O‘zbekiston | 13:05 / 11.09.2024
5248
3 daqiqa o‘qiladi

764 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari hisobotlarga qo‘shib yozilgan - Bosh prokuratura

Aholi bandligiga qaratilgan dasturlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 764 ming 723 ta yangi ish o‘rinlari hisobotlarga qo‘shib yozilgani aniqlandi. Bosh prokuratura aybdor shaxslar tegishli javobgarlikka tortilganini bildirdi. Shuningdek, 4,2 milliard so‘m ish haqi va nafaqa pullari talon-toroj qilingani yuzasidan 52 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hayot Shamsuddinov

11 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov Bosh prokurorning O‘zbekiston aholisiga yo‘llagan murojaatida qayd etilgan masalalar ijrosi yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, prokurorlar sektorlaridagi «Temir daftar»ga kiritilgan 5 mingdan ziyod oilalarga ko‘mak bergan. Jumladan, 181 nafarining uy-joyi ta’mirlanib, 57 nafariga yangi uy-joylar qurib berilishi ta’minlandi. «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 246 ming 673 nafar xotin-qizlar va 36 ming 687 nafar yoshlarning huquqlarini himoya qilish, ularning tashabbuslarini ko‘llab-quvvatlashga doir ishlar davom ettirilmoqda.

«O‘tgan davrda 3 ming 158 nafar yoshlarning ish bilan ta’minlanishida, 6 ming 277 nafariga ijaraga yer ajratilishida, 1 ming 526 nafarining tadbirkorlikka jalb etilishida, 5 ming 36 nafariga o‘zini o‘zi band qilishida, 4 ming 62 nafarining kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganish kurslarida o‘qitilishida, 9 ming 988 nafariga kontrakt puli to‘lab berilishida ko‘maklashildi», deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Shuningdek, aholi bandligiga qaratilgan dasturlar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 764 ming 723 ta yangi ish o‘rinlari hisobotlarga qo‘shib yozilganligi aniqlanib, aybdor shaxslar tegishli javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, 327 nafar ishchi-xizmatchilarning kechiktirilgan 2,3 mlrd so‘m ish haqlari undirib berilgan. Ish haqi va nafaqa pullarining 4,2 mlrd so‘mi talon-toroj qilingani aniqlanib, 52 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, tadbirkorlar va xorijiy investorlarning 15 ming 650 nafariga «Tez yordam» tamoyili asosida amaliy yordamlar ko‘rsatilgan: yer maydoni, litsenziya va boshqa muammolariga yechim berilgan.

«Natijada, faoliyat ko‘rsatmayotgan 5 ming 755 ta tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyati qayta tiklanishi hisobiga 7 mingdan ortiq ish o‘rinlari yo‘qotilishining oldi olindi», — deyiladi hisobotda.

Olib borilgan nazorat tadbirlarida qonunni buzgan 347 nafar shaxs intizomiy, 1 ming 520 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. 1 ming 909 nafar mansabdor shaxslar rasman ogohlantirildi, 196 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari tiklangan. Shuningdek, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 215 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, davlatga yetkazilgan 35 mlrd so‘m undirildi.

Mavzuga oid