Kursk oblastining chegara hududdagi shaharlari va qishloqlari aholisi nisbatan xavfsizroq joylarga evakuatsiya bo‘lishni istamayapti, ular jumladan o‘z uylari rossiyalik harbiy xizmatchilar tomonidan talanishidan ham xavfsiramoqda. Odamlar armiyani obro‘sizlantirishda ayblanishdan qo‘rqib, front hududidagi talonchiliklar haqida o‘ta ehtiyotkorlik bilan shikoyat qilishmoqda. BBC rus xizmati jabrlanuvchilardan bir nechasi bilan gaplashgan.

Moskvalik Andreyning (ismi xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirilgan) qaynonasi Kursk oblasti Glushkovo rayonida yashagan, uning o‘limidan keyin u yerda rafiqasining akasi qolgan. «Men 18 avgust kuni allaqachon „Haymars“ ilma-teshik qilgan ko‘prik orqali o‘tdim. Harbiylardan qaytib ketish uchun qancha vaqtim borligini so‘radim. Ular menga ajablanib qaradi va umuman keta olmasligim mumkinligini ham aytishdi», — deya hikoya qiladi u.

Ukrain armiyasi Sudjani egallab, aviatsiya esa Seym daryosidan o‘tgan ko‘priklarni vayron qilgach, Glushkovo rayoni amalda Rossiyaning asosiy hududidan uzilib qoldi. Ushbu hudud Ukraina qurolli kuchlari tomonidan egallanishi xavfi saqlanib turibdi. Shunga qaramay, mahalliy aholi nisbatan xavfsiz joylarga evakuatsiya bo‘lishga shoshilmayapti, deydi Andrey.

«Men butun posyolkani aylanib chiqdim. Odam juda ko‘p. Itlar hurmoqda, och tovuqlar qoqolab yuribdi. Do‘konlarning oynalari singan. Hech qanday evakuatsiya bo‘lmagan! Bu yerdan birinchi navbatda butun rahbariyat surib qolgan», — deya posyolkadagi vaziyatni tasvirlaydi u.

Rasmiylar o‘z uylarini tark etganlar to‘g‘risida turlicha ma’lumot berishgan: vitse-premer Denis Manturov Kursk oblastining xavfli hududlaridan 115 ming kishi olib chiqilganini aytgan, gubernator vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov esa prezident Putin bilan yig‘ilish vaqtida 133 ming kishi evakuatsiya qilingani haqida ma’lumot bergandi.

Mahalliy aholi o‘z xo‘jaliklari va mulklarini tashlab ketishni xohlamaydi, Andreyning rafiqasining akasi ham barcha narsani talonchilarga qoldirmaslik uchun Glushkovoni tark etishni rejalashtirmagan. Harbiylar nima uchun talonchilikka qarshi kurashmayotgani to‘g‘risidagi savolga Andrey shunday javob qaytaradi: «Yaxshi savol. Aynan harbiylar talonchilik bilan mashg‘ul ekanidan xabaringiz yo‘qmi?» Keyin aniqlik kiritadi: «Men hech qachon ukrain propagandasini targ‘ib qilmayman. Ammo harbiylar talagan o‘sha do‘konlar qaysilar ekanini aniq bilaman».

23 avgust kuni «Pepel. Kursk» telegram-kanalida rossiyalik uch nafar harbiy xizmatchi Glushkovo rayoni Zvannoye qishlog‘ida Wildberries omborxonasini tunayotgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Undan bir necha kun oldinroq esa Checheniston Respublikasidan bo‘lgan ikki harbiy Glushkovoning o‘zida «Megafon» uyali telefonlar do‘koniga o‘g‘rilikka tushgandi.