“Qazib olinadigan energiya resurslariga boy mamlakat sifatida, biz boshqa davlatlarning ham bunday resurslarni qazib olish va ushbu sohaga investitsiya kiritish huquqini himoya qilamiz”, — degan edi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev aprel oyida Berlinda o‘tkazilgan iqlim masalalari bo‘yicha Petersberg muloqotida. Shu tariqa Aliyev iqlim muhofazasi bo‘yicha muzokaralarda Ozarboyjon qaysi yo‘nalishdan borishini bildirib o‘tgan.

11 noyabrdan beri Bokuda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi masalalariga bag‘ishlangan 29-konferensiyasi (COP29) o‘tkazilmoqda.

Qazilma yoqilg‘idan foydalanish iqlimga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga qaramay, Ozarboyjon rahbariyati uni qazib olishdan voz kechishga unchalik shoshilmayapti. Bokuning pozitsiyasini tushunsa bo‘ladi, chunki Ozarboyjon qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega bo‘lsa-da, neft va gaz savdosidan keladigan foyda davlat daromadlarining 60 foizini ta’minlaydi, deb yozdi Deutsche Welle nashri.

Iqlimni himoya qilish uchun pul qayerdan olinadi?

Bu yilgi xalqaro iqlim anjumanida atmosferaga karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishdan tashqari ishtirokchilar oldida yana bir murakkab vazifa turibdi: davlat va hukumat rahbarlari rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishining tobora kuchayib borayotgan oqibatlariga qarshi kurashish va barqaror iqtisodiyot yaratishga o‘tish uchun qanday moliyaviy yordam ko‘rsatishni hal qilishi kerak.

Bir necha yil oldin AQSh, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari kabi rivojlangan mamlakatlar 2020 yildan boshlab iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berish uchun har yili 100 milliard dollar ajratish majburiyatini o‘z zimmasiga olgandi. Biroq bu maqsadga 2022 yilga kelibgina erishildi. Mablag‘larning sezilarli qismi yuqori foizli qarzlar ko‘rinishida taklif etilgani keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Yuqoridagi davlatlar va’dasini bajarilmaganlikda ayblandi.

Germaniyaning “Yangi iqlim instituti” nodavlat tashkiloti vakili Niklas Xyone yiliga 200 milliard dollardan 700 milliard dollargacha bo‘lgan mablag‘ haqida kelishib olish mumkinligini ta’kidlamoqda.

“Shunda iqlim o‘zgarishi uchun haqiqatan ham mas’ul bo‘lgan boy mamlakatlar va birinchi navbatda bu o‘zgarishlardan aziyat chekayotgan kambag‘alroq mamlakatlar o‘rtasida adolatli moliyaviy muvozanat o‘rnatiladi”, — dedi u DW bilan suhbatda.