Xitoy 2030 yilgacha odamlarni Oyga uchirishini ma’lum qildi
Parvoz amalga oshiriladigan raketa Oy atrofidagi orbitaga 27 ming kilogrammgacha yuk chiqara oladi.
Xitoy davlat kosmik parvozlar operatori CASC “Buyuk yurish 10A” raketa tashuvchisi qachon uchirilishini ma’lum qildi. Raketa 2026 yilda koinotga yo‘l olishi kutilmoqda.
“10A” uzunligi 67,4, diametri esa 5 metr. U kosmik kemalarni quyi Yer orbitasiga olib chiqish uchun mo‘ljallangan — u yerda kemalar “Tyangun” kosmik stansiyasi bilan tutashadi. Orqaga qaytib keladigan birinchi variantda raketa tashuvchining foydali yuk ko‘tarish qobiliyati 14,2 ming kilogrammgacha yetishi mumkin. Yuk kemalarini uchirishga mo‘ljallangan alohida versiya ham ishlab chiqilmoqda.
Raketaning Oyga uchadigan “Buyuk yurish 10” versiyasi “10A” ga asoslanib modifikatsiya qilinadi. Uning balandligi 92 metr bo‘lib, Yer yo‘ldoshi atrofidagi orbitaga 27 ming kilogrammgacha yuk chiqara oladi.
Oyga missiyalar ikkita “Buyuk yurish 10” raketasi yordamida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Raketalardan biri Mengzhou kemasi va uning uch nafar ekipajini, boshqasi esa Lanyue qo‘nish modulini jo‘natadi. Shundan so‘ng apparatlar Oy orbitasida bir-biriga ulanadi. Kosmonavtlardan biri orbita stansiyasida qoladi, qolgan ikki nafari Yerning tabiiy yo‘ldoshi yuzasiga tushib, u yerda taxminan olti soat vaqt o‘tkazadi va bir qator ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Ushbu missiyani 2030 yilgacha amalga oshirish kutilmoqda.
Hozirda Xitoyda “Buyuk yurish 10A” raketasining birinchi bosqichi sinovlari o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, parallel ravishda “Buyuk yurish 9” og‘ir yuk tashuvchisi ishlab chiqilmoqda, u ham Oyga yirik apparatlarni yuborish, jumladan Janubiy qutb yaqinida baza qurish uchun ishlatiladi. Ushbu raketaning birinchi parvozi 2030 yilda rejalashtirilgan.
Ayni paytda mamlakatning eng kuchli raketasi 5 metr diametrga ega “Buyuk yurish 5” hisoblanadi. Uning yordamida, “Tyangun” orbital stansiyasi qurilgan. Ushbu raketa Yer atrofidagi quyi orbitaga 25 000 kilogrammgacha yuklarni olib chiqa oladi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
23:34 / 19.11.2024