Isroilning Livan janubiga kirishi. «Hizbulloh» va Eron nima qilishi mumkin?
Ko‘p yillar mobaynida «Hizbulloh»ni boshqarib kelgan Hasan Nasrullohning o‘limi Yaqin Sharqda jiddiy eskalatsiyaga olib kelishi, mojaroga Eron va AQSh ham tortilishi mumkin.
Voqealar rivoji qanday kechadi? Bu savolga javob ko‘p jihatdan mintaqadagi uchta asosiy kuch nima qilishiga bog‘liq.
Isroil navbatdagi qadamni tashladi
Isroil mudofaa armiyasi 1 oktyabrga o‘tar kechasi Livan janubida quruqlik amaliyoti boshlaganini e’lon qildi. TsAHAL chegara hududlarda «Hizbulloh»ga qarshi «cheklangan» reydlar o‘tkazilishini bildirgan.
«Bir necha soat oldin Isroil mudofaa armiyasi Livan janubida aniq razvedka ma’lumotlari asosida „Hizbulloh“ning terrorchilik obektlari va infratuzilmalariga qarshi cheklangan, lokal va maqsadli quruqlik amaliyotini boshladi. Bu nishonlar chegara yaqinidagi qishloqlar bo‘ylab joylashgan va Isroil shimolidagi obshinalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solib turadi», — deyiladi bayonotda.
Isroil harbiy havo kuchlari va artilleriyasi mazkur hududdagi harbiy nishonlar bo‘ylab aniq zarbalar yo‘llagan holda quruqlik qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlamoqda, deya qo‘shimcha qilgan isroillik harbiylar.
Tongda TsAHAL vakili Livan janubida «Hizbulloh» bilan shiddatli janglar kechayotganini ma’lum qildi.
Livan xavfsizlik kuchlaridagi manba Reuters agentligiga Isroil bo‘linmalari tunda razvedka amaliyotlari uchun Livan chegarasini kesib o‘tganini tasdiqlagan. Livan qo‘shini chegara bo‘yidagi pozitsiyalaridan chekingan, deya qo‘shimcha qilgan nashr suhbatdoshi. Livan armiyasi azaldan Isroil bilan yirik mojarodan o‘zini chetga olib keladi.
30 oktyabr kuni OAV Isroil ikki haftalik havo zarbalaridan keyin mamlakatning «Hizbulloh» tomonidan muntazam ravishda o‘qqa tutib kelinadigan shimoliy hududlari xavfsizligini ta’minlash uchun Livan bilan chegarada quruqlik amaliyoti boshlashga tayyorligi haqida xabar bergandi.
Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant ham bunday ehtimolni istisno etmagandi. Amerika ma’muriyatidagi shaxsi oshkor etilmagan manba ham amaliyot dushanba kuni boshlanishi kutilayotganini aytgandi.
Dushanba kuni kechqurun Isroilda harbiy kabinet yig‘ilishi o‘tkazildi, mahalliy nashrlarga ko‘ra, unda «Hizbulloh»ga qarshi amaliyotning keyingi bosqichi tasdiqlangan.
AQSh Davlat departamenti vakili Mettyu Miller brifingda Isroil hukumati Vashingtonni «qator amaliyotlar», jumladan Livandagi quruqlik amaliyoti bo‘yicha xabardor qilganini aytgan.
«Ular bizga bu „Hizbulloh“ning chegara yaqinidagi infratuzilmalariga qarshi qaratilgan cheklangan amaliyot bo‘lishini aytishdi», — degan Miller.
Pentagondagilar AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin isroillik hamkasblari bilan muloqot qilgani, tomonlar «Hizbulloh» tomonidan hujumlarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun shimoliy chegaradagi «hujum infratuzilmalarini demontaj qilish zarurati haqida kelishib olgani»ni aytgan.
Shuningdek, Ostin «chegaraning ikki tomonida ham fuqarolar o‘z uylariga xavfsiz qaytishini kafolatlash uchun diplomatik yechim zarurligi»ni aytgan.
Isroilning so‘nggi haftalardagi aviazarbalari oqibatida «Hizbulloh»ning yuqori martabali ko‘plab mulozimlari, jumladan harakat yetakchisi Hasan Nasrulloh o‘ldirildi — u juma kuni kechqurun Bayrut janubiga tashlangan bombalar qurboni bo‘ldi.
Chegarada texnikalar to‘planishi
O‘tgan haftada Isroil AQSh va boshqa ittifoqchilardan iborat 12 mamlakatning Livanda uch haftalik sulh tuzish borasidagi taklifini e’tiborsiz qoldirgandi.
Isroil harbiy rahbariyati «Hizbulloh» hozirda noqulay holatdaligidan foydalanib qolish zarur deb hisoblamoqda.
Isroil harbiylariga aynan qanday vazifa qo‘yilgani haqida aniq gap aytish qiyin — «Hizbulloh»ni xuddi Hamas kabi butkul tor-mor etish yoki avvaliga shimoliy chegaralarga raketa zarbalari xavfini bartaraf etishga erishish.
Ammo «Hizbulloh» taslim bo‘lmas ekan, bu maqsadlarga quruqlik orqali amaliyot o‘tkazmasdan erishib bo‘lmaydi.
Dushanba kuni Galant Livan bilan chegarada turgan zirhli tank korpusi harbiylariga murojaat qildi. U shunday degan: «Nasrulloh yo‘q qilinishi — muhim qadam, ammo oxirgisi emas. Shimoliy hududlarimiz aholisi o‘z uylariga qaytishi uchun biz bor imkoniyatlarimizni harakatga keltiramiz, jumladan sizlarni ham».
Ko‘p o‘tmay TsAHAL Isroilning Livan bilan chegaradagi tumanlaridan birini harbiylardan boshqalar kirishi taqiqlangan yopiq hudud deb e’lon qildi. Bu uch tomoni Livan hududi bilan qurshalgan kichik bo‘rtiq hududdan iborat.
CNN telekompaniyasi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga asoslangan holda Livan bilan chegarada Isroilning 100 ga yaqin harbiy texnikalari, jumladan, tanklar va piyodalarning jangovar mashinalari (BMP) to‘plangani haqida xabar tarqatgan.
Diplomatiya uchun harbiy bosim
Axios portali isroillik mulozimlardan biriga asoslanib xabar berishicha, hukumat majlisi yig‘ilishida tasdiqlangan Livan bilan chegaradagi amaliyot vaqt tomondan ham, ko‘lami bo‘yicha ham cheklangan bo‘ladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Livanning janubiy hududlarini bosib olishni nazarda tutmaydi. Shu bilan birga, rasmiy shaxs Isroil qo‘shini Livan hududiga qanchalik chuqur kirib borishi va amaliyot qancha vaqt davom etishiga oydinlik kiritmadi, deya qayd etadi CNN.
Times of Israel nashri yozishicha, isroillik rasmiylar amerikalik hamkasblariga amaliyotning maqsadi — «Hizbulloh»ning Isroil shimoliy chegaralari bo‘ylab joylashgan pozitsiyalarini yo‘q qilib, guruh kuchlari BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga muvofiq Al-Litani daryosi ortiga olib ketilishi ko‘zda tutiladigan diplomatik kelishuv uchun sharoit hozirlash ekanini bildirgan.
Shaxsini ochiqlashni istamagan amerikalik mulozim nashr bilan suhbatda Oq uy bunday rejani to‘g‘ri tushunishi va qabul qilishi, ammo Vashington hamon Isroil armiyasi Livanda qolib ketishi va amaliyotni kengaytirishga majbur bo‘lishidan xavotirda ekanini aytgan.
Times of Israel nashrining Amerikadagi boshqa manbasi Isroil 1082 yilda ham Livanga bosqinni «cheklangan amaliyot» sifatida taqdim etgani, yakunda esa Livan janubi 18 yil davomida okkupatsiya qilib turilganini eslatgan.
«Biz ba’zida harbiy bosim diplomatiyaga yordam berishini tan olamiz. Bu to‘g‘ri. Harbiy bosim noto‘g‘ri hisob-kitoblarga olib kelishi mumkinligi ham haqiqat. Bu ko‘zda tutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin», — degan AQSh Davlat departamenti vakili.
Netanyahu Eron aholisiga murojaat qildi
Dushanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroilga qarshi kurashayotgan guruhlar — Livandagi «Hizbulloh», Falastindagi Hamas hamda Yamandagi husiychilarni qo‘llab-quvvatlab keladigan Eron aholisiga videomurojaat yo‘lladi.
X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga joylangan uch daqiqalik videoda Netanyahu Eron rahbarlarini muntazam ravishda tilida G‘azo sektori va Livanni himoya qilish haqida gapirib, amalda «bu rejim har kuni mintaqani yanada zulmatga, urushga chuqurroq botirayotgani»ni aytgan.
«Yaqin Sharqda Isroilning qo‘li yetmaydigan joy yo‘q. Biz xalqimiz va mamlakatimizni himoya qilish uchun bora olmaydigan joy yo‘q, — dedi isroilliklar bosh vaziri. — Rejim har soniyada sizni, fors xalqini halokat sari yetaklamoqda».
Netanyahu Eron «nihoyat ozod bo‘lganida» — va bu damlar «ayrimlar o‘ylaganidan ancha tezroq kelishi», — dunyodagi ikki qadimi xalq bo‘lmish eronliklar va isroilliklar tinch-totuvlikda yashashini qo‘shimcha qilgan.
«Eron har qachongidan farovonroq bo‘ladi. Kichik aqidaparast teokratik guruh orzularingiz va umidlaringizni puchga chiqarishiga yo‘l qo‘ymang. Siz yaxshirog‘iga loyiqsiz. Eron xalqi bilishi kerakki, Isroil siz bilan. Kelajagimiz tinch va farovon bo‘lsin», — degan Netanyahu.
«Hizbulloh» nima qiladi?
«Hizbulloh» hozir eng yaxshi holatida emas. Uning qo‘mondonlik tuzilmasi boshsiz qolgan, o‘nlab katta qo‘mondonlar o‘ldirilgan. Aloqa tizimi esa peyjyerlar va ratsiyalar portlashi oqibatida buzilgan, katta miqdordagi o‘q-dori zaxiralari aviazarbalar vaqtida yo‘q qilingan.
«Hasan Nasrullohning yo‘q qilinishi jiddiy oqibatlarga ega bo‘ladi, guruhni beqarorlashtirishi, yaqin istiqbolda uning siyosiy va harbiy strategiyasida o‘zgarish yasashi mumkin», — deb hisoblaydi Yaqin Sharqdagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha amerikalik tahlilchi Muhammad Al-Basha.
Isroil zarbalarining aksar qismi «Hizbulloh»ning Livan janubi va sharqidagi, shuningdek poytaxt Bayrutning janubiy chekkalaridagi guruhning tayanch qal’asiga berildi.
Dushanba kuni Bayrut markaziga dron zarbasi oqibatida guruh yana uch odamini yo‘qotgani ma’lum bo‘ldi.
Bu hujumlardan jabr ko‘rayotgan faqat «Hizbulloh» emas: Hamas ham guruhning Livandagi bo‘limi rahbari Fath Sharif Abu al-Amin Livan janubidagi Al-Bass qochqinlar lageriga yo‘llangan zarba oqibatida rafiqasi va ikki farzandi bilan birgalikda halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Ammo «Hizbulloh» qurolli kurashni to‘xtatib, Isroil shartlari bo‘yicha tinchlik jarayonlarini boshlashidan umid qilish o‘rinsiz.
«Hizbulloh» rahbari o‘rinbosari Naim Qosim guruh Isroil bosqinini qaytarishga tayyorligini aytib, urush uzoq cho‘zilishidan ogohlantirdi. U harakat yetakchisi Nasrulloh va qator qo‘mondonlar o‘limi guruh uchun jiddiy zarba bo‘lganini tan olgan, ammo uning harbiy imkoniyatlari avvalgidek ekanini ta’kidlagan.
U «Hizbulloh» «G‘azo va Falastinni qo‘llash, Livan hamda uning xalqini himoya qilish, shuningdek tinch aholi orasidagi qurbonlar uchun javob qaytarish uchun isroillik dushmanlarga qarshi turishda davom etishi»ni ta’kidlagan.
«Biz har qanday ssenariyga qarshi turamiz va agar Isroil quruqlik orqali kirishga qaror qilsa, qarshilik kuchlari quruqlikdagi to‘qnashuvlarga ham tayyor», — deya qo‘shimcha qilgan u.
«Hizbulloh» safida hamon minglab jangchilar bor, ulardan aksari Suriyadagi harbiy harakatlar faxriylari sanaladi. Shuningdek, guruh hamon raketalarning katta arsenaliga ega, ularning ko‘pchiligi — uzoq masofaga uchadigan, aniq yo‘naltiriladigan, Tel-Aviv va boshqa shaharlarga yetib bora oladigan raketalardir.
Guruh safida bu raketalarni Isroil aviatsiyasi yo‘q qilishidan oldin uchirish istagida bo‘lganlar soni ortib bormoqda.
Ammo agar «Hizbulloh» Isroil havo hujumidan mudofaa kuchlarini qiyin ahvolga solib qo‘yish uchun yopirilma raketa zarbalari yo‘llasa va bunga erishsa, katta ehtimol bilan Isroilning javobi yanada qat’iy bo‘ladi va Livandagi infratuzilmalar butunlay vayron qilinishi, bu hatto «Hizbulloh»ning homiysi Eronga ham tatbiq etilishi mumkin.
«Hizbulloh» ham Ikkinchi Livan urushidan keyingi 18 yil davomida keyingi urushga tayyorlanib kelgan. Nasrulloh o‘limidan oldingi oxirgi nutqida o‘z izdoshlariga Isroil Livan janubiga bostirib kirishi «tarixiy imkoniyat» bo‘lishini aytgandi.
Isroilliklar Livanga kirishi qiyin emas. Undan chiqish esa uzoqqa cho‘zilishi va murakkab vazifaga aylanishi mumkin — buni G‘azodagi harbiy amaliyot ham ko‘rsatmoqda.
Eron nima qilishi mumkin?
Nasrullohning o‘ldirilishi — «Hizbulloh»ga bo‘lgani kabi Eronga ham zarbadir. Eron besh kunlik motam e’lon qildi, shoshilinch tarzda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rib, suiqasd xavfini inobatga olgan holda oyatulloh Ali Xominaiyni xavfsiz joyga ko‘chirdi.
Eron haligacha iyul oyida Tehronda Hamas siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilganiga javob qaytarmadi. Nasrullohning o‘limi mamlakat rahbariyatidagi «qirg‘iylar»ning qasos olish ishtiyoqini kuchaytirdi.
Ammo hozircha Tehron xotirjamlik saqlashda davom etmoqda. Dushanba kuni mamlakat tashqi ishlar vazirligi Eron Livanga yoki G‘azoga Isroil yurishiga qarshi turish uchun o‘z harbiylarini yubormoqchi emasligini ma’lum qildi.
«Eron Islom respublikasi qo‘shimcha kuch yoki ko‘ngillilar yuborishiga zarurat yo‘q», — degan TIV vakili Nosir Kananiy va Livan hamda Falastin hududlaridagi jangchilar «o‘zini tajovuzdan himoya qilish uchun kuch va imkoniyatlarga egaligi»ni qo‘shimcha qilgan.
Tehron o‘z odatiga ko‘ra Isroil qasosdan qochib qutula olmasligiga va’da qildi.
Oliy rahnamo, davlat ishlaridagi oxirgi so‘zni aytuvchi oyatulloh Ali Xominaiy Nasrullohning o‘limi «behuda ketmasligi»ni va’da qildi, mamlakat vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif esa bu Isroil «yakson etilishi»ga olib borilishini aytdi.
Eron butun Yaqin Sharq bo‘ylab cho‘zilgan, «Qarshilik o‘qi» deb ataladigan, tish-tirnog‘igacha qurollangan jangarilardan iborat guruhlar tarmog‘ini tashkil etgan. «Hizbulloh»dan tashqari uni Yamandagi husiychilar va Suriya hamda Iroqdagi ko‘p sonli guruhlar ham qo‘llaydi.
Eron bu guruhlarga Isroilga va Amerikaning mintaqadagi bazalariga hujumlarni kuchaytirishni taklif etishi mumkin.
Ammo Eron qanday javob tanlamasin, bu mamlakat yengib chiqishi dargumon bo‘lgan urushga olib kelmaydigan qilib beriladi.
Mavzuga oid
17:49
Isroil G‘azo sektori shimolidagi harbiy harakatlarini davom ettirmoqda
14:35
The New York Times Hamasning 7 oktyabr kungi hujumdan oldingi uchrashuvlari protokollarini qo‘lga kiritdi
17:41 / 12.10.2024
Shols: Germaniya Isroilga qurol yetkazib berishda davom etadi
16:19 / 12.10.2024