Fan-texnika | 23:10 / 19.10.2024
11643
3 daqiqa o‘qiladi

Inson miyasi har xil turdagi qo‘rquvga qanday javob berishi o‘rganildi

Uzoq vaqt mobaynida olimlar qo‘rquvning barcha turlari: o‘rgimchakdan qo‘rqishdan tortib sahnaga chiqishdagi vahimagacha miyaning bir xil qismlarini faollashtiradi, deb hisoblagan. Ammo yangi tadqiqot bu farazni rad etdi.

Foto: Ruby Wallau/Northeastern University

The Journal of Neuroscience jurnalida chop etilgan tadqiqot har bir qo‘rquv tahdid turiga qarab miyaning turli qismlarini faollashtirishini isbotladi.

“Hozirgi kunda ilmiy doiralarda hissiyotlar universal xususiyatga egami yoki vaziyatga qarab turlicha namoyon bo‘ladimi, degan masala qizg‘in muhokama qilinmoqda”, — deb ta’kidlanadi tadqiqotda.

Bugungi kunda sun’iy intellekt va mashinaviy ta’limdan foydalanish miyaning faolligiga qarab his-tuyg‘ularni aniqlay oladigan modellarni yaratishga imkon beradi.

“Sun’iy idrokning ko‘plab modellari har bir hissiyotga ma’lum bir neyron shabloni mos keladi, degan g‘oyani beradi — biri jirkanish uchun, boshqasi g‘azab uchun. Agar bu to‘g‘ri bo‘lsa, u holda bunday shablon qo‘rquv turlari uchun ham to‘g‘ri kelishi kerak”, — deydi AQShdagi Shimoli-sharqiy universitet psixologiya dotsenti Ajay Satpute.

Ushbu gipotezani tekshirish uchun tadqiqotchilar jamoasi 21 kishi ishtirokida tajriba o‘tkazdi. Ular o‘zlarini ko‘proq qo‘rqitayotgan narsa haqida anketa to‘ldirdi. Keyin MRT paytida ularga turli qo‘rqinchli vaziyatlarning videolari namoyish etildi: tepalikdan pastga qarash, omma oldida nutq so‘zlash yoki o‘rgimchakka yaqinlashish. Videolar haqiqatdan ham qo‘rqinchli bo‘lishiga e’tibor qaratildi.

Har bir videodan so‘ng ishtirokchilar o‘zidagi qo‘rquv va hayajon darajasini mustaqil baholadi.

Tanlanma kichik bo‘lishiga qaramay, tadqiqot ikkita muhim xulosaga kelish imkonini berdi. Birinchidan, dahshat reaksiyalari miyaning kutilganidan ko‘proq qismlarini qamrab oladi. Ammo bu qismlarning barchasi ham qo‘rquv turlariga bir xil javob bermaydi.

“Masalan, bodomsimon qism balandlikdan qo‘rqish hissi paytida faollashgan, ammo boshqa vaziyatlarda unchalik faollashmagan”, — deydi Satpute.

Ushbu tajriba Satpute laboratoriyasida o‘tkazilgan, qo‘rquvning fiziologik mexanizmlarini o‘rganuvchi bir qator tadqiqotlarning bir qismi hisoblanadi. 2021 yilda guruh tananing qo‘rquvga bo‘lgan reaksiyalarini — terlash va yurak faoliyati tadqiq etilgan ishni e’lon qildi hamda turli qo‘rquvlar turlicha namoyon bo‘lishini tasdiqladi.

“Biz miyani va uning qo‘rquvga bo‘lgan reaksiyalarini o‘rganamiz, chunki qo‘rquvga qanday ta’sir o‘tkazish mumkinligini tushunmoqchimiz. Tadqiqotimiz natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, qo‘rquvni yengish usullari individual bo‘lishi va insonning xususiyatlarini ham, aniq vaziyatni ham hisobga olishi kerak”, — deydi Satpute.

Mavzuga oid