Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron va Isroil zarbalar almashdi, Pashinyan o‘z partiyasi g‘alabasini e’lon qildi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Eron va Isroil zarbalar almashdi
AQSh o‘tgan haftada Livanda sulh rejasini e’lon qilganiga qaramay, Isroil yakshanba kuni erta tongda Bayrut hududiga zarbalar berdi.
Shundan so‘ng Eron bunga javoban Isroildagi obektlarga qarata bir guruh raketalar uchirdi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi Nazaret yaqinidagi Ramat–David aviabazasini nishonga olganini ma’lum qildi. Isroil harbiylari esa Erondan uchirilgan raketalar aniqlangani va ularni havo mudofaa tizimlari urib tushirganini bildirdi.
Ammo tarmoqlarda Eronning bir necha raketasi Isroil hududiga tushgani, uni Temir gumbaz tutib qololmagani aks etgan videolar tarqaldi.
Aprel oyida keng ko‘lamli urushda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi boshlanganidan beri Eron Isroilga hujum qilmagan edi.
Bir necha soat o‘tgach, Isroil mudofaa kuchlari Eron harbiy obektlariga zarba berganini ma’lum qildi. Muhofizlar korpusiga ko‘ra, Isroil Eron ichkarisidagi obektlarga havoda uchiriladigan ballistik raketalar yordamida hujum uyushtirgan.
Axios nashriga ko‘ra, Tramp va Netanyahu yakshanba kuni telefonda yarim soatga yaqin gaplashgan. Tramp muloqot chog‘ida Netanyahuga navbatdagi zarbalardan tiyilishni aytgan, chunki «biz kelishuv borasida yaxshi bir natijaga erishishga yaqinmiz» degan u.
Keyinroq Tramp Eron va Isroil zarbalar almashganiga qaramay keng ko‘lamli urushni tugatish to‘g‘risidagi kelishuvga erishish imkoniyati hali ham juda yuqori ekanini ta’kidladi.
«Bu kelishuvga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi», dedi Tramp Financial Times nashriga. «Qarorlarni men qabul qilaman. Barcha qarorlar meniki. U (Netanyahu) hech narsani hal qilmaydi».
AQSh–Eron muzokaralari boshlanganidan beri Isroil Livanda «Hizbulloh» bilan urushni davom ettirmoqda. Isroil rasmiylari bu masala Eron bilan kelishuvdan alohida ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Tehron esa har qanday tinchlik shartnomasi Livanda ham otashkesimga rioya qilinishiga bog‘liq bo‘lishini aytib keladi.
Yevropa Rossiya–Ukraina muzokaralarida qatnashmoqchi
Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya yetakchilari Ukrainadagi sulh muzokaralarini o‘tkazish jarayonida Yevropa ham o‘z rolini o‘ynashini ma’lum qildi.
Makron, Starmer va Mers e’lon qilgan qo‘shma bayonotda – Zelenskiyning urushni tugatish chaqirig‘i hamda Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘tkazish taklifi olqishlangan.
Ushbu yetakchilar Ukrainaning xalqaro miqyosdagi asosiy qo‘llab-quvvatlovchilaridan biri bo‘lgan va «E3» deb nomlanuvchi norasmiy xavfsizlik ittifoqiga rahbarlik qiladi. Yakshanba kuni Londondagi uchrashuvga Zelenskiy ham qo‘shildi.
Ularning ta’kidlashicha, hozirgi to‘qnashuv chizig‘i muzokaralar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi kerak. Ukraina qonuniy kuchga ega xavfsizlik kafolatlariga, jumladan, ko‘pmillatli kuchlarning joylashtirilishiga ega bo‘lishi lozim. Shuningdek, Rossiya urush yetkazgan zararni qoplamaguncha, uning aktivlari muzlatilgan holatda qoladi.
Bu uchrashuv Zelenskiyning Putinga yozgan ochiq xatidan bir necha kun o‘tib yuz berdi. O‘z maktubida Zelenskiy rus xalqi — Ukrainaning raketa va dron hujumlaridan, yuqori inflatsiya hamda yoqilg‘i tanqisligidan charchaganini va tinchlikka tayyorligini ta’kidlagandi.
Putin esa bu taklif samimiy tuyulmaganini va ayni damda uchrashishdan ma’no ko‘rmayotganini aytib, uzoq muddatli kelishuv zarurligini bildirdi.
Filippinda kuchli zilzila
Dushanba tongida Filippinning janubiy qismidagi Mindanao oroli yaqinida 7,8 balli kuchli zilzila yuz berdi. Hozircha qurbonlar yoki jiddiy talafotlar haqida ma’lumotlar kelib tushmagan.
7,0 dan 8 ballgacha baholanayotgan zilzila 10 km chuqurlikda yuz berganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng dengiz suvi qaytgani kuzatildi va sunami xavfi e’lon qilindi.
Filippin rasmiylari balandligi bir metrdan oshadigan hamda bir necha soat davom etishi mumkin bo‘lgan sunami to‘lqinlaridan ogohlantirdi. Indoneziyaning geofizika agentligi esa hozircha qariyb 20 sm balandlikdagi to‘lqinlar aniqlanganini bildirdi.
Sohildagi hududlarda yashovchi aholiga balandroq joylarga ko‘chish tavsiya etildi. Mahalliy favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yer silkinishlari hamon sezilayotgani, yetkazilgan zarar hamda ba’zi jarohatlar haqidagi xabarlarni o‘rganayotganini ma’lum qildi.
Episentrga yaqin joylashgan Filippinning Sarangani provinsiyasida elektr energiyasi va aloqa uzilgan, maktablarda darslar to‘xtatilgan.
Filippin prezidenti Ferdinand Markos tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini aytdi.
Filippin va Indoneziya har yili yuzlab zilzilalarni boshdan kechiradi. Bu davlatlar seysmik faol mintaqa — «Tinch okeani olovli halqasi»ning tektonik jihatdan murakkab qismida joylashgan.
Armanistondagi saylovlar
Armanistonda yakshanba kuni parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki natijalarga ko‘ra, Pashinyanning hukmron «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi 52,5 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda. Rossiya–Armaniston fuqaroligiga ega bo‘lgan milliarder Samvel Karapetyanning «Kuchli Armaniston» ittifoqi esa 23,2 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Komissiya tadbirda saylovchilarning ishtiroki 59 foizni tashkil etganini ma’lum qildi.
Dushanba kuni erta tongda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Pashinyan o‘zining «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi g‘alaba qozonganini aytib, buni «tarixiy g‘alaba» deb atadi. Hozircha rasmiy natijalar e’lon qilinmadi.
Mazkur saylovlar Pashinyanning Ozarboyjon bilan tinchlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlariga nisbatan referendum sifatida ham ko‘rilmoqda.
Ijtimoiy so‘rovnomalar G‘arbga intilayotgan Pashinyan va uning partiyasi 32 foizgacha qo‘llab-quvvatlash bilan yaqqol yetakchilik qilayotganini ko‘rsatgandi. Rossiyalik arman milliarderi Karapetyan tomonidan tuzilgan ittifoq esa Rossiya bilan yaqin aloqalarni saqlab qolishni istaydi.
Yerevanning Yevropa bilan yaqinlashishi Rossiyaning g‘azabini qo‘zg‘atmoqda. O‘tgan oyda prezident Vladimir Putin agar Armaniston o‘z yo‘nalishini davom ettirsa, buning salbiy iqtisodiy oqibatlari haqida ochiq va yashirin tahdidlar qildi.
Saylovdan oldingi haftalarda Rossiya Armaniston mahsulotlari — gullar va sabzavotlarga yangi cheklovlar joriy etish orqali tahdidlarni yanada realroq ko‘rinishga keltirdi.
Putin, shuningdek, Kiyevning muammolari ham «Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish harakatlaridan boshlanganini» aytib, Armanistonga Ukrainadagi urushni eslatdi.
Yevropa Ittifoqi esa «Moskvaning iqtisodiy munosabatlardan qurol sifatida foydalanishi»ga qarshi Armanistonga 50 million yevro ajratishga va’da berdi. Shuningdek, Rossiya nishonga olgan tovarlar uchun yevropaliklar savdo shartlarini yumshatmoqchi.
Tayvan Xitoy kemalarini kuzatmoqda
Tayvan sohil xavfsizlik xizmati yakshanba kuni orolning sharqiy qismida Xitoy tomonidan o‘tkazilayotgan operatsiyaga javoban o‘z kemalarini safarbar qildi. Ma’lum qilinishicha, Taypey Xitoy hukumatiga qarashli to‘rtta kemani aniqlagan va ularni kuzatish uchun bir nechta sohil xavfsizlik kemasini yuborgan.
Tayvan Milliy xavfsizlik kengashi bosh kotibi e’lon qilgan videoda sohil xavfsizlik xizmati Xitoy kemalariga qarata «Bu yer sizning suvlaringiz emas. Siz bu yerga tegishli emassiz. Orqaga qayting va hududni hoziroq tark eting», degan.
Tayvan «Xitoy mamlakatning sharqiy qismidagi suvlarda hech qanday suveren huquqlarga ega emas»ligini ta’kidlagan.
Xitoy OAVlariga ko‘ra, rasmiy Pekin – Yaponiya va Filippin o‘rtasida ushbu mintaqada chegara chizish bo‘yicha muzokaralardan so‘ng hududda «huquq-tartibot operatsiyasi»ni boshlagan.
Xitoy Tayvanni o‘z hududi deb da’vo qiladi, Taypey esa buni qat’iyan rad etadi. Bundan tashqari, keskinlikning ortishi — Xitoyga qarshi dengiz nizolari bo‘yicha Yaponiya va Filippinning yaqinlashuvi kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Mavzuga oid
14:30 / 05.06.2026
Putinga ochiq xat yo‘llagan Zelenskiy va Sining Shimoliy Koreyaga tashrifi – kun dayjesti
14:39 / 04.06.2026
Sankt-Peterburgga dronlar hujumi va yadro quroliga ega bo‘lmaslikka «rozi bo‘lgan» Eron – kun dayjesti
16:10 / 03.06.2026
Eron Kuvayt va Bahraynni urdi, AQSh yadro qurolini Polshaga joylashtirmoqchi – kun dayjesti
15:15 / 02.06.2026