11 noyabr, dushanba kuni Ozarboyjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi ishtirokchilari tomonidan CO2 tashlamalariga sertifikatlarning global savdosi bo‘yicha asosiy qoidalar to‘plami kelishib olindi.

Bu qadam 2015 yilda iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi tuzilganidan beri kutilayotgan muhim mexanizm ishga tushirilishini anglatadi, deb xabar beradi AFP. Ozarboyjon ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Muxtor Boboyev erishilgan natijalarni «misli ko‘rilmagan yutuq» deb atadi va shu bilan birga, emission sertifikatlar savdosini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha harakatlar zarurligini ta’kidladi.

Bokudagi COP29 ishtirokchilari

Bu yil BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi Bokuda 51 mingga yaqin ishtirokchini jamladi. Bu Dubayda o‘tgan yilgi forumdan sezilarli darajada kam. Xususan, G20 a’zosi bo‘lgan barcha mamlakatlarning ham rahbarlari tadbirga kelmadi, garchi atmosferaga chiqarilayotgan parnik gazlarning 80 foiziga aynan shu tashkilot davlatlari birgalikda mas’uldir.

Xususan, Germaniya hukumati koalitsiyasi parchalanganidan keyin asosiy vazifasi Germaniya ichida kelishuvga erishish bo‘lgan GFR kansleri Olaf Shols konferensiyada ishtirok etishdan bosh tortdi. Bokuda Germaniya tomonidan tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok, Germaniya vitse-kansleri va iqtisodiyot vaziri Robert Habek, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi rahbari Svenya Shulse, shuningdek, Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi rahbari Shteffi Lemke ishtirok etmoqda. 

Germaniya hukumatining iqlim bo‘yicha vakolatli vakili Jyennifer Morganning 11 noyabr kuni aytganidek, unga Berlin tomonidan COP29'da Germaniya pozitsiyasini taqdim etish uchun «keng qamrovli mandat» berilgan. «Biz o‘z majburiyatlarimizni bajarishda davom etamiz», deya qo‘shimcha qildi u.

Yanvar oyida Oq uyni tark etadigan AQSh prezidenti Jo Bayden ham Ozarboyjonga kelmadi. Ayni paytda AQShning iqlim bo‘yicha elchisi Jon Podesta konferensiya ishtirokchilarini Vashington ushbu muammoga shubhali munosabati bilan tanilgan AQShning 47-prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasidan keyin ham iqlimni muhofaza qilish yo‘lida kurashni davom ettirishiga ishontirdi.

O‘z navbatida, COP29'da ishtirok etayotgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer X mikroblogida o‘z hukumati «iqlim xavfsizligi milliy xavfsizlik ekanligiga ishonch hosil qilganini» ta’kidladi.