Fan-texnika | 20:31 / 15.11.2024
2191
2 daqiqa o‘qiladi

Bino ichidagi ortiqcha shovqinni so‘ndirishga qodir sun’iy intellektga ega quloqchinlar yaratildi

Quloqchilar oltita qo‘shimcha mikrofon bilan jihozlangan bo‘lib, qurilma hosil qilgan «tovush pufagi» 1,8 metr radiusdan tashqaridagi ortiqcha shovqinlarni so‘ndiradi.

Foto: Nature Electronics

 

Vashington universiteti dasturchilari sun’iy intellekt o‘rnatilgan Sound bubble («tovush pufagi») maxsus quloqchinlarni yaratdi. Mazkur ixtiro tafsilotlari universitetning rasmiy sayti va Nature Electronics jurnalida e’lon qilingan.

Bu kabi ko‘rinmas pufakning radiusi 1,8 metrga yetadi — sun’iy intellekt undan tashqaridagi tovushlarni so‘ndiradi. Qurilma atrofdagi ovoz va shovqinlarni so‘ndirgan holda suhbatdoshlar muloqoti uchun sharoit yaratib beradi.

«Tasavvur qiling: ofisda ishlaysiz, siz atrofdagi ovozlar xalaqit bermasligi uchun shovqin so‘ndiruvchi quloqchinlarni taqib olgansiz. Hamkasblaringiz stolingizga kelib savol beradi, siz bo‘lsa, quloqchinlarni yechish o‘rniga, ular nima deyayotganini aniq eshitasiz. Xonadagi boshqa shovqinli suhbatlar esa so‘ndirilgan holatda bo‘ladi», — deydi qurilma ixtirochilari.

Shovqin so‘ndiruvchi quloqchilar oltita qo‘shimcha mikrofon bilan jihozlangan. Kichik bort kompyuteri turli tovush manbalarigacha bo‘lgan masofani tahlil qilishga o‘rgatilgan neyrotarmoqni boshqaradi. Sun’iy intellekt uzoq joydan tarqalayotgan shovqinni filtrlaydi, yaqin atrofdagi odamlar ovozini esa kuchaytiradi. «Pufak»dan tashqaridagi ovoz va shovqin o‘rtacha 49 detsibelga so‘ndiriladi.

Sun’iy intellekt tizimi barcha ovozlarni real vaqt rejimida 8 millisoniya ichida qayta ishlaydi. Quloqchilardan hozircha faqat bino ichida foydalanish mumkin, ochiq havoda esa «tovush pufagi»ni ta’minlashning imkoni bo‘lmagan.

Mavzuga oid