AQSh Rybar loyihasi to‘g‘risida ma’lumot berganlarga 10 mln dollargacha mukofot e’lon qildi
Qo‘shma Shtatlar hukumati Rossiyaga tegishli Rybar loyihasini mamlakatdagi prezidentlik saylovlariga aralashishda gumonlamoqda.
AQSh prezidentlik saylovlariga aralashishga urinayotgan Rossiyaning Rybar loyihasi to‘g‘risida berilgan ma’lumot uchun 10 million dollargacha mukofot puli e’lon qildi. Bu boradagi xabar Davlat departamentining «Adolat o‘rnatishga yordam uchun mukofot» dasturining saytiga joylashtirilgan.
Tashkilot xabarida aytilishicha, Rybar — bu «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin moliyalashtirgan Rossiyadagi media-kompaniya. Hozirda, ma’lumotlarga ko‘ra, Rybar Amerika sanksiyalari ostida bo‘lgan «Rostex» davlat korporatsiyasi tomonidan mablag‘ olmoqda.
«Rybar Rossiyaning harbiy salohiyatini mustahkamlash, rossiyaparast va g‘arbga qarshi mafkuraviy pozitsiyalarni ilgari surish uchun «Rostex»ning aloqalari va moliyalashtirishiga tayanadi», — deyiladi xabarda.
AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, Rybar Rossiya hukumatining AQShdagi siyosiy maqsadlarini ilgari surishda #HOLDTHELINE va #STANDWTHTEXAS kabi propaganda media-kanallarini boshqaradi. Ikkala teg ham Qo‘shma Shtatlardagi respublikachilar tarafdorlari tomonidan qo‘llanadi — ularning birinchisi 1 milliondan ortiq auditoriyaga ega akkauntlarda paydo bo‘lgan.
Shuningdek, Rybar «Texas chegarasini kesib o‘tayotgan noqonuniy immigrantlarning muammolaridan foydalanish» maqsadida X ijtimoiy tarmog‘ida TEXASvsUSA akkauntini ochgan. Mazkur akkaunt faoliyati ijtimoiy tarmoq qoidalarini buzgani uchun to‘xtatilgan. Ta’kidlanishicha, Rybar ushbu akkaunt yordamida Qo‘shma Shtatlarda partiyaviy va irqiy nizolarni, «nafrat va zo‘ravonlikni qo‘zg‘atishga» uringan.
«Adolat o‘rnatishga yordam uchun mukofot» dasturi Rybar loyihasi xodimlari qayerda joylashganini aniqlashga yordam beradigan ma’lumotlar uchun mukofot taklif qilmoqda.
«Agarda sizda Rybar MChJ to‘g‘risida, bu odamlar, ularning zararli faoliyati yoki ular bilan bog‘liq shaxslar yoki tashkilotlar to‘g‘risida ma’lumot bo‘lsa, biz bilan bog‘laning. Bunday ma’lumot sizga mukofot olish va ko‘chib o‘tish huquqini berishi mumkin», — deyiladi Davlat departamenti xabarida.
«Adolat o‘rnatishga yordam uchun mukofot» dasturiga 1984 yilda asos solingan. AQSh hukumatining qayd etishicha, 40 yil davomida dastur mamlakat manfaatlariga daxldor shaxslarni javobgarlikka tortishga yordam bergan 125 dan ortiq insonga 250 milliondan ziyod pul to‘lagan.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024