Jahon | 00:32 / 18.08.2024
3265
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya birinchi harbiy sun’iy yo‘ldoshini orbitaga uchirdi

Mazkur sun’iy yo‘ldoshdan nafaqat harbiy operatsiyalarda, balki davlat ahamiyatiga ega boshqa masalalar, jumladan, tabiiy ofatlarni monitoring qilish, kartografik ma’lumotlarni ishlab chiqishda foydalanish mumkin.

Foto: The Financial

Buyuk Britaniya kunduzi Yer yuzasini foto va video tasvirga olish uchun mo‘ljallangan birinchi harbiy sun’iy yo‘ldoshni orbitaga uchirdi. Bu haqda mamlakat Kosmik qo‘mondonligi xabar berdi.

Tyche nomini olgan sun’iy yo‘ldosh Buyuk Britaniyaning razvedka va kuzatuv imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.

«Ukraina mojarosi kosmosdan foydalanish harbiy operatsiyalarda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi», — deyiladi xabarda. Tyche — mamlakat Mudofaa vazirligi tomonidan 2031 yilga borib orbitaga uchiriladigan sun’iy yo‘ldoshlar to‘plami dasturdagi birinchi sun’iy yo‘ldoshdir.

Mazkur sun’iy yo‘ldoshlardan nafaqat harbiy operatsiyalarda, balki davlat ahamiyatiga ega boshqa masalalar, jumladan, tabiiy ofatlarni monitoring qilish, kartografik ma’lumotlarni ishlab chiqishda foydalanish mumkin.

Buyuk Britaniyada yaratilgan va yig‘ilgan 22 million funt sterlingli sun’iy yo‘ldosh to‘liq Mudofaa vazirligiga tegishli bo‘lgan birinchi kosmik apparat hisoblanadi.

O‘lchami kir yuvish mashinasidek keladigan Tyche sun’iy yo‘ldoshining ilk signallari parvozdan bir necha soat o‘tib kela boshlagan.

Mavzuga oid