Jahon | 22:29 / 30.09.2024
7309
2 daqiqa o‘qiladi

Yahudiylar va forslar kelajakda tinch-totuvlikda yashaydi - Netanyahu Eron xalqiga murojaat qildi

Isroil bosh vaziri oddiy eronliklarni hukmron rejimga qarama-qarshi qo‘yib, mamlakat xalqi «bundan yaxshirog‘iga loyiq» ekanini va Eron rahbariyati ularni har kuni «jarlikka» yaqinlashtirayotganini aytdi.

Foto: GPO

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eron xalqiga videomurojaat qildi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.

«Har kuni Livanni himoya qilish, G‘azoni himoya qilish haqida jo‘shqin nutqlar qilayotgan, ammo sizni qullikka solayotgan rejimni ko‘rasiz. Biroq, bu rejim har kuni mintaqamizni zulmat va urushga botirmoqda», dedi bosh vazir ingliz tilidagi videomurojaatida.

Netanyahu oddiy eronliklarni hukmron rejimga qarama-qarshi qo‘yib, mamlakat xalqi «bundan yaxshirog‘iga loyiq» ekanini va Eron rahbariyati ularni har kuni «jarlikka» yaqinlashtirayotganini aytdi.

«Agar ular sizga g‘amxo‘rlik qilsalar, Yaqin Sharqdagi ma’nosiz urushlarga millionlab dollar sarflashni to‘xtatadilar. Tasavvur qiling-a, agar rejim yadro qurollari va xorijdagi urushlarga sarflagan pullar farzandlaringizning ta’limiga, sog‘liqni saqlash va infratuzilmaga yo‘naltirilsa», dedi Netanyahu.

Isroil bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, «Eron nihoyat ko‘pchilik o‘ylagandan ancha oldin ozod bo‘ladi», keyin esa «hamma narsa o‘zgaradi» va «ikki qadimgi xalq - yahudiylar va forslar tinch-totuvlikda yashaydi».

Netanyahu o‘z so‘zini yakunida «bir guruh mutaassib teokratlarning oddiy eronliklarning umid va orzularini yo‘q qilishiga yo‘l qo‘ymaslikka» chaqirdi.

Netanyahu o‘z bayonotini Isroilning Livandagi «Hizbulloh» pozitsiyalarini bombalashi fonida aytdi, uning asosiy himoyachisi Eron hisoblanadi.

Isroilning Bayrutga bergan havo hujumlaridan birida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari halok bo‘ldi. Eron buning uchun Isroildan qasos olishga va’da berdi.

Mavzuga oid