O‘zbekiston | 19:38 / 02.10.2024
64627
6 daqiqa o‘qiladi

Oktyabrda qanday ob-havo kutilayotgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda oktyabr oyi iliq ob-havo bilan boshlanadi, 5 oktyabrdan esa harorat foni pasaya boshlaydi, yomg‘ir yog‘adi. Oy davomida harorat kechalari +8…+15, kunduz kunlari +15…+28 daraja atrofida bo‘ladi. Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda bu yil oktyabr iliq ob-havo bilan boshlanadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Iqlimiy xususiyatlarga ko‘ra, oktyabr oyida o‘rtacha oylik havo harorati sentabr oyiga nisbatan 6–7 darajaga, respublika shimolida 8–9 darajaga past bo‘ladi. Hududning katta qismida oyning birinchi yarmida harorat kechalari +8…+11 darajani, ikkinchi yarmida esa +2…+7 darajani tashkil etadi.

Kunduzgi harorat odatda +23…+28 darajadan (eng iliq davrlarda +33…+35 daraja qiymatlariga yetadi) +10…+15 darajagacha o‘zgarib turadi.

«Albatta, har yili tabiat ob-havo sharoitlariga o‘z tuzatishlarini kiritadi va ba’zida haqiqiy harorat o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan (iqlim me’yori) sezilarli darajada farq qiladi. Shunday qilib, oktyabr oyida, ayniqsa, oyning ikkinchi yarmida, ba’zida birinchi kuzgi sovuqlar kuzatiladi», deyiladi hisobotda.

Meteorologik kuzatuvlarning 150 yildan ortiq tarixi davomida harorat kechalari –6…–11 darajagacha, shimolda –10…–15 darajagacha, Ustyurtda –22 darajagacha pasaygan yillar kuzatilgan. Toshkentda oktyabr oyida minimal harorat rekordi –11,2 darajani tashkil etgan, u 1909 yilda qayd etilgan edi.

Bunday past havo harorati faqat o‘tgan asrda kuzatilgan. Ushbu asrda oktyabr oyidagi harorat 2–4 daraja sovuqdan pastga tushmadi. Faqat respublikaning shimolida 2014 va 2016 yillarda havo harorati –6…–11 daraja sovuqqacha pasaydi, Ustyurtda –15 daraja sovuq bo‘ldi.

Minimal harorat rekordlaridan farqli, O‘zbekistonning bir qator hududlarida maksimal harorat rekordlari shu asrda o‘rnatildi.

Respublika hududining katta qismida meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun oktyabr oyidagi eng yuqori harorat ko‘rsatkichlari +37…+38 darajani, shimolda va Farg‘ona vodiysida +32…+35 darajani tashkil etdi.

Iqlim me’yoriga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida oktyabr oyida 4 kundan 6 kungacha, tog‘larga yaqinroq 7–9 kungacha, respublikaning eng chekka janubida 1 kundan 3 kungacha yomg‘ir yog‘adi. Juda keskin sovuq davrlarda kamdan kam holatlar (har 8–10 yilda bir marta) yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanish kuzatilgan.

Ba’zi yillarda oyiga yog‘ingarchilik bo‘lgan kunlar soni 2–3 kundan oshmaydi va juda kamdan kam hollarda qator hududlarda yog‘ingarchilik umuman kuzatilmagan oktyabr oylari ham kuzatilgan.

Ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 13 millimetrdan 25 millimetrgacha, tog‘larda 27 millimetrdan 70 millimetrgacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 3 millimetrdan 11 millimetrgachani tashkil etadi.

Sinoptiklarning bildirishicha, harorat jihatidan oktyabr oyi yog‘ingarchilik yog‘ishi tartibi va miqdori bo‘yicha turli xil bo‘ladi.

Ushbu asrda O‘zbekiston hududi bo‘yicha 2015 yil oktyabr oyi yomg‘ir eng ko‘p kuzatilgan yil bo‘ldi. Toshkentda oylik yog‘ingarchilik miqdori 88 millimetrni (oylik me’yordan deyarli 4 baravar ko‘p) tashkil edi, bunda 3 kun davomida 62 millimetr bo‘ldi. Oktyabr oyida maksimal oylik yog‘ingarchilik miqdori kuzatuvlarning barcha davri uchun 126 millimetrni tashkil etdi, u 1901 yilda qayd etildi.

Xuddi shu davrda (2001–2023) 2020 yil oktyabr oyi eng quruq bo‘lib, hududning katta qismida oy davomida quruq ob-havo saqlanib turdi.

Bu yil oktabr qanday bo‘ladi?

2–4 oktyabr kunlari harorat kechalari +13…+18 darajagacha, kunduz kunlari +26…+31 darajagacha ko‘tariladi. Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Yomg‘ir faqat 2 oktyabr kuni Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va 3–4 oktyabr kunlari respublika shimolida va cho‘l hududlarida yog‘adi.

Respublika bo‘yicha 5 oktyabrdan 10 oktyabrgacha harorat foni pasayadi. Ushbu davrda havo harorati asosan kechalari +8…+13 daraja, kunduz kunlari +21…+26 daraja bo‘ladi. O‘zbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida 5–6 oktyabr kunlari ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. 7–10 oktyabrda asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi.

Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari +10…+15 darajadan 0…+5 darajagacha, kunduz kunlari +23…+28 darajadan +15…+20 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

Oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligida ayrim hududlarda tuproqda va havoda sovuqlar kuzatilishi mumkin.

Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarining ayrim kunlarida (o‘n kunlikda 1–3 kundan) ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘larda qorga aylanadi.

Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam, respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid