Fan-texnika | 21:14 / 24.08.2024
3334
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy sanoat robotlari bo‘yicha dunyodagi eng yirik bozor bo‘lib qolmoqda

2024 yil iyul holatiga ko‘ra, Xitoyda robotlar bilan bog‘liq 190 mingdan ortiq samarali patent olingan - bu butun dunyodagi patentlarning salkam uchdan ikki qismi demakdir.

Foto: Xinhua

Xitoy ketma-ket 11 yildan dunyodagi eng yirik sanoat robotlari bozori bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Xitoy sanoat va axborotlashtirish vaziri o‘rinbosari Sin Gobin Pekinda o‘tkazilgan Butunjahon robototexnika konferensiyasida ma’lum qildi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda Xitoyda sanoat robotlarini ishlab chiqarish hajmi 430 ming jamlanmaga yetgan, mamlakatda yangi o‘rnatilgan robotlar quvvati so‘nggi uch yil ichida jahon bozorining yarmidan ko‘pini tashkil etgan.

Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, Xitoy o‘n yillik jadal rivojlanishdan so‘ng global robototexnika o‘sishining kuchli rag‘batlantiruvchi omiliga aylangan.

Sin Gobinning ta’kidlashicha, o‘tgan yillar davomida Xitoy robototexnikasi innovatsiya va rivojlanish borasida, bionik texnologiyalarni tadqiq qilish va ishlab chiqishda yangi yutuqlarga erishgan.

2024 yil iyul holatiga ko‘ra, Xitoyda robotlar bilan bog‘liq 190 mingdan ortiq samarali patent olingan — bu butun dunyodagi patentlarning salkam uchdan ikki qismi demakdir.

Sin Gobinning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy turli sohalarda robotlarni o‘zlashtirishni rag‘batlantirib, «Robot plyus qo‘llash» tashabbusini rivojlantirmoqda. Oxirgi 10 yilda Xitoyning ishlab chiqarish sektorida har 10 ming ishchiga to‘g‘ri keladigan robotlar soni 49 tadan 470 taga ko‘paygan.

Xalqaro robototexnika konferensiyasi 21 avgust kuni Pekinda ochildi. Unda dunyoning turli davlatlaridan kelgan 169 ta kompaniya, jumladan Tesla va Siasun kabi gigantlar ham ishtirok etmoqda. Ishtirokchi kompaniyalar mehmonlarga 600 dan ortiq robotlarni namoyish etyapti.

Mavzuga oid