Özbek tili bayramiga sovğalar: hukumat ehtimol ilk marta lotin yozuvida qaror çiqardi. Yevroittifoq bilan tarixiy şartnoma: tomonlarning yaqinlaşuvi endi yuridik asosga ega. Yana Farğona va yana IIB: nopok xodimlarning “hunarlari” seriyali tus oldi. Pedofillarga bağrikeng sudyalar: uç kun içida ikki norasida nobop tizim qurboni böldi. Ortda qolayotgan hafta mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Til bayrami va til qayğusi

Bu hafta Özbekistondagi uçta eng katta siyosiy bayramdan biri – Özbek tili bayrami nişonlandi. 21 oktyabr kuni özbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36 yil töldi. Vatandoşlik jamiyati uçun muhim ahamiyatga ega bayram sovğalarsiz ötmadi: jahonga maşhur önlab ilmiy kitoblar ilk marta özbek tilida taqdim etildi, davlat tilining mavqeyini oşirişga oid qator hujjatlar imzolandi.

Özbek tilining eng katta muammolaridan biri – zamonaviy ilmiy adabiyotlarning tanqisligi. Ikki yil oldin bu yönalişda davlat homiyligidagi “Yoşlar uçun ming kitob” loyihasi boşlangan edi. 20 oktyabr kuni, loyiha doirasida özbek tiliga ögirilgan jahonga maşhur ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblardan dastlabki 27 tasining taqdimoti ötkazildi. Ulardan aksariyati Oksford universitetining “Qisqagina taniştiruv” turkumiga oid bölib, u yoki bu mavzuni keng omma uçun sodda, lekin ilmiy asoslangan tarzda oçib beradi.

Yangi kitoblar yoşlarning nafaqat ilmiy, ayniqsa siyosiy ongini şakllantirişi bilan ham ahamiyatli. Jumladan, Oksford töplamidan siyosat, demokratiya, inson huquqlari, liberalizm, kapitalizm, sotsializm va populizmga atalgan ixçam va ommabop tildagi kitoblar örin olgan. 27 ta kitob içida, şuningdek, muhofazakorlik (ya’ni konservatizm), institutsional özgarişlar, korrupsiya va uruşlar haqidagi adabiyotlarni ham uçratiş mumkin.

Kitoblarning har biri davlat buyurtmasi asosida 3 ming nusxada çop etilgan va respublika böylab 300 dan ortiq kutubxonalarga tarqatilgan. Keyinçalik naşriyotlar buyurtmasi bilan böladigan qayta naşrlar oçiq savdoga çiqariladi. Bundan taşqari, yaqin bir neça oy içida yana 23 nomdagi kitob bosmadan çiqişi kutilyapti. Şuning bilan, “Ming kitob” loyihasining birinçi bosqiçida, özbek tili dunyo darajasidagi 50 ta zamonaviy ilmiy asar bilan boyiydi. Loyihaning keyingi bosqiçi uçun ekspertlar kengaşi 64 ta kitobni tanlab olgan bölib, ular uçun mualliflik huquqini oliş va tarjima işlari allaqaçon boşlab yuborilgan.

Hafta davomida, Özbek tili bayrami munosabati bilan davlat tiliga oid qator hujjatlar ham qabul qilindi. Prezident qarori bilan, 2025-2026 yillarga möljallangan til siyosati dasturi tasdiqlandi. Unga köra, özbek tilini boyitiş uçun elektron platforma yaratiladigan böldi. Bu platforma yangi atamalarni qabul qiliş jarayonida jamoatçilik muhokamasi uçun maydon böladi. Şuningdek, bölajak portalga kirgan foydalanuvçi yangi atamalar reyestri bilan tanişişi, sohaviy luğatlar, izohli luğatlar va imlo luğatlaridan foydalanişi mumkin böladi. Hujjatdagi topşiriqqa köra, platformani işlab çiqiş böyiça ilmiy loyiha tanlovi 1 dekabrgaça e’lon qilinişi kerak.

Bundan taşqari, sun’iy intellekt yordamida özbek tilidagi audioni matn şakliga, özbekça matnni esa audio şaklga ötkazib beradigan, özbek tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan özbek tiliga tarjima qiladigan sun’iy intellekt platformasini ham işlab çiqiş vazifasi qöyildi. Şuningdek, köp jildli Özbekiston milliy qomusini yaratiş, özbek şevalarining izohli luğatini tuziş, boşqa millat vakillari uçun özbek tilini örganiş imkoniyatlarini kengaytiriş çoralari ham belgilandi. 1 yanvardan boşlab respublika darajasidagi davlat organlari rahbarlari va barça darajadagi hokimlarning ma’naviyat va davlat tili masalalari böyiça maslahatçisi lavozimi joriy etiladi.

Lotin yozuviga töliq ötiş masalasi esa hamon kun tartibida yöq. Bu mavzu davlat darajasida oxirgi marta ikki yil oldin muhokama qilingan edi. Şu bilan birga, ayrim yangiliklar ham yöq emas. Masalan, Özbekiston prezidentining matbuot xizmati 21 oktyabrdan e’tiboran ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosida yurita boşladi. Boş vazir esa, töliq lotin alifbosida yozilgan (noyob holat) qarorga imzo çekdi. Bu qaror bilan, Özbekistondagi jami 320 ta temiryöl obekti: vokzallar, stansiyalar va raz’yezdlarning hujjatlardagi rusça nomlari özbekçaga ötkazilmoqda. Masalan, Asaka tumanidagi temiryöl stansiyasi bundan buyon “Assake” emas, “Asaka”; Pastdarğomdagi stansiya “Djuma” emas, “Juma” deb ataladi.

Hukumatning boşqa bir qarori bilan (bunisi odatdagidek kirill alifbosida), yangi qurilayotgan turarjoy majmualarining “birnarsa siti”, “allambalo rezidens” qabilidagi nomlanişlariga çek qöyiladigan böldi. Hujjatga köra, 2026 yil 1 yanvardan boşlab turar joy majmualarini qurişda obektning nomi davlat tilida bölişi kerak. Bino pasporti, peşlavhasi, quriliş maydoni atrofidagi vaqtinçalik devor va tösiqlarda ham barça yozuvlar özbek tilida bölişi talab etiladi.

Bu qadamlarni e’tirof etgan holda, bir haqiqatni tan oliş va takrorlaşimiz örinli böladi: özbek tili faqat muloqot va badiiy adabiyot tili bölib qolmasdan, fan va ta’lim, davlat boşqaruvi va siyosat, biznes va moliya, marketing va mediakontent tiliga ham aylanişi uçun, qilinişi kerak bölgan işlar nihoyatda köp. Bir jihatdan, dunyo böylab 40 million odam özbek tilida gaplaşadi va bu juda katta raqam. Boşqa tomondan esa, tilimiz mavqeyining bugungi oğriqli holatini aks ettiruvçi misollar son mingta.

Mavzuni yakunlaşdan oldin, şunday misollardan biriga e’tiboringizni qaratsak. Kun.uz Toşkent şahar Maktabgaça va maktab ta’limi boşqarmasidan olgan ma’lumotga köra, poytaxtimiz maktablarida özbek tilida dars ötiladigan sinflar uluşi 57,7 foizgaça tuşib ketgan. Aniqroq aytadigan bölsak, hozir Toşkentdagi maktablarda mavjud 15 515 ta sinfdan atigi 8948 tasida öquvçilar özbek tilida tahsil olyapti. Rus sinflar soni esa 6565 taga yoki jami sinflarning 42,3 foiziga yetgan.

Yevroittifoq bilan KŞHB imzolandi. Fin va amerika siyosatçilari Toşkentga kelmoqda

Özbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi yangi bosqiçga çiqqani yuridik jihatdan rasmiylaştirildi. Prezident Şavkat Mirziyoyevning Bryusselga taşrifi çoğida uzoq kutilgan tarixiy hujjat – Kengaytirilgan şeriklik va hamkorlik töğrisidagi bitim imzolandi. Bu kelişuv 1996 yilda tuzilgan hadli bitimni yangilaydi va ança keng kölamga ega tölaqonli hamkorlik uçun asos vazifasini bajaradi. Hujjatda taşqi siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiya, boşpana beriş va noqonuniy migratsiya, uyuşgan jinoyatçilik va terrorizmga qarşi kuraş kabi barça asosiy yönalişlar qamrab olingan. Bitim barça tomonlar ratifikatsiya qilganidan keyin kuçga kiradi.

Sammit doirasida, Özbekistonning Jahon savdo taşkilotiga a’zoligi yölida Yevropa Ittifoqi bilan bozorlarga kiriş böyiça ham kelişuvga erişilgani e’lon qilindi. Boş muzokaraçi Azizbek Urunovning sözlariga köra, endi JSTga kiriş uçun hali kelişuvga erişilmagan davlatlar soni uçta qoldi. Yaqin oylarda qolgan hamkorlar bilan ham muzokaralar yakunlanişi va kelasi yil mart oyida Özbekiston taşkilotning 167-a’zosiga aylanişi kerak.

Özbekiston prezidenti va Yevroittifoq rahbarlarining juma kungi qöşma bayonotida aytilişiça, KŞHBning imzolanişi – tomonlar örtasida readmissiya va viza rejimini soddalaştiriş masalalarini körib çiqiş imkonini beradi. Qöşma bayonotda tomonlar örtadagi hamkorlik strategik darajaga kötarilganini olqişlab, xalqaro huquq, jumladan BMT nizomi asosida barça davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilişini tasdiqlagan.

Özbekiston prezidentining taşqi siyosat böyiça maslahatçisi Abdulaziz Komilov YeI bilan yangi bitimni “köp vektorli siyosatning natijasi” deb atadi. Va bu siyosat doirasidagi muloqotlar keyingi hafta ham davom etadi. 30-31 oktyabr kunlari Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb Özbekistonga rasmiy taşrif bilan keladi. Bu – fin yetakçisining 1992 yildan keyingi davrdagi Özbekistonga ilk taşrifi böladi.

AQŞda esa kongressmenlar prezident Donald Trampni Markaziy Osiyo davlatlari bilan C5+1 formatida sammit ötkazişga çaqiryapti. Bunday format – Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlaş va mintaqada AQŞ strategik manfaatlarini ilgari suriş noyob imkoniyat, deyiladi ikki nafar kongressmen duşanba kuni Oq uyga yöllagan maktubda. Vaşingtondan juma kuni berilgan xabarga köra, Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo böyiça maxsus vakili Serjio Gor va davlat kotibi örinbosari Kristofer Landau yaqin orada Toşkentga kelişi kutilmoqda.

IIBdan buyurtmalar: ustozlar kuniga kabob, içki işlar kuniga televizor?

Farğonada içki işlar xodimlarining dastidan dod deguvçilar köpayib borayotgandek. Kun.uz'ga kelib tuşgan navbatdagi murojaat Quva tumanidan. Murojaatçi tadbirkorning sözlariga köra, içki işlar xodimlari u yuritadigan oşxonada bir neça marta ovqatlanib, pulini tölamay ketgan. “Xodimlar formada kelib, aroq içib, oyoqda turolmasdan yiqilgudek bölib çiqib ketişadi”, deya vaziyatni tasvirlab berdi murojaatçi Ahmadali Yunusov.

Qarzdorlik köpayib ketgaç, örtada kelişmovçilik yuzaga kelgan. Tadbirkorning aytişiça, u Quva tumani IIB boşliği örinbosarining öqituvçilar kuniga 3 ta “korobka” qilib berasan degan topşiriğini bajarmaganidan keyin, bosimlar boşlangan. Hatto bir voqea sabab bölib, tadbirkorni 5 sutkaga nohaq qamab yuborişgan. “Aybimiz içki işlar xodimlaridan haqqimizni sörab qöyganimiz böldi”, deydi Yunusov. U keyingi instansiyada yutib çiqib, 3 kundan keyin ozodlikka çiqqan.

Içki işlar mansabdorining öz lavozimidan foydalanib noqonuniy buyruq beriş epizodi Furqat tumani IIBning sobiq boşliği işida ham bor. Ayol kişi yeçintirilgani aytilayotgan jinoyat böyiça ayni paytda sud jarayoni davom etyapti. Kun.uz muxbirining xabar berişiça, IIB boşliği bilan nizolaşib qolgan soliq boşliği suddagi körsatmasida bu kelişmovçilikka ikkita sababni aytgan.

“Akmal Xöjayev bilan bir marta paxta terimi vaqti fermer ketidan tortişganman. Ikkinçi safar militsiya xodimlari kuniga 20 ta televizor olib berasan degan topşiriğini rad etganimda tortişdim. Öşanda menga IIBga qarşi çiqiş qanaqa bölişini körsatib qöyaman degan edi”, – degan Qurbonali Abdurahmonov.

Juma kungi sud majlisida soliqçining uyidagi “tezkor tadbir”da qatnaşgan 9 nafar içki işlar xodimlari guvoh tariqasida körsatma berdi. Ulardan birining aytişiça, tadbirni ötkazişga “soliq boşliği maktab öquvçisini xizmat uyiga olib kirib ketdi” degan mazmundagi xabar asos bölgan. Afsuski, sud majlisini yoritayotgan Kun.uz muxbiri qolgan xodimlarning körsatmasini eşita olmadi: sudya xodimlarning körsatmasida “davlat siri” borligini aytib, muxbirimizni sud zalidan çiqarib yubordi.

Yana bir pedofil qilmişini takrorladi. Uning ham jazosi yengillaştirilgan bölgan

Hafta davomida jamoatçilikni eng köp junbuşga keltirgan voqea Ohangaron tumanida röy berdi. Tumandagi 50-sonli manzil koloniyada jazo ötayotgan erkak koloniya hududidan qoçib ketib, 3-sinfda öqiydigan qizni zörlagani yoki zörlaşga uringani aytilyapti. 31 yoşli pedofil 16 oktyabr kuni koloniyadan qoçib ketib, jinoyatni şu kuni sodir qilgan va şu kuni qölga olingan. 9 yaşar jabrlanuvçi qizga psixolog yordami körsatilyapti.

E’tiborlisi, 31 yoşli Mirjalol Turonov aynan pedofiliya jinoyati uçun jazo ötayotgan bölgan. U 2017 yilda 14 yoşga tölmagan şaxsning nomusiga tekkani uçun qamalgan, lekin 2024 yil avgust oyida sud qarori bilan manzil-koloniyaga ötkazilgan. Oliy sud izohiga köra, öşa paytda amalda bölgan qonunçilik böyiça jazoning uçdan birini ötab bölgan mahkumlarni manzil-koloniyaga ötkaziş mumkin bölgan. Vaholanki, bolalar ombudsmaniga köra, ötalmagan jazo muddatini yengilroğiga almaştiriş pedofillarga nisbatan qöllanilmasligi haqidagi qoida Jinoyat kodeksiga 2023 yil aprel oyidayoq kiritib bölingan edi. Lekin bu örinda, kodeksning 13-moddasida belgilangan qoida: jazo ötayotgan mahkumlarning holatini yomonlaştiradigan yangi qonunlar ularga taalluqli bölmasligi – Turonovning foydasiga işlagan. Hozirda bolalar ombudsmani va ayrim deputatlar pedofiliya jinoyati uçun umrbod ozodlikdan mahrum qiliş jazosini kiritişni ilgari surmoqda.

Holatning yana bir açinarli tomoni şundaki, bir paytlar pedofillarga katta “mehribonlik” bilan yozilgan qonunlar bilan birga, şu keça-kunduzdagi davlat xizmatçilari ham bu jirkanç jinoyatning amalga oşişiga töğridan töğri hissa qöşgan bölişi mumkin. Çunki şu jinoyatga boğliq holatda, IIVning Markaziy tergov hibsxonasi xodimlariga nisbatan jinoyat işi qözğatilgan. Ular til biriktirgan holda, qonunga xilof ravişda moddiy qimmatliklar olişda gumonlanyapti. Bu jinoyat işining Ohangarondagi voqeaga aynan qanaqa aloqasi borligi hozirça oçiqlanmayapti.

Ayni paytda, Ohangarondagi holat Yangiqörğon tumanida 38 yoşli pedofil 7 yaşar qizni zörlaganidan 2 kun ötib röy bergani e’tiborli. Namangandagi holat ham sud-huquq tizimiga nisbatan jiddiy e’tirozlar markazida turibdi, çunki u yerda sud bir emas, ikki marta jinsiy jinoyat sodir qilgan şaxsni muddatidan ança ilgari qamoqdan çiqarib yuborib, uçinçi jinoyatga ham zamin yaratib bergan.

Muallif – Komron Çegaboyev
Doimiy boşlovçi – Bobur Akmalov
Tasvirçi – Şohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova