Jahon | 11:53 / 18.08.2024
25442
4 daqiqa o‘qiladi

Aktyor Alen Delon vafot etdi

U o‘tgan asrning ikkinchi yarmida dunyodagi eng taniqli aktyorlardan biri bo‘lgandi.

Foto: Getty Images

Fransuz aktyor Alen Delon 18 avgust kuni 88 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqdagi ma’lumotni uning farzandlari AFP agentligiga tasdiqlagan. Xabarda o‘lim sababi keltirilmagan.

«Alen Faben, Annushka, Entoni, shuningdek [uning iti] Lubo ulkan anduh bilan o‘z otasi ketgani haqida ma’lum qiladi. U Dushidagi o‘z uyida, o‘zining uch farzandi qurshovida qiynalmasdan abadiy uyquga ketdi», — deyilgan xabarda.

2019 yilda insultni boshdan kechirgan Alen Delon Shveytsariyaning L'Illustre nashriga evtanaziya qilishga qarshi emasligini aytgandi. «Men o‘zimiz yashayotgan davrdan nafratlanaman, bu mening ko‘nglimni ozdiradi», — degandi u 2018 yilda.

Alen Delon rafiqasi Natali va o‘g‘li Entoni bilan, 1965 yil 15 avgust.
Foto: Keystone / Hulton Archive / Getty Images

Alen Delon 1935 yil 8 noyabrda, Parij chekkasida tug‘ilgan. Uni bir necha marta maktab va internatlardan haydashgan, 17 yoshida u Hindixitoyga dengizchi sifatida xizmat qilishga yo‘l olgan, besh yil o‘tib Fransiyaga qaytgan. Delon o‘z kasbini ko‘p marta o‘zgartirgan: yuk tashuvchi, ofitsiant, barmen bo‘lgan, 1957 yilda uning qobiliyatini payqab qolib, «Ayol aralashganda» (Quand la femme s'en mêle) kartinasidan rol taklif etishganidan keyin aktyorga aylangan.

Alen Delon, «Ayol aralashganda» filmidan kadr (1957).
Foto: Cino del Duca

Ekranlardagi debyutidan uch yil o‘tib esa Delon «Rokko va uning birodarlari» (Rocco e i suoi fratelli) kriminal dramasidagi ijrosi uchun butun dunyoga tanilgan.

Lukino Viskonti va Alen Delon "Rokko va uning birodarlari" filmini suratga olish chog‘ida

Uning filmografiyasidan 80 ga yaqin kinofilmlar o‘rin olgan, ular sirasida «Yorqin quyoshda» (Plein Soleil), «Leopard», «Qora lola» (La tulipe noire), «Hovuz» (La piscine), «Mese Klyayn», «Samuray» (1967), «Borsalino» (1970), «Zorro» (1975) kabilarni sanash mumkin. Delon Lukino Viskonti, Jan-Lyuk Godar, Jan-Piyer Melvil, Mikelanjyelo Antonioni va Lui Mal kabi rejissyorlar bilan ishlagan.

Xizmat yillarida orttirilgan ko‘nikmalar Delonga "Yo‘qolgan otryad" kartinasi ustida ishlash chog‘ida qo‘l keladi, unda u Klaudiya Kardinale bilan birgalikda suratga tushgan

U shuningdek seriallarda rollar ijro etgan, rejissyor va prodyuserlik qilgan. Bundan tashqari, Delon bir qancha musiqiy kompozitsiyalar, asosan duetlar, jumladan Dalida bilan «Paroles… Paroles…» qo‘shig‘ini chiqargan.

Uning faoliyati xalqaro kinofestivallarda ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan, jumladan fransuzlarning «Sezar» milliy kinomukofoti, Amerikaning «Oltin globusi». Delon — Faxriy legion ordeni kavaleri edi.

2017 yil mayida Delon kinokarerasi yakunlanganini e’lon qilgandi. «Men, xuddi ortiqcha jang o‘tkazishni istamaydigan bokschi kabi ortiqcha filmlarda suratga tushishni istamayman», — deya izohlagandi u.

Uning barcha farzandlari kino va teatr aktyorlari bo‘lishgan.

Mavzuga oid