Jahon | 12:40 / 19.09.2024
11769
4 daqiqa o‘qiladi

Wildberries ofisida sodir bo‘lgan otishma oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi

Wildberries egasi Tatyana Bakalchukning sobiq eri Moskvada marketpleys ofisiga kirishga uringanida otishma boshlandi. Otishma natijasida ikki kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi yaralandi.

Foto: Mixail Klimentev / TASS

18 sentabr, chorshanba kuni Moskvadagi «Romanov dvor» biznes markazida Wildberries marketpleysi ofisida yuz bergan otishma natijasida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Rossiya davlat agentligi TASS xabar berdi. Keyinchalik «RIA Novosti» va Forbes manbalari Wildberries ofisining ikkinchi yaralangan xavfsizlik xodimi vafot etganini ma’lum qildi. «RIA Novosti» va «Interfaks» huquq-tartibot idoralariga tayanib, uch jabrlanuvchi qurbon haqida xabar bermoqda. Ular orasida ikki nafar politsiyachi ham bor.

Shu kuni ertalab Wildberries RBK agentligiga «ofisga noqonuniy kirishga urinish bo‘lganini» aytdi. Wildberries egasi Tatyana Bakalchukning eri Vladislav Bakalchuk buni qo‘riqlash xizmati bilan amalga oshirishga harakat qildi. O‘zining Telegram-kanalida kompaniya egasi voqeani «reyderlik egallab olinishiga urinish» deb atadi.

O‘z navbatida, Bakalchuk vakili RBKga tadbirkor «keng ko‘lamli provokatsiya qurboni bo‘lganini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ofisga yangi Wildberries omborlari qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun kelgan, ammo «xavfsizlik xizmati va qurolli to‘qnashuvni qo‘zg‘atgan» noma’lum shaxslar tomonidan hujumga uchragan.

Telegramʼdagi «Ostorojno, novosti» kanali to‘qnashuvning boshlanishi aks etgan videoni e’lon qildi. Unda bir necha erkak biznes markazi binosiga kirishga urinayotgani va, ehtimol, qo‘riqchilar ularni ichkariga kiritmayotganini ko‘rish mumkin. OAV xabariga ko‘ra, hodisa natijasida 30 ga yaqin kishi qo‘lga olingan.

Tatyana va Vladislav Bakalchuk o‘rtasida Wildberries kompaniyasiga egalik qilish haqidagi bahs

Vladislav va Tatyana Bakalchuk o‘rtasida ajrashish jarayoni bir necha oydan beri davom etmoqda. Ushbu fonda Wildberries Russ reklama kompaniyasi bilan «raqamli savdo platformasini yaratish» uchun hamkorlik qilmoqda. RBK yozganidek, qo‘shilish natijasida «RVB» yuridik shaxsi paydo bo‘ldi, uning 65 foizi «Vayldberriz» MChJga va 35 foizi Russ egalik qiluvchi «Stinn» MChJga tegishli.

Vladislav Bakalchuk kompaniyalarning birlashishini reyderlik deb atadi va u biznes boshqaruvidan chetlashtirilganini aytdi. 2024 yil iyul oyida u Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bilan uchrashdi va Wildberries «ochiq va shafqatsiz reyderlikka» uchraganini aytdi. Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Tatyana Bakalchuk «reyderlar tomonidan eri va yetti farzandidan ajratib qo‘yilgan». «Er-xotinlar bir-birlarini ko‘rish va hech bo‘lmaganda nima bo‘layotganini muhokama qilish imkoniga ega emaslar», deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida va Bakalchukka yordam va’da qildi. Tatyana Bakalchukning so‘zlariga ko‘ra, Wildberries va Russ birlashishi oldindan rejalashtirilgan va eri Vladislav bilan kelishilgan.

O‘z navbatida, Forbes iyun oyida ikki kompaniyaning birlashishini Vladimir Putin qo‘llab-quvvatlagani va kelishuvni nazorat qilish Rossiya sobiq iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinga topshirilgani haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid