Jahon | 22:48 / 06.09.2024
3404
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandning yangi hukumati siyosiy notinchliklardan keyin qirolga qasamyod keltirdi

Avvalroq Tailand Konstitutsiyaviy sudi bosh vazir Settxa Txavisinni axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzganlikda aybdor deb topib, uni lavozimidan chetlatgan edi.

Foto: Reuters

Tailandning yangi bosh vaziri Petongtarn Chinavat hamda uning hukumati 6 sentabr kuni qasamyod qabul qildi.

Qayd etilishicha, 38 yoshli bosh vazir va Vazirlar Mahkamasining 35 nafar a’zosi Bangkokdagi saroyda o‘tkazilgan an’anaviy marosimda mamlakat qiroli Maxa Vachiralongkornga sadoqat qasamyodini keltirgan. Administratsiyaning siyosiy bayonotini yakunlash maqsadida Petongtarn boshchiligidagi hukumat 7 sentabr kuni o‘zining birinchi yig‘ilishini o‘tkazadi.

Qasamyod qabul qilish jarayoni hukumatni shakllantirish yo‘lidagi bir haftalik jarayonni yakunladi. Avvalroq Tailand Konstitutsiyaviy sudi bosh vazir Settxa Txavisinni axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzganlikda aybdor deb topib, uni lavozimidan chetlatgan edi.

Petongtarn Tailand sobiq bosh vaziri Taksin Chinavatning kenja qizi bo‘lib, parlament tomonidan Settxaning o‘rniga saylangan edi, Pxeu Txay partiyasi rahbarligi ostidagi yangi hukumat koalitsiyasi tarkibi deyarli oldingidek o‘zgarishsiz qolgan.

Petongtarn oldida murakkab vazifa turibdi — Tailand iqtisodiyotini jonlantirish va uning partiyasi boshchiligidagi to‘rtta oldingi hukumatni ag‘dargan harbiy to‘ntarishlar va sud aralashuvlaridan qochish.

Mamlakat moliyaviy bozori o‘tgan oy yirik muxolifat partiyasi tarqatib yuborilganida boshlangan siyosiy notinchlikning tugashini olqishladi. Petongtarn nomzodi 15 avgust kuni yangi yetakchi lavozimiga ilgari surilganidan keyin SET bazaviy indeksi qariyb 11 foizga, bat esa ushbu davr oralig‘iga 4 foizga ko‘tarildi — bu bir yildan ortiq vaqt davomida erishilgan eng yuqori darajadir.

Mavzuga oid