Fan-texnika | 20:53 / 21.11.2024
2089
2 daqiqa o‘qiladi

Google o‘zining Gemini chatbotiga foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini eslab qolish funksiyasini qo‘shdi

Ushbu funksiya foydalanuvchi va chatbot o‘rtasidagi muloqot kontekstini kengaytirish uchun yordam beradi. Obunachilar har oy 20 dollar to‘lov evaziga mazkur yangilikdan foydalanishlari mumkin.

Foto: Getty Images

Googleʼning Gemini chatboti endi foydalanuvchining qiziqishlari, ishi va nimani ma’qul ko‘rishiga oid shaxsiy ma’lumotlarini ham eslab qoladi. Hozircha ushbu funksiyani faqat Gemini Advanced foydalanuvchilari ishlata oladi.

Qayd etilishicha, ushbu funksiya foydalanuvchi va chatbot o‘rtasidagi muloqot kontekstini kengaytirish uchun yordam beradi. Obunachilar har oy 20 dollar to‘lov evaziga mazkur yangilikdan foydalanishlari mumkin.

Funksiyani o‘chirib qo‘yish ham mumkin, ammo foydalanuvchi ularni o‘chirib tashlamaguncha «xotiralar» saqlanib qoladi. Google ushbu ma’lumotlar sun’iy intellektni takomillashtirishda foydalanilmasligini yoki uchinchi tomonga berilmasligini ma’lum qilgan.

Gemini’ning yangi funksiyasi, masalan, foydalanuvchining sevimli taomini eslab qolsa, eng yaqin restoranlarni qidirish so‘roviga javob berganda, chatbot suhbatdoshning istaklariga mos variantlarni topishga harakat qiladi.

OpenAI kompaniyasi aprel oyida ChatGPT Plus obunachilari uchun shunga o‘xshash funksiyani taqdim etgandi. Keyinroq xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar chatbotdagi nuqsonni aniqlab, bu jinoyatchilarga yolg‘on ma’lumotlarni saqlash imkonini berayotganini ma’lum qilgan edi.

Google kompaniyasi Gemini neyrotarmog‘ini 2023 yil dekabrda ishga tushirgandi. Kompaniya uni sun’iy intellektning eng kuchli va samarali modeli deb atagan. Gemini uchta komponentni o‘z ichiga oladi: Ultra (eng katta va eng funksional), Pro (keng ko‘lamli vazifalar uchun) va Nano (aniq vazifalar va mobil qurilmalar uchun). Ularning barchasi rasmlar, audio va videolarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mavzuga oid