Xitoyda protez tayyorlash uchun krematoriylardan 4 ming murda o‘g‘irlangani ma’lum bo‘ldi
Mamlakat politsiyasi jinoiy to‘da ishini tergov qilish jarayonida 75 kishini qo‘lga olgan.
Xitoyda tibbiy protezlar tayyorlash uchun krematoriy va tibbiyot laboratoriyalaridan murdalarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh fosh etildi. Qo‘lga olingunga qadar jinoyatchilar 4 mingga yaqin murdani o‘g‘irlab, ushbu noqonuniy biznes orqali 53 million dollarga yaqin pul ishlashga ulgurgan, deb yozadi SCMP.
Beijing Brave Lawers yuridik firmasi yuristining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Shensi viloyatining shimoliy poytaxti — Tayyuan shahri politsiyasi murdalarning o‘g‘irlanishiga bog‘liq jinoyatni tergov qilmoqda. Murdalar suyaklaridan allogen suyak transplantatlarini tayyorlashda foydalanilgan, o‘z navbatida ular tishlar, suyak va bo‘g‘imlarni davolashda ishlatiladi. Ta’kidlanishicha, Shanxi Aorui Biomaterials kompaniyasi Sichuan va Shandun viloyatlari, shuningdek, Guansi-Zhuang avtonom tumanidan murdalar va ularning qo‘l-oyoqlarini noqonuniy sotib olib kelgan.
Tayyuan prokuraturasi vakillari rostdan ham tergov ishlari olib borilayotganini ma’lum qilib, jinoiy guruh «foyda ko‘rish maqsadida murdalarni o‘g‘irlash va sotish bilan shug‘ullanganini» tasdiqlagan. Shu bilan birga, idora vaziyat bo‘yicha batafsil ma’lumot berishdan bosh tortgan.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya Shanxi Aorui Biomaterials’da tintuv o‘tkazganida 18 tonnadan ortiq suyaklar va 34 mingdan ortiq yarimtayyor hamda tayyor mahsulotlarini ashyoviy dalil sifatida olgan. Shuningdek, kompaniya direktori Xitoyning to‘rtta viloyatidagi krematoriylardan 4 mingdan ortiq inson jasadlarini o‘g‘irlaganini tan olgan. Tergov davomida jami 75 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
O‘tgan yilning yanvarida AQShdagi Sunset Mesa dafn qilish byurosi egalari 46 yoshli Megan Xess hamda uning 69 yoshli onasi Shirli Kox o‘lgan insonlar organlarini sotganlikda ayblanib, mos ravishda 20 va 15 yil muddatda ozodlikda etilgandi. Tergov versiyasiga ko‘ra, ular bir necha yuz jasadni marhumlarning yaqinlari roziligisiz sotib yuborgan.
Mavzuga oid
21:19 / 29.12.2024
Xitoy tug‘ilishni rag‘batlantirish uchun yolg‘iz odamlarga ko‘mak dasturini ishga tushirdi
17:54 / 29.12.2024
Xitoy Tibet janubida dunyodagi eng yirik GESni qurmoqchi. Aholi, Hindiston va ekologlar qarshi
22:05 / 27.12.2024
Xitoyda mashinasida 35 kishining umriga zomin bo‘lgan haydovchi o‘limga hukm qilindi
20:00 / 27.12.2024