Texnologiya | 23:15 / 13.03.2026
3946
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy miya implantini tijoriy maqsadlarda ishlatishni ma’qullagan birinchi davlat bo‘ldi

Bunday implant bemorlarga protezlarni fikr kuchi bilan boshqarish imkonini beradi.

Xitoyning dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi Neuracle Technology kompaniyasiga mijozlarga miya implantini sotish uchun tarixda birinchi ruxsatnomani berdi. U orqa miya shikastlanishi oqibatida qisman falaj bo‘lgan odamlar uchun mo‘ljallangan.

BCI-implant - bu neyron signallarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qish va rag‘batlantirish uchun jarrohlik yo‘li bilan miyaga yoki uning yoniga joylashtirilgan «miya-kompyuter» interfeysi. U miyaning elektr faolligini tashqi kompyuterlar uchun buyruqlarga aylantiradi. Bu bemorlarga protezlarni fikr kuchi bilan boshqarish imkonini beradi. Xitoylik ishlab chiquvchining ta’kidlashicha, Neuracle startapining qurilmasi bemorlarga jismlarni qo‘llari bilan ushlashga yordam bergan. U 36 bemorda sinovdan o‘tkazildi.

Xitoyda ma’qullangan implantat miyaning qattiq qobig‘idan tashqarida o‘rnatilishi va signallarni o‘qish uchun kamroq kanallarga egaligi bilan ilg‘or tizimlardan farq qiladi. Shu sababli qurilma faqat qisman falaj bo‘lgan bemorlarga mos keladi.

Xitoy hukumati avvalroq BCI implantlarini ishlab chiqish va targ‘ib qilishni oltita strategik soha ro‘yxatiga kiritgan edi. Xitoy hukumati tekshiruvlarni soddalashtirishga va mahsulotlar bozorga chiqishidan oldin xarajatlarni qoplash qoidalarini o‘rnatishga va’da berdi. Buning fonida bir qator texnologik kompaniyalarning aksiyalari sezilarli darajada oshdi, deb ta’kidlaydi Bloomberg. Bu sohaga investitsiyalar nafaqat Xitoyda, balki AQShda ham ortib bormoqda. Biroq, Amerika kompaniyalari, jumladan, milliarder Ilon Mask tomonidan asos solingan Neuralink hozircha faqat odamlarda klinik sinovlar o‘tkazish uchun ruxsat oldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid