Tinchlik sari yo‘l yo boshi berk ko‘cha? - ekspertlar Kurskdagi janglar haqida
Ukraina qo‘shinlarining Rossiyaning Kursk oblastidagi odimlashi ikki haftadan buyon davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari o‘zlari egallab olgan hududlarni ushlab turish niyatida. Xo‘sh, bu operatsiya tinchlik muzokaralarini yaqinlashtira oladimi? Deutsche Welle shu savol bilan ekspertlarga murojaat qildi.
Ukraina armiyasi ikki haftadan buyon Kursk oblastida platsdarmni kengaytirmoqda. Ukrainalik harbiylar Rossiyaning bir necha yuz kilometr kvadrat hududini www.dw.com/ru/zelenskij-vsu-kontroliruut-92-naselennyh-punkta-v-kurskoj-oblasti/a-69986225 ushlab turgani aniq. Harbiylarning joylardagi harakatlari hamda Kiyevdagi hokimiyatning bayonotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari o‘zlari egallagan hududlarni tark etmoqchi emas. DW murojaat qilgan ekspertlar ham Kursk ostonasidagi odimlash har ikki mamlakatda emotsional fonni sezilarli o‘zgartirgani, garchi yaqin istiqbolda bo‘lmasa ham, sulh muzokaralari imkoniyatini oshirganini qayd etdi.
Kiyevdagi nekbinlik va Moskvadagi umidsizlanish
Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishlari ukrainlar o‘rtasida optimizm ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi, deydi ukrainalik siyosatshunos, “Penta” amaliy siyosiy tadqiqotlar markazi rahbari Volodimir Fesenko.
“Odamlar bu urush tez orada tugashiga xizmat qilmasligini tushunib turishibdi, albatta. Turlicha talqinlar bor, lekin ko‘pchilik uchun shunday reaksiya xarakterli — biroq Ukraina qo‘shinlarining chekinishi, og‘ir janglar, front va front ortidagi ko‘plab muammolar, norozilik va umidsizlik uchun sabablar ko‘p bo‘lgan uzoq davrdan so‘ng Ukraina qo‘shinlarining hujumga o‘tishi, boz ustiga Rossiya hududiga kirib borishi optimizm uchun sabab bo‘ldi”, — deydi Fesenko.
Shuning teskarisini Kremlda kuzatish mumkin, deydi rossiyalik siyosatshunos Abbos Gallyamov: “Umidsizlanish, depressiya va kuchlarning majolsizlanishi — hozir shunday kayfiyat hukmron”. Gallyamovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada ko‘pchilik aksincha, “hech qanday yorqin istiqbol yo‘qligi”ni anglab yetgan. Kremldagi kayfiyatni tasvirlashga urinar ekan, Gallyamov Ukraina QKning Kursk oblastiga kirib kelishi yoqimsiz syurpriz bo‘lganiga ishonchi komilligini aytadi.
“Ukrainlar charchab qolganini namoyish etib, aldayotgan bo‘lib chiqdi, aslida esa qanotdan mana shunday shafqatsiz zarba berdi”, natijada “hech qanday zaxira yo‘qligi” ochilib qoldi.
“Shu paytgacha chegaralar qandaydir usulda qo‘riqlanayotganidan umid qilib turilgani. Aslida esa, bor narsaning hammasi Donbassga tashlangani ma’lum bo‘ldi, hamma narsani yig‘ib ham katta yo‘qotishlar va resurslarning taranglashishi evaziga juda sekin siljiyapmiz, qolgan narsalar esa… Bundan kelib chiqadiki, aslida toliqib qolgan Ukraina emas, Rossiya so‘nggi nafasida harakat qilmoqda. Endi nima qilish kerakligi mutlaqo tushunarsiz”, — degan Gallyamov.
“Rossiya jamiyatidagi kayfiyatga ta’sir qilishga urinish”
Ukraina hokimiyati ko‘proq aynan shu maqsadni ko‘zlagan, deydi Volodimir Fesenko, ya’ni Rossiya jamiyatidagi kayfiyatga ta’sir o‘tkazishga urinib ko‘rish.
“O‘zimdan qo‘shib aytaman, jiddiy kuzatuvchilar Rossiya jamiyatiga ta’sir o‘tkazish yagona reaksiyaga olib kelmaydi. Bir tomondan, kimlardadir bu Ukrainaga nisbatan agressiya va nafrat uyg‘otadi, urushni yanada kuchaytirishga va oxirigacha olib borishga chorlovlar bo‘ladi, ikkinchi tomondan, jamiyatning bir qismi, ayniqsa chegara oldida hududlarida yashovchilar va boshqalar nafaqat urush ko‘lami kengayib borayotganini anglab yetadi, shuningdek, bu urushni ertami-kechmi yakunlash kerak, degan to‘xtamga keladi”, — degan Fesenko.
Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga yurish qilishi bir necha maqsadlarni ko‘zlagan, jumladan tashabbusga ega bo‘lish, degan ukrainalik siyosatshunos.
“Nechog‘lik parodoks bo‘lmasin, Ukraina hududida bunga erishish qiyin, qariyb imkonsiz, chunki janubda mudofaa inshootlarining eshelonlangan tizimlari joylashtirib chiqilgan, o‘tgan yilning yozida uni yorib o‘tishga muvaffaq bo‘linmadi, endi esa bu ish yanada qiyinlashgan. Sharqda, Donetsk yo‘nalishida Rossiya qo‘shinlari katta tashabbusga ega bo‘lib turishibdi, u yerda qarshi hujum haqida o‘ylashga fursat ham yo‘q, ularni to‘xtatishning o‘zi katta masala”, — deya tahlil qilgan Fesenko.
“Almashinish” va sulh muzokaralari mumkinmi?
Har ikkila ekspert Ukraina QKning Rossiya hududidagi odimlashidan ko‘zlangan asosiy maqsad — boshqa davlat hududida platsdarm saqlab turish va shu yo‘l bilan ehtimolli bo‘lg‘usi muzokaralarda Ukrainaning pozitsiyalarini kuchaytirishdan iborat.
Gallyamov Ukraina QK tomonidan Rossiya hududining egallanishini “bu shunchaki qo‘shimcha kuzir” deb atagan. “Yigitlar, Kursk oblastini qaytarib olmoqchimisizlar, bizdan olgan yerlaringni qaytarib beringlar, deyiladi. Bu kundek ravshan”, — deya qo‘shimcha qiladi Gallyamov.
Fesenko esa “Ukraina qo‘shinlari Kursk oblastidan chiqib ketishni Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv oblastidan chekinishiga ayirboshlashi mumkinligini” ta’kidlagan. Uning fikricha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning yakuniga ko‘ra “kelishish mumkin bo‘lgan maksimum narsa — frontning ma’lum bir chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish” bo‘ladi.
“Rossiya va Ukraina o‘rtasida qandaydir yirik, tizimli kelishuv imkoniyati”ga Fesenko ishonmaydi. Unga ko‘ra, bu borada asosiy muammo “Rossiya egallab olib, anneksiya qilgan Ukrainaning okkupatsiya ostidagi hududlari statusi bilan bog‘liq asosiy va muammoli masala” bo‘yicha yagona to‘xtamga kelib bo‘lmasligida. Fesenko paydo bo‘lgan vaziyatdan chiqish yo‘li yo‘q, deb ta’riflamoqda.
“Ayrim sharhlovchilar nima deb yozmasin, Rossiya bizga hech narsani qaytarib bermaydi, chunki hududlarni o‘z tarkibiga qo‘shib bo‘lgan. Biz esa na Qrimning, na Donbassning, ayniqsa, Zaporijjya va Xerson oblastlarining, to‘g‘rirog‘i, ularning Rossiya kuchlari tomonidan egallab olingan qismining rossiyacha statusiga ko‘namiz. Bu yerda vaziyat to‘liq boshi berk ko‘chaga kirib qolgan”, — deydi Fesenko. Front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish Ukrainaning Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududlaridan voz kechishini anglatmaydi: “Biz 10 yil davomida Qrimni, Donbassning katta qismini nazorat qilmayapmiz, lekin bu ulardan voz kechganimizni anglatmaydi-ku?”
Muzokalar bo‘ladi, lekin “aniq” hozir emas
Yaqin haftalarda, hattoki oylarda ham Fesenko sulh muzokaralarini “aniq” kutmayapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga birinchi sabab Rossiya Kursk oblastining bir qismini yo‘qotgani uchun javob berishga intilishidir.
“Toki bu masala yechilmas ekan, muzokara bo‘lmaydi. Yoki uni yechish imkoniyati yo‘qligi anglashilsa, biroz vaqt o‘tib uni almashish kerak, degan xulosaga kelinadi. Lekin bungacha hali uzoq”, — degan Fesenko.
Fesenkoning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi sabab Putin AQShdagi saylovlar natijasini kutmoqda.
“Axir Putin Ukraina bilan emas, ko‘proq amerikaliklar bilan kelishmoqchi. Albatta, hokimiyatga kelishini kutadi. Tramp g‘olib bo‘lsa bir strategiyadan foydalaniladi, boz ustiga Tramp ham muzokaralarni istamoqda. Albatta, bu muzokaralar Rossiya shartlarida bo‘lmasligi aniq, lekin Rossiya uchun harna. Agar Kamala Harris g‘olib chiqsa, boshqacharoq strategiyadan foydalaniladi. Ehtimol, darhol muzokaralar o‘tkazish borasida to‘xtamga kelinmas. Biroq muzokaralarni boshlashga bo‘lgan urinishlar yil oxiridan avval bo‘lmaydi, real muzokaralar esa kelgusi yildan avvalroq boshlanmaydi”, — degan Volodimir Fesenko.
“Taktik jihatdan, albatta, hozir Putinga muzokaralarni boshlash qiyin, chunki hamma u majbur bo‘ldi deb o‘ylaydi, u esa prinsip jihatidan bu taassurotdan qochmoqda”, — deya qo‘shimcha qilgan Abbos Gallyamov. Uzoq muddatli istiqbol nuqtayi nazaridan, muzokara o‘tkazish imkoniyatlari darajasi oshdi, deb hisoblamoqda siyosatshunos. “Rossiyadagilarda Ukraina taslim bo‘ldi, degan illyuziyalar tug‘ilgandi, endi esa bu xato bo‘lgani to‘g‘risida degan tushuncha paydo bo‘ldi. Toki dushman istagan vaqtda kutilmagan zarba bera olishini anglab yetgan ekan, bu holat kishini muzokaralar sari majburlaydi”, — deya tahlil qiladi Gallyamov.
Biroq muzokaralar o‘tkazilishi uchun potensial vositachilarning, jumladan emotsional boshi berk ko‘chadan chiqarish bo‘yicha ham faol harakati talab etiladi, deydi Fesenko.
“Axir Rossiya muzokaralar uning shartlari bo‘yicha o‘tishini istagandi va umid qilgandi, boz ustiga, Moskvadagilar Ukraina bu muzokaralarga rozi bo‘lmasligini tushunmasdi. Endi Putin bir fikrga kelishi kerak: yo muzokaralar teng sharoitlarda, ultimatumlarsiz o‘tadi, yoki urush davom etadi, jumladan Rossiya hududida ham. Hozir vaziyat yetarli tarzda, jumladan emotsional boshi berk ko‘chaga kirib qolgan”, — degan ekspert.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024