Jahon | 13:40 / 22.10.2024
5320
9 daqiqa o‘qiladi

Isroilning G‘azodagi yo‘qotishlari, Fathulloh Gulenning o‘limi va Sudanda urib tushirilgan samolyot - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda Isroil zirhli tank brigadasi qo‘mondoni halok bo‘ldi. Isroil armiyasi 401-zirhli tank brigadasining qo‘mondoni, 41 yoshli Ehsan Daksa halok bo‘lganini tasdiqladi.

G‘azo sektorida uch nafar isroillik harbiylar halok bo‘lgani HAMAS tomonidan falastinlik jangchilar Isroilga tegishli bir nechta zirhli texnika, jumladan, tankka hujum qilingani to‘g‘risidagi video e’lon qilinganidan so‘ng tasdiqlangan.

Daksa Isroil ommaviy axborot vositalari tomonidan 2023 yilning 7 oktyabrida G‘azoga bosqin boshlanganidan buyon o‘ldirilgan eng yuqori martabali ofitserlardan biri ekanligi qayd etilmoqda.

2006 yilgi Livandagi urushda Daksa desantchilar brigadasi tarkibida alohida zirhli tanklar kuchlariga qo‘mondonlik qilgan.

Matbuotda o‘lgani oshkor etilishiga ruxsat berilgan isroillik harbiylar soni 749 nafarga yetgan. Ularning 706 nafari Falastinning HAMAS harakatiga qarshi janglarda, 43 nafari Livanning «Hizbulloh» harakatiga qarshi janglarda halok bo‘lgan.

Birgina so‘nggi sutka ichida G‘azo va Livanda 23 nafar isroillik harbiy yarador qilingani ham xabar qilinmoqda.

Shunday qilib, G‘azo sektorida agressiya boshlanganidan buyon yarador bo‘lgan isroillik askarlar soni 5018 nafarga yetgan.

2023 yilning 7 oktyabridan buyon Isroilning G‘azodagi agressiyasi tufayli o‘ldirilgan falastinliklar soni esa 42 ming 603 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 17 mingga yaqini yosh bolalar va 11 ming 378 nafari ayollar. Eksklavdagi yaradorlar soni 99 ming 795 kishini tashkil etmoqda.

Isroilning Eronga hujum rejasi

Tel-Aviv raketa hujumiga duchor bo‘lgach, isroillik harbiylar havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirmoqda va mintaqaviy urush yanada avj olish xavfiga qaramasdan javob zarbalariga hozirlik ko‘rmoqda.

1 oktyabr kuni Eron HAMAS va «Hizbulloh» yetakchilarining o‘ldirilishiga javoban Tel-Avivga qarata 180 ta ballistik raketa bilan hujum qilgan edi.

«Isroil Eronga qarshi keng qamrovli hujumga hozirlik ko‘rmoqda. Tayyorgarlik Eronning ehtimolli qayta hujumini kutib, mudofaani mustahkamlashni ham o‘z ichiga oladi», — degan isroillik anonim mulozim KAN telekanali efirida.

Isroil potensial nishonlar va mudofaa ehtiyojlari borasida o‘z ittifoqchisi AQSh bilan intensiv maslahatlashuvlar olib bormoqda. Isroil armiyasi uzoq radiusga ucha oladigan ballistik raketalarni tuta oladigan THAAD raketa qarshi tizimini o‘rnatayotganini ham ma’lum qilgan.

Biroq Isroil vazirlar mahkamasi bosh vazir Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Gallantga hozircha Eronga qarshi hujum muddatlari bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatini bermagani aytilmoqda.

Fathulloh Gulen vafot etdi

AQShda sobiq islom voizi Fathulloh Gulen olamdan o‘tdi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an uni 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishda ayblagandi.

Gulen izdoshlarining ma’lum qilishicha, u 20 oktyabr kuni shifoxonada jon bergan. U 83 yoshda edi.

CNN Turk xabariga ko‘ra, u Pensilvaniya shtatidagi klinikada davolanayotgandi. Avvalroq unga jigar yetishmovchiligi, diabet, shuningdek, demensiya tashxisi qo‘yilgandi.

Gulen 1941 yilda Erzurum viloyatida, imom oilasida tug‘ilgan. 1959 yilda uning o‘zi ham imomga aylangan, 1960-yillarda Izmir viloyatida diniy voiz sifatida mashhurlikka erishgan.

Gulen o‘sha vaqtda va’z o‘qigan talabalar uylari va choyxonalarda uning harakatiga tamal toshi qo‘yilgandi.

Fathulloh Gulenning o‘limi yuzasidan Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bir necha bayonot berdi.

«Gulenning o‘limi to‘g‘risidagi axborotlar haqiqat. Bu qora tashkilot lideri ortiq yo‘q.

FETÖ boshchisining o‘limi bizning hushyorligimizni pasaytirmaydi. Bu tashkilot muqaddas qadriyatlarimiz ortiga berkinib yoshlarimizni o‘ziga og‘dirgan, ularni o‘z xalqiga xoinlik mashinasiga aylantirib kelgan.

Biz ularni xoinlik to‘la yolg‘on yo‘lidan voz kechishga chaqiramiz», — degan Fidan.

Moldovadagi saylov yakunlari

Moldova fuqarolari Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni yoqlab ovoz berdi. Referendumda yevrointegratsiya tarafdorlari kichik ustunlik bilan g‘alaba qozondi.

Yakshanba kuni prezident saylovida ovoz berish bilan bir vaqtda o‘tkazilgan referendumning yakuniy natijalari e’lon qilindi.

Yevropa integratsiyasi tarafdorlarining ustunligi minimal bo‘lib chiqdi: bayonnomalarning 99,5 foizini qayta ishlashga ko‘ra, saylovchilarning 50,42 foizi Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlagan, 49,58 foizi esa qarshi ovoz bergan.

Mamlakat prezidenti Mayya Sandu referendum natijalariga izoh berar ekan, Rossiyani saylovlarga noqonuniy aralashganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «adolatsiz kurash»ga qaramay, Moldovada yevropaparast kampaniya g‘alaba qozondi:

«Bizda bu jinoiy guruhlar 300 ming ovoz sotib olish uchun chiqqani haqida aniq dalillar bor», dedi u.

Sanduning o‘zi prezidentlik saylovi birinchi turida rossiyaparast nomzod Aleksandr Stoyanoglu ustidan ancha ishonchli g‘alaba qozondi. Saylov byulletenlarining 99,41 foizini sanab chiqishga ko‘ra, amaldagi prezident 42,31 foiz, uning raqibi esa 26,07 foiz ovoz olgan.

Shu tariqa, Moldovada davlat rahbarini saylash uchun ovoz berishning ikkinchi turi o‘tkaziladi. Ikkinchi tur saylovlari 3 noyabr, yakshanbaga belgilandi.

Rossiyadagi migrantlar

Rossiya rekord sur’atlarda chet ellik mehnat migrantlarini o‘z hududidan chiqarib yubormoqda.

2024 yilning dastlabki olti oyida Rossiya sudlari 85,8 ming migrantni mamlakat hududidan chiqarib yuborish bo‘yicha qarorlar chiqarishgan. Bu butun 2022 yilgi ko‘rsatkichlardan ham ko‘proq. Buni «Vajniye istorii» portali sud qarorlarini tahlil qilib, sanab chiqqan.

Taqqoslash uchun: 2023 yilda Rossiyadan 129,7 ming migrant chiqarib yuborilgan. Ukrainaga bosqin boshlangan 2022 yilda bu ko‘rsatkich 85,1 ming bo‘lgan. COVID-19 pandemiyasi yillarida hokimiyatning moratoriysi sababli chiqarib yuborilgan migrantlar soni keskin qisqargan.

Portal ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Rossiyada ishlayotgan migrantlar soni pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlarga nisbatan million kishiga qisqargan.

Migrantlarni asosan Rossiyaga kirib kelish va yashash qoidalarini buzganlik uchun chiqarib yuborishmoqda. 2024 yilning dastlabki olti oyida bu modda bo‘yicha 100 mingga yaqin ish qo‘zg‘atilgan. Ikkinchi o‘rinda noqonuniy mehnat faoliyati turibdi. Bu bo‘yicha joriy yilda 16 mingta ish ochilgan.

Sudanda samolyot urib tushirildi

Sudanda sahnida rossiyaliklar bo‘lgan Il-76 transport yuk samolyoti urib tushirildi. Samolyot insonparvarlik yordamini yetkazish uchun parvoz qilgan va xatolik tufayli urib tushirilgan bo‘lishi mumkin.

Qayd qilinishicha, samolyotning urib tushirilishi uchun mas’uliyatni avvalroq poytaxt Darfurdagi hukumatga yaqin bo‘lgan Tezkor harakat kuchlarining harbiylashtirilgan tashkiloti isyonchilari o‘z zimmasiga olgan.

«O‘lganlardan biri — Airline Transport Incorporation FZC bosh muhandisi Viktor Granov. U bilan birga yana bir qancha hamkasblari bo‘lgan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan samolyot ekipaji orasida bir nafar o‘zbekistonlik aviator ham bo‘lishi mumkin. Rossiya elchixonasi mahalliy hokimiyat bilan aloqada bo‘lib, sodir bo‘lgan voqeaning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqda», deyiladi TASS xabarida.

Rossiyaning Sudandagi elchixonasi halokat zonasi janglar davom etayotgan Darfurda joylashgani bilan vaziyatni murakkablashtirganini qayd etdi.

OAV shuningdek, samolyot BAA tomonidan ijaraga olingani va uning manzili Bishkekda, «Manas» xalqaro aeroportida ekani haqida ham yozmoqda.  

Mavzuga oid