Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Putinning versiyasiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Xarkiv oblastida Ukraina qurolli kuchlarining 15 ming kishilik ikki qo‘shinini «bloklagan». Aslida bunday emas - garchi ukrain armiyasining vaziyati chindan ham yomonlashayotgan bo‘lsa ham.
7 noyabr kuni Vladimir Putin Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahri yaqinida Ukraina qurolli kuchlarining ikki guruhi — 10 ming va besh ming kishilik qo‘shinlar «bloklanib qolgani» haqida aytgandi. Amalda ukrain kuchlari muhim transport tuguni hisoblanadigan Kupyansk shahrini ikkiga ajratib turuvchi Oskol daryosi bo‘yidagi ikki platsdarmni ushlab turishdadavom etmoqda. Qurshov yoki bloklanish holati haqida gap yo‘q, lekin Ukraina qurolli kuchlarining daryoning sharqiy sohilidagi bo‘linmalari ta’minoti anchadan buyon qiyinlashgan.
Putin avval ham Kursk oblastida ikki mingga yaqin ukrain harbiysi qurshovga tushib qolgani haqida gapirgandi, ammo Rossiya qurolli kuchlari Sudja shahridan g‘arbdagi Olgovka o‘rmonida yashiringan ukrain bo‘linmasiga ta’minot yetkazib berish yo‘llarini to‘liq to‘sib qo‘ya olmagani ma’lum bo‘ldi.
Ukrain qo‘shini Donbassning markaziy qismida ham bir necha bor deyarli qurshov holatidan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni vaqtda Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi mintaqa janubidagi asosiy transport tuguni — Kuraxovo shahridagi garnizonni evakuatsiya qilish zarurati qarshisida turibdi, ushbu shahar ham qurshov xavfi ostida qolmoqda.
Kuraxovo va Selidove
Selidove shahrini egallagan Rossiya qo‘shini undan shimoli-g‘arbdagi Pokrovsk hamda janubdagi Kuraxovo suv ombori tomon harakatlanmoqda. Oldinroq Gornyakni egallagan yana bir guruh esa suv omborining sharqiy sohilidan g‘arbdagi hududlarga yurish boshlagan. Katta ehtimol bilan, RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi ikki guruh suv omborining g‘arbiy chekkasida birlashishi va Pokrovskka olib ketuvchi yo‘llarni to‘sib, ukrainlarning suv omborining narigi tomonida joylashgan garnizonini qurshovga olishini rejalashtirgan.
Bu vaqtda Kuraxovoga janubdan yana ikki guruh yaqinlashmoqda, ushbu bo‘linmalar yaqinda Vuhledar shturmida qatnashgandi. Ukraina bu yo‘nalishda mudofaani ushlab turish uchun yetarli kuchga ega emas va Vuhledar hamda Kuraxovo oralig‘idagi hududda joylashgan qishloqlarni birin-ketin topshirmoqda. Rossiya yurishining janubiy qanoti maqsadi — Kuraxovo va undan g‘arbroqdagi Konstantinopol qishlog‘iga yetib kelib, Kuraxovo — Zaporijjya yo‘lini to‘sib qo‘yishdir.
Katta ehtimol bilan, Rossiya yurishining bu maqsadlariga erishish yaqinlanganida, Kuraxovo garnizoni shaharni tark etishga majbur bo‘ladi.
Shuningdek, Rossiya qo‘shini Pokrovsk va unga qo‘shni joylashgan posyolkalarga ham hujum qilishga tayyorlanmoqda. So‘nggi hujumlarga ko‘ra, reja — shaharga sharq va janubdan (Selidove tomondan) bir vaqtda yetib kelish. Undan keyin, so‘nggi oylarda ko‘p bor kuzatilgani kabi — qurshov xavfi yuzaga keltiriladi va shturm boshlanadi. Ammo Pokrovskdagi amaliyotni Rossiya qo‘shini Kuraxovoni egallashdan oldin boshlash qiyin: RF qurolli kuchlari mazkur hududda bir vaqtda ikkita yirik yurish o‘tkazish uchun yetarli emas.
Toretsk va Chasiv Yar
RF qurolli kuchlarida kuch yetishmovchiligi Rossiya qo‘mondonligining ayrim rejalari amalga oshirilmay qolishiga va qo‘shinlar qonli janglarda jiddiy yutuqlarga erisha olmasligiga olib keladi.
Xususan, fevralda Avdiyivkani egallagan qo‘shinlarning bir qismi asosiy kuchlar bilan Pokrovsk tomonga emas, balki Avdiyivkadan shimoli-sharqdagi Toretsk aglomeratsiyasini shturm qilishga yo‘l olgandi. Dastlabki muvaffaqiyatlardan keyin bu qo‘shin Ukraina qurolli kuchlarining zaxira kuchlari bilan to‘qnashdi va ko‘cha janglarida o‘ralashib qoldi. So‘nggi ikki hafta davomida RF qurolli kuchlari mazkur hududda aytarli yutuqlarga erisha olmagan.
Toretskdan shimolroqda RF qurolli kuchlari Chasiv Yarning janubiy chekkalariga yorib kirgan. Chasiv Yar — Konstantinovka yo‘li bo‘yida janglar davom etmoqda. Ko‘p oylardan buyon Chasiv Yarni mudofaa qilib kelayotgan garnizon ta’minot yo‘lidan ayrilishi, bu esa shaharni tark etishga majbur qilishi mumkin.
Kupyansk
Putinning ukrain qo‘shini Kupyansk atrofida «bloklanib qolgani» haqidagi bayonoti, birinchi navbatda Kreml Xarkiv oblasti shimoli-sharqidagi amaliyotga katta ahamiyat qaratayotganidan dalolat beradi.
Kupyanskka hujumlar 2023 yil qishida boshlangandi. Shundan buyon hatto birinchi maqsad ham bajarilmadi — RF qurolli kuchlari baribir Ukraina qurolli kuchlarini Oskol daryosi ortiga surib tashlay olmadi.
Rossiya qo‘shini bir necha hafta oldin Kupyanskdan janubroqda Oskol bo‘yiga yetib kelgandi, ammo hozircha shaharga yorib kirishning uddasidan chiqqani yo‘q — uni Ukraina qurolli kuchlarining bir necha brigadasi mudofaa qilmoqda, Oskol ustidan o‘tgan ko‘priklar ancha oldinroq Rossiya aviatsiyasi tomonidan bombardimon qilinganiga qaramay, garnizon g‘arbiy sohil bilan barqaror aloqaga ega.
Rossiya qo‘shini daryo sohiliga yetib kelgan nuqtadan janubroqda Ukrainaning boshqa bir guruhi mudofaalanmoqda, bu bo‘linmalar ham daryo bo‘ylab janubga ketuvchi yo‘l hamda daryo ustidan o‘tgan bir necha kechuv yo‘llari orqali front orti bilan ishonchli aloqaga ega — ukrainlar bu kechuvlarni bombardimonlardan keyin tezda tiklamoqda.
Rossiyaning bu yurishining yakuniy maqsadini aniqlash qiyin: Oskol daryosini kechib o‘tish va g‘arbiy sohilda barqaror platsdarm tashkil etish oson bo‘lmaydi. Shunday ekan, Kupyanskning sharqiy qismini egallash yurish qilish uchun yangi imkoniyatlarga olib kelmaydi. Faqat Oskol bo‘ylab janubga yurish va Limanga yetib borish varianti qolmoqda. Nazariy jihatdan, shundan keyin (agar Ukraina qurolli kuchlarida u vaqtga borib qarshilik ko‘rsatish uchun kuch qolgan bo‘lsa) Oskolning yanada yirikroq daryo — Shimoliy Donga quyilish joyigacha yetib borish uchun yurish qilish mumkin bo‘ladi.
Kursk oblasti
Ukraina qurolli kuchlari Rossiya yurishini Sudjadan g‘arbda to‘xtatishga erishgan. So‘nggi haftalarda Novoivanovka posyolkasi va Zeleniy Shlyax xutorida janglar davom etdi. Ukrain qo‘shini bu yo‘nalishga zaxira kuchlar olib kelib tashlagan va qarshi hujumlarni davom ettirmoqda, jumladan, tanklardan foydalangan holda.
Novoivanovkadan shimoli-g‘arbda ukrain qo‘shini (bir hafta oldin Putin «qurshab olingani»ni aytgan guruh) Olgovka atrofidagi o‘rmonda qolmoqda — qishloqning o‘zi RF qurolli kuchlari tomonidan qaytarib olingan.
Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblasti Glushkovo rayonidagi qo‘shinini Ukrainaga qaytarib olib ketgan. Bu yerda ukrain qo‘shini baribir Veseloye qishlog‘ini egallab, Glushkovo rayoni markaziga yaqinlashish vazifasini uddalay olmadi. Shu bilan birgalikda, ushbu guruh bir necha hafta oldin Rossiyaning kattagina kuchlarini o‘ziga jalb etishga muvaffaq bo‘lgandi. Hozircha olib ketilgan qo‘shindan qayerda foydalanilishi ma’lum emas — Kursk oblastida yoki Ukrainaning boshqa joyida. Rossiyaning Glushkovo atrofida bo‘shagan bo‘linmalari katta ehtimol bilan Sudjaga yurish qilayotgan guruhni kuchaytirish uchun olib o‘tiladi.
The New York Times xabariga ko‘ra, RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi Kursk oblastidagi yangi qarshi hujum uchun 50 ming kishilik qo‘shin to‘plagan bo‘lib, uning tarkibida KXDR harbiylari ham bor. Manbalarga ko‘ra, hududga 10 mingdan ortiq shimoliy koreyalik harbiylar yetib kelgan.
Rossiyaning bu yurishidagi asosiy maqsad — «Sudja» chegara o‘tkazish punkti hamda Sudja va Sumini bog‘lab turuvchi, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi guruhiga ta’minot yetkazib berishda foydalanilayotgan trassani to‘sib qo‘yish hisoblanadi. Rossiyaning mazkur hududdagi yurishi sentabr boshidan buyon asta-sekinlik bilan kechmoqda: RF qurolli kuchlari har safar besh-yetti kilometr masofani bosib o‘tgach, artilleriya, front ortidagi bazalar va zaxira kuchlarni tortib kelish uchun tanaffus qiladi. Buning evaziga Ukraina qurolli kuchlari ham Sudja atrofidagi mudofaani mustahkamlashga muvaffaq bo‘lmoqda.
RIA Novosti davlat axborot agentligi rossiyalik harbiylar Kursk oblastidagi janglarga qanday tayyorlanayotgani aks etgan reportajni taqdim etdi.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024