Markaziy Osiyoda xitoy diasporasi katta sur’atlarda oshmoqda - ekspert
“Bugungi kunda Tojikiston aholisining ko‘pchiligi Rossiyada ishlab yurgan bir vaqtda, Tojikistondagi katta-katta obektlarni asosan xitoyliklar quryapti. Qozog‘istonda esa hozirning o‘zida 600-700 ming xitoylik mavjud, 20 yildan keyin xitoyliklar Qozog‘istonda eng katta diasporaga aylanadi”, deydi professor Anvar Yo‘ldoshev.
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi navbatdagi sonida MO–XXR munosabatlarining nozik jihatlari tahlil va bahs obektiga aylandi.
Tarix fanlari doktori, siyosiy fanlar nomzodi Anvar Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning Markaziy Osiyoga iqtisodiy ko‘magi hajmi juda katta, buni inkor etib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, mintaqada qazilma boyliklarni o‘zlashtirish sohasida XXR kompaniyalarining o‘rni ortib bormoqda.
“Bugungi kunda Qozog‘iston neft-gaz sohasining 30 foizi, Qirg‘iziston oltin qazib chiqarish sohasining 70 foizi, Tojikistonning 80 foiz oltin qazib chiqarish sohasi xitoylik kompaniyalarning qo‘liga o‘tgan. Turkmaniston esa qarzlarining evaziga gaz beryapti Xitoyga”, – deydi u.
Professor Markaziy Osiyo davlatlarida Xitoy diasporasining oshib borayotgani haqida ham so‘z yuritdi.
“Bugungi kunda Tojikiston aholisining ko‘pchiligi Rossiyada ishlab yurgan bir vaqtda, Tojikistondagi katta-katta obektlarni asosan xitoyliklar quryapti. Qozog‘istonda esa hozirning o‘zida 600-700 ming xitoylik mavjud, 10 yildan keyin ularning soni 3 barobarga oshadi, 20 yildan keyin xitoyliklar Qozog‘istonda eng katta diasporaga aylanadi”, – dedi Anvar Yo‘ldoshev.
Siyosiy tahlilchi Shuhrat Rasul tabiiy boyliklarni o‘zlashtirish uchun eng qulay shartlardagi taklifni Xitoy kompaniyalari berishini ta’kidladi.
“O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston singari davlatlardagi tabiiy resurslarni o‘zlashtirish uchun ma’lum salohiyat kerak. Bu salohiyat yo g‘arbda, yo Xitoyda bor. Boshqa hech kimda yo‘q. Mana shu ikkita dilemmada, kim bizga yaxshi taklif bersa, shuni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ular olib ketib qolar ekan, desak, birinchidan, pulini to‘lab ketyapti. Ikkinchidan, o‘zimizda salohiyat yo‘q bo‘lsa... Qozoq, o‘zbek, qirg‘izlar mana 3 ming yildan beri eshak minib yuribmiz-ku, oyog‘imiz ostida milliard-milliard boylik borligini hatto bilmaymiz ham. Bu tabiiy boyliklarning hammasini hali ular devalvatsiya bo‘lmasdan turib chiqarib olib, foyda qilish to‘g‘ri emasmi? Neft ham devalvatsiya bo‘lyapti, 10 yildan keyin dunyoda neftning maqomi hozirgidek bo‘lmaydi.
British Petroleum, Shell kabi g‘arb kompaniyalari, yoki Xitoyning shunga o‘xshash o‘nga yaqin kompaniyasi – texnologiyalar faqat shularda. Bizda texnologiyamiz yo‘q bo‘lsa, injinerlik resurslarimiz yo‘q bo‘lsa, yana shu eshakni minib yuraverishimiz kerakmi?
Transmilliy kompaniyalarning standart shartlari bor. Sizda shuncha neft, shuncha gaz bor ekan, shuni o‘zlashtiraylik deydi. Keyin mahsulotni taqsimlashga kelgan paytda aytadi: mana, bizda texnologiyamiz, qurollarimiz bor, sizga masalan 25 foiz, bizga 75 foiz deydi. Yo‘q desangiz, burilib ketib qoladi. Xitoy kelsa ham shu gapni aytadi, Eni, TotalEnergies, Shell, BP kelsa ham shu gapni aytadi”, – deydi Shuhrat Rasul.
Mavzuga oid
18:27 / 02.11.2024
Xitoyda elektromobillar uchun g‘ildirakli poverbanklar ixtiro qilindi
14:09 / 02.11.2024
Xitoydagi shaharda kelin 35 yoshdan kichik bo‘lsa, nikohdan o‘tishda hukumat tomonidan pul to‘lanadi
10:23 / 02.11.2024
Xitoy O‘zbekistonda "yashil" texnologiyalar tadqiqot markazini barpo etishi mumkin
09:50 / 02.11.2024