Sport | 22:42 / 16.08.2024
5281
2 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Siti» moliyaviy qoidabuzarliklar tufayli quyi ligaga ravona bo‘lishi mumkin – OAV

APL rahbariyati klubni noto‘g‘ri moliyaviy ma’lumotlarni taqdim etish, tergov bilan hamkorlik qilmaganlik, halol o‘yin va moliyaviy barqarorlik qoidalariga rioya qilmaganlikda ayblamoqda.

Foto: The New York Times

Angliyaning «Manchester Siti» klubi moliyaviy qoidabuzarliklar tufayli 70-80 ochkodan mahrum qilinishi mumkin. Bu esa jamoani muqarrar ravishda quyi ligaga ravona qiladi, deb yozdi The New York Times (NYT) o‘z manbalariga tayanib.

Qayd qilinishicha, Angliya Premyyer-ligasi (APL) rahbariyati klubni 100 dan ortiq moliyaviy qoidabuzarliklarda gumon qilmoqda. Bu haqda Premyyer-liga klublaridan birining rahbari nashrga ma’lum qilgan.

«Men eshitgan jamoaviy fikr shuki, klub ochkolarni sezilarli darajada kamaytiradigan tarzda jazolanishi kerak. Gap 70-80 ochko haqida ketmoqda - bu «Manchester Siti»ni Chempionshipda (quyi ligada) bir mavsum o‘tkazishini kafolatlaydi», dedi manba.

Premyyer-liganing yana bir taniqli arbobi jazo qattiqroq bo‘lishini aytgan - ochkolar ketma-ket uch mavsum davomida olib tashlanishi mumkin, ya’ni klubning Chempionlar Ligasiga yo‘llanma olish imkoniyati keskin cheklanadi.

Avvalroq Daily Mail nashri «Manchester Siti» ishi bo‘yicha tinglovlar 2024 yil kuzida boshlanishi, hukm esa 2025 yil bahorida e’lon qilinishi haqida xabar bergan edi.

Avvalroq, APL «Manchester Siti» klubi 2008 yilda City Football Group tomonidan sotib olinganidan keyin, yuzdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlanganini e’lon qilgan edi. Liganing da’volari orasida noto‘g‘ri moliyaviy ma’lumotlarni taqdim etish, tergov bilan hamkorlik qilmaganlik, jamoani Roberto Manchini boshqargan 2009 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davrda murabbiylarga to‘langan mukofot pullarini oshkor etmaganlik, 2013 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda halol o‘yin va moliyaviy barqarorlik qoidalariga rioya qilmaganlik kabilar bor. «Manchester Siti» barcha ayblovlarni rad etib kelmoqda.

Mavzuga oid