Jahon | 22:08 / 24.08.2024
3047
2 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston banklari AQSh sanksiyalaridan keyin «Zolotaya korona» orqali pul o‘tkazmalarini to‘xtatdi

TBC Bank o‘z ilovasidan «Zolotaya Korona»ni butunlay olib tashlagan, Rico servisi esa oldinroq amalga oshirilgan to‘lovlarni ko‘rsatmayapti.

Foto: Flickr

Gurjistonning bir nechta banki «Zolotaya korona» pul o‘tkazmalari tizimi bilan hamkorlikni to‘xtatdi. Bunga tizimni ishlab chiqargan kompaniyalardan biriga nisbatan sanksiyalar joriy etilgani sabab bo‘lmoqda.

«Foydalanuvchilarning ma’lum qilishicha, TBC Bank o‘z ilovasidan «Zolotaya Korona»ni butunlay olib tashlagan, Rico servisi esa oldinroq amalga oshirilgan to‘lovlarni ko‘rsatmayapti, Bank of Georgia bo‘lsa o‘tkazmalarni bekor qilib yubormoqda. Credo banki hozirda ishlab turibdi», — deyiladi xabarda.

Gurjiston hududida to‘lov tizimi taqiqlangani to‘g‘risida rasmiy ma’lumot e’lon qilinmadi. «Zolotaya korona» Rossiyadan Gurjistonga pul o‘tkazmalari soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.

Avvalroq AQSh Moliya vazirligi Rossiya moliya bozoridagi uchta kompaniyaga nisbatan sanksiyalar qo‘lladi — «Atol», «Diasoft» va «Moliyaviy texnologiyalar markazi» (MTM). Ushbu kompaniyalarning oxirgisi «Zolotaya korona» bilan bog‘langan. Mashhur to‘lov tizimi oldinlari MTM guruhida bo‘lgan.

MTM «Zolotaya korona»ning dasturiy ta’minotini, jumladan mobil ilovasini ishlab chiqqan. Kompaniya kartalar va pul o‘tkazmalari bilan ishlash, shu jumladan, tranzaksiyalar reyestrini shakllantirish hamda uni to‘lov tizimi va bankning operativ-kliring markaziga yo‘naltirish bo‘yicha «Zolotaya korona» bilan o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlab keladi.

Mavzuga oid