Jahon | 23:18 / 06.09.2024
3147
2 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya bosh vaziriga o‘q uzgan yozuvchi o‘zining ozod etilishini so‘ramoqda

Tsintula Slovakiya Oliy sudiga quyi instansiya sudi qarori ustidan shikoyat kiritgan. Yozuvchi o‘z talabini to‘shakka mixlangan rafiqasi uyda uni kutib, yig‘layotgani bilan izohlamoqda.

Yuray Tsintula / Foto: Novy Cas

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga suiqasd uyushtirgan 72 yoshli yozuvchi Yuray Tsintula 15 maydan beri saqlanayotgan tergov hibsxonasidan o‘zini ozod etishlarini so‘ramoqda.

Qayd etilishicha, Tsintula Slovakiya Oliy sudida o‘zining sudgacha tergov hibsxonasida saqlashga qaror chiqargan quyi instansiya sudiga e’tiroz bildirmoqda. Yozuvchi o‘z talabini to‘shakka mixlangan rafiqasi uyda uni kutib, yig‘layotgani bilan izohlagan.

Ekspertlarning prognoziga ko‘ra, ayblanuvchining so‘rovi rad etiladi, chunki yozuvchi tomonidan amalga oshirilgan jinoyat terakt sifatida tasniflangan.

Fitso Gandlova shahrida amalga oshirilgan suiqasdda yaralanib, bir nechta operatsiyani o‘tkazdi va iyul oyida o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishga kirishdi.

Slovakiya hukumati rahbariga uyushtirilgan hujumdan keyin davlat amaldorlari, siyosatchilar va yetakchi OAV tahririyatlarida soqchilar xizmati kuchaytirildi.

Eslatib o‘tamiz, Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputova, Germaniya kansleri Olaf Shols, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen, shuningdek, boshqa Yevropa davlatlari rahbarlari Slovakiya bosh vaziriga qilingan hujumni qoralagan edi. 

Robert Fitso Slovakiya hukumati rahbari lavozimini 2023 yil oktyabr oyida o‘zining «Yo‘nalish – sotsial demokratiya» populistik partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng uchinchi marta egalladi. U bungacha 2006-2010 va 2012-2018 yillarda vazirlar mahkamasini boshqargan. Oxirgi kampaniya davomida va lavozimga saylanganidan keyin Fitso rossiyaparast pozitsiyani egalladi. 

Mavzuga oid