor arxeologlar mutaxassislarga murojaat qilgan bo‘lib, ular topilgan sirkuldan astronomik tadqiqotlar uchun muhim bo‘lgan aniq o‘lchovlarda foydalanilganini tasdiqlagan.
Afsonalarga ko‘ra, astronom Kopernik qal’adagi shaxsiy xonasiga borishda maxfiy tunneldan foydalangan. Ushbu sirkul aynan shu yerdan topilgani aytilmoqda. «Tsirkul Kopernikning o‘ziga tegishli bo‘lgan bo‘lishi mumkin», — deydi Nikolay Kopernik nomidagi muzey eksperti Zoryana Polenik.
Kopernik 1520 yilda Tevton ordeni bilan yuz bergan urushda Polshadan qochib ketgan, ammo keyinroq qaytib kelib, «Osmon jismlarining aylanishi haqida»gi kitobini yozgan. Kopernik mehnatlari uning o‘limidan keyin, 1543 yil martida e’lon qilingan va uni zamonaviy ilm-fan otalaridan biriga aylantirgan. 1616 yilda esa katoliklar cherkovi Kopernik ishlarini bid’at deya hisoblab, uni taqiqlagan.
2008 yilda DNK-test orqali qal’a poydevori ostidan topilgan skelet astronomga tegishli ekani tasdiqlangan. Olimning qoldiqlari qal’a soboriga qayta ko‘milgan.
Topilgan sirkul Polshaga ekspertiza uchun yuborilishi rejalashtirilgan.