Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari: u qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin?
Ushbu maqolada Rossiya, Ukraina, AQSh va dunyoning boshqa davlatlarining Ukrainadagi urush tugashi bo‘yicha ssenariylari jamlab chiqildi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi yana bir jiddiy nuqtaga yetib keldi. AQSh Kiyevga Rossiya hududi ichkarisiga uzoq masofali qurollar bilan zarba yo‘llashga ruxsat berganidan so‘ng, Moskva Ukrainada yangi ballistik raketani ishlatdi va Yevropaga zarba berish tahdidi bilan chiqdi.
Shuningdek, Rossiya armiyasi Donbass va Kursk oblastlarida hujumlarni davom ettirmoqda, bunda Shimoliy Koreya harbiylari ko‘magidan foydalanmoqda.
Bu vaziyat Donald Trampning AQSh prezidentligiga qaytishidan oldin sodir bo‘layotgan bir paytda, Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari ehtimoli haqidagi muhokamalar yanada faollashdi.
BBC ushbu nizo ishtirokchilari va ularning asosiy ittifoqchilari tomonidan urush tugashi bo‘yicha qanday ssenariylar ko‘rilayotgani va ularning pozitsiyalari qanday o‘zgargani haqida ma’lumot taqdim qildi.
Rossiya: Putin anneksiya qilingan hududlarni tan olishni va Kiyevni NATOga qo‘shmaslikni talab qilmoqda
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024 yil yozida tinchlik muzokaralarini boshlash uchun o‘z shartlarini e’lon qilgandi. Ushbu shartlar quyidagilardan iborat:
- Ukraina Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlaridan o‘z qo‘shinlarini ularning ma’muriy chegaralarigacha to‘liq olib chiqishi kerak. Bu nafaqat Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni, balki hozir Kiyev nazoratidagi bo‘lgan Xerson va Zaporijjya shaharlarini ham qamrab oladi.
- Kiyev NATOga qo‘shilish rejalaridan rasman voz kechib, neytral maqomga ega bo‘lishi lozim.
- Qrim, Sevastopol va Ukraina sharqida anneksiya qilingan hududlar Rossiyaga tegishliligini xalqaro shartnomalarda tan olish talab qilinadi.
- Rossiyaga qarshi qo‘yilgan sanksiyalar bekor qilinishi kerak.
Putin bu shartlar bajarilsa, Moskva muzokaralarga «ertagayoq» tayyor ekanini ta’kidladi. U Kiyev o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashi bilanoq «darhol otishmalarni to‘xtatish» buyrug‘ini berishga va’da berdi. Ammo Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu talablarni ultimatum deb atadi.
Rossiyaning bugungi pozitsiyasi Kremlning urush boshida qo‘ygan talablaridan ayrim jihatlari bilan farq qiladi. Rossiya rasmiylari dastlab urush maqsadlarini «maxsus harbiy operatsiya» sifatida talqin qilib, «denatsifikatsiya», «demilitarizatsiya» va Donbass aholisini himoya qilish kabi noaniq maqsadlarni ko‘rsatgan edi.
Jurnalistik tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi «Sistema» nashri yaqinda urush boshida Rossiya Kiyevga taklif etgan tinchlik shartnomasining dastlabki ko‘rinishlarini topib, e’lon qildi. Unda quyidagi talablar bor edi: Ukraina armiyasini 50 ming askargacha qisqartirish (2022 yilgacha bu ko‘rsatkich 250 ming edi); qurollanishni Belarus darajasidan ham pastroq darajaga tushirish; barcha dekommunizatsiya qonunlarini bekor qilish hamda rus tilini davlat tili sifatida tan olish. O‘shanda Rossiya bu talablari bilan Ukrainaning to‘liq taslim bo‘lishi, ehtimol, hukumatning o‘zgarishini ko‘zlagan.
Hozirda Rossiya bu kabi talablarni oshkora qo‘ymayapti, lekin muzokaralar boshlansa, armiyani qisqartirish talabini istisno etib bo‘lmaydi. Shuningdek, Rossiya anneksiya qilingan hududlar Rossiyaga tegishliligini tan olishni qat’iy talab qilmoqda. Urush boshida va Istanbul muzokaralari paytida Rossiya hali Ukraina hududlarini rasman anneksiya qilmagandi va hududlar maqomi bo‘yicha muhokamani kechiktirishga tayyor edi.
Putin mudom tinchlik muzokaralariga tayyorligini ta’kidlab kelayotganiga qaramay, amaldagi vaziyat boshqacha. Rossiya armiyasi Donbass va Kursk oblastlarida hujumlarini davom ettirmoqda (Telegraph nashri Putin Donald Trampning inauguratsiyasigacha ushbu hududlarni egallab olishga intilayotganini yozgan edi).
2024 yil 21 noyabr kuni Rossiya Ukrainada «Oreshnik» o‘rta masofali yangi ballistik raketasini qo‘lladi. Putin bu raketa NATO mamlakatlariga zarba berish uchun ham ishlatilishi mumkinligini aytdi. Bu vaziyat Rossiya har qanday baho evaziga tinchlik muzokaralariga tayyor emasligini ko‘rsatmoqda va urushni davom ettirishga qaratilgan harakatlar ustuvor bo‘lib qolayotganini anglatadi.
Ukraina: Zelenskiy Kiyevning pozitsiyasini mustahkamlash uchun «g‘alaba rejasi»ni qo‘llashni so‘ramoqda
Ukraina tinchlik muzokaralari bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bir necha marta o‘zgartirdi. Urush boshida Kiyev Rossiya delegatsiyasi bilan muloqotga rozi bo‘ldi. Ammo 2022 yil o‘rtalariga kelib, bu aloqalar uzildi. Volodimir Zelenskiy keyinchalik Putin bilan muzokaralar olib borish imkoniyatini inkor etuvchi qarorni imzoladi. So‘nggi oylarda Ukraina prezidenti urushni diplomatik yo‘l bilan tugatish mumkinligi haqida bot-bot gapirmoqda. Biroq buning uchun ittifoqchilar Kiyevni muzokaralar uchun qulayroq pozitsiyaga olib kelishi kerakligini ta’kidlaydi.
Bu takliflar «Volodimir Zelenskiyning g‘alaba rejasi» sifatida ma’lum. Ushbu reja 2024 yil kuzida e’lon qilindi va besh asosiy banddan iborat:
- Ukraina NATOga qo‘shilish uchun rasmiy taklif olishi kerak.
- Ukraina mudofaa salohiyatini mustahkamlashi zarur. G‘arbdagi ittifoqchilar Rossiya hududlariga uzoq masofali qurollar bilan zarba berish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashi, Ukrainaga real vaqtda razvedka ma’lumotlarini taqdim etishi va havo himoyasini kuchaytirishi lozim.
- Ukraina hududida Rossiya tahdidini to‘xtatish uchun «yadroviy bo‘lmagan strategik tiyib turuvchi paket» joylashtirilishi kerak.
- G‘arb davlatlari bilan birgalikdagi iqtisodiy resurslardan (masalan, foydali qazilma boyliklardan) foydalanish hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish.
- Urushdan so‘ng Yevropadagi AQSh qo‘shinlari o‘rniga Ukraina harbiylaridan almashtiruvchi kuch sifatida foydalanish.
Zelenskiyning rejasiga ko‘ra, ushbu shartlar bajarilishi Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qiladi. Ushbu shartlardan biri qisman amalga oshirildi — AQSh Ukrainaga Rossiya hududi ichkarisiga uzoq masofali qurollar bilan zarba yo‘llashga ruxsat berdi. Bunday zarbalar amalga oshirila boshladi va Rossiya buni nizoning avj olishi, deya baholadi hamda yadroviy doktrinasini qayta ko‘rib chiqdi. Ammo rejaning boshqa bandlari bo‘yicha ittifoqchilar tomonidan hali kelishuvga erishilmadi.
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiyning rejasidagi so‘nggi ikki band respublikachilar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bandlarda Donald Trampning Yevropaga ko‘rsatilayotgan harbiy yordamni qisqartirishga bo‘lgan qiziqishi inobatga olingan.
«G‘alaba rejasi»ga ko‘ra, Ukraina hukumati NATOga qo‘shilishdan yoki hududlarni qaytarishdan rasman voz kechishga rozi emas. Ammo FT xabar berishicha, Ukraina rahbariyati NATOga qo‘shilish va kafolatlar evaziga hududlarni harbiy yo‘l bilan qaytarishdan yuridik emas, formal tarzda voz kechishni muhokama qilgan.
Keyingi haftalarda anchayin o‘zgargan Kiyevning ritorikasi 1991 yil chegaralaridagi hududlarning barchasini qaytarish harbiy yo‘l bilan amalga oshmasligini tan oladi.
Fox News bilan suhbatda Zelenskiy shunday dedi:
«Yuridik jihatdan biz hududlarning yo‘qotilishini tan olmaymiz. Lekin bilamizki, hozirda Putinni 1991 yil chegarasiga qaytarish uchun yetarli kuchga ega emasmiz. Qrimni qaytarish uchun o‘n minglab odamlar qurbon bo‘ladigan urushga kirishishimiz mumkin emas… Biz Qrim diplomatik yo‘l bilan qaytarilishi mumkinligini tushunamiz».
Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tqazishi mumkin bo‘lgan diplomatik yo‘lni Kiyev qanday tasavvur etmoqda? Ukraina rejalarida bu kamida Moskvaga «Tinchlik sammiti»da ishtirok etish taklifini o‘z ichiga olgandi. Ushbu sammitning ilk qismi Shveytsariyada bo‘lib o‘tdi, ikkinchisi esa 2024 yil noyabriga rejalashtirilgandi. «Sammitda albatta Rossiya vakili ishtirok etishi kerak. Busiz urushni diplomatik yo‘l bilan tugatish juda qiyin bo‘ladi», degandi Zelenskiy sentabr oyida.
Tinchlik sammiti kun tartibi esa 10 ta banddan iborat Zelenskiyning tinchlik formulasi bo‘lishi kerak va u 2022 yilda jahonga taqdim etilgan: yadroviy, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikni ta’minlash, asirlarni (jumladan, deportatsiya qilingan bolalarni) ozod qilish, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish va urush zararlari uchun reparatsiya to‘lash.
Ammo Rossiya hali sammitda ishtirok etishga qiziqish bildirmadi. Ukraina ham ikkinchi sammitni noma’lum muddatga qoldirdi.
Biroq rejaning alohida punktlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotgan bo‘lishi mumkin. 2024 yil oktyabrida Financial Times Ukraina va Rossiya energetika obektlariga zarba bermaslik bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklashni muhokama qilganini xabar qildi. Ushbu muzokaralarda Qatar vositachilik qilgan. Biroq, muzokaralar Ukrainaning Kursk oblastiga bostirib kerishi fonida to‘xtab qolgan.
Tomonlar rasman muzokaralar o‘tkazilayotgani faktiga izoh berishmagan. Biroq Zelenskiy energetika obektlariga zarbalarni to‘xtatish – urushni tugatish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Bu qishning sovuq kunlari arafasida Kiyev uchun juda ta’sirli mavzu.
Bu muzokaralar bugun qay bosqichda ekani noma’lum, ko‘rinib turibdiki katta natijalar ham olib kelmagan. Rossiyaning noyabr oyi o‘rtalarida Ukraina energetika obektlariga bergan keng ko‘lamli zarbalari natijasida elektr energiyasi bir necha soatga uzilgan holatlar yuz berdi.
AQSh: Donald Tramp rejasini kutishmoqda
AQShning pozitsiyasi urush yakunlariga oid har qanday ssenariyda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, prezidentlik saylovi natijalariga ham Kiyev, ham Moskva tomonidan katta e’tibor qaratildi.
2024 yil yanvarida Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishadi. Saylovoldi kampaniyasi davomida u nizoni inauguratsiyagacha yakunlash va hatto bir sutka ichida urushni to‘xtatish qobiliyatiga ega ekanini bir necha bor ta’kidladi. Saylovda g‘alaba qozonganidan keyin ham u, ham uning atrofidagilar hali aniq rejalarni oshkor qilmagan. Biroq rejaning umumiy ko‘rinishini ommaviy axborot vositalaridagi ma’lumotlar va Oq uy hamda boshqa idoralarda Tramp jamoasiga kirgan nomzodlar orqali bilish mumkin.
Reuters agentligi 2024 yil yozida sobiq general Kit Kellog va Fred Fleyts tomonidan ishlab chiqilgan reja haqida xabar bergan edi. Ular Trampning maslahatchilari bo‘lib, uning avvalgi prezidentligi davrida Milliy xavfsizlik kengashi a’zolari edi. Reja Ukrainaga qo‘llab-quvvatlovni cheklash, Kiyevni Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishga majburlashni ko‘zda tutadi. Agar Rossiya muzokaralardan bosh torsa, Kiyevga yordamni kuchaytirish bilan tahdid qilishni ko‘zlashgan. Shuningdek, frontni mavjud chegaralarda muzlatish ham taklif etilgan.
Fleytsning ta’kidlashicha, garchi uning har bir bandini ma’qullamagan bo‘lsa-da, umuman reja Trampga yoqqan. Respublikachi prezidentning rasmiy vakillari esa bu rejadan o‘zlarini olib qochgan.
Tramp saylovda g‘alaba qozongandan keyin Wall Street Journal nashri uning jamoasidagi muhokamalar haqida ko‘proq ma’lumotlar chop etdi. Gazetaga ko‘ra, yangi prezident jamoasi bir necha ssenariyni ko‘rib chiqmoqda, ammo ularning asosiy maqsadi Bayden ma’muriyatining «qancha zarur bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlash» prinsipidan voz kechishga qaratilgan. Trampning o‘g‘li saylovdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Zelenskiy tez orada «ko‘makdan mahrum bo‘lishi»ni hazilomuz tilga olgan.
Formal nuqtayi nazardan, Bayden ma’muriyati ham Ukrainaning shimoliy alyansga a’zo bo‘lish arizasini ma’qullash uchun rozilik bermagan. Ukraina prezidentining Vashingtonga safaridan so‘ng AQSh nashrlari Oq uydagilar Zelenskiyning «g‘alaba rejasi»ga skeptik munosabatda bo‘lishganini yozdi.
Trampning saylanishi Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish ehtimolini kamaytiradi. WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Tramp jamoasi bosh qotirayotgan rejalar frontni mavjud pozitsiyalarda muzlatishni va Ukraina NATOga yaqin 20 yil davomida a’zo bo‘lmasligini nazarda tutadi.
Shu rejaga ko‘ra, demilitarizatsiya qilingan hudud yaratish va u yerda yevropalik tinchlikparvar kuchlar joylashtirilishi mumkin.
Trampning tashqi siyosatdagi maqsadlarini amalga oshirish uchun tanlagan nomzodlari ham uning urushni tezroq tugatishga intilishini ko‘rsatadi.
Senator Marko Rubioga Davlat departamenti rahbarligi taklif qilingan. Garchi Rubio ilgari Putinni «gangster» deb atagan bo‘lsa-da, keyingi oylarda Ukrainadagi urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgani va u tezroq tugatilishi kerakligini aytmoqda.
Milliy razvedka rahbarligiga Tulsi Gabbard tayinlanishi kutilmoqda. U Rossiyaning Ukraina NATOga qo‘shilishiga bo‘lgan xavotirlarini «asossiz emas» deb atagan va Baydenning Kiyevga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishini tanqid qilgan.
Trampning bulajak ma’muriyatida Milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchi lavozimiga Mayk Uolts tayinlanishi mumkin. U Rossiya bosqinini tanqid qilgan, ammo bahorda Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam berishga qarshi ovoz bergan respublikachilardan biri edi.
AQShning Ukrainadagi urush bo‘yicha maxsus vakili lavozimiga kim tayinlanishi ham ko‘p narsani belgilab beradi. Bu lavozim hozircha mavjud emas, ammo Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Tramp uni yaratish haqida o‘ylamoqda. Bo‘lajak nomzodlar orasida AQShning Germaniyadagi sobiq elchisi Richard Grennel ham bor. U urushni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlagan va Ukraina NATOga qabul qilinishiga keskin qarshi chiqqan.
Vladimir Putin Trampning urushni tugatishga intilishini «diqqatga sazovor» deb atagan.
Ukraina esa AQShning yangi ma’muriyat bilan muloqotni boshlab yuborgan, shu bilan birga, Bayden ma’muriyatidan maksimal ko‘mak olishga intilayotgani ma’lum qilingan.
Yevropa: Ukrainaga qo‘llov va’da qilinmoqda, ammo urushni yakunlash borasida qarashlar turlicha
Yevropaning Ukraina bilan ittifoqchi davlatlari o‘z tinchlik rejalarini taklif qilmagan. Yevropaning rasmiy pozitsiyasi shundan iboratki, Moskva bilan muzokaralarni qanday va qachon o‘tkazishni faqat Kiyev hal qiladi, Yevropa esa Ukrainaga moliyaviy yordam, qurol-yarog‘ va Rossiyaga nisbatan sanksiyalar orqali bosim o‘tkazishni davom ettiradi.
Biroq urushni tugatish bo‘yicha aniq ssenariylar haqidagi fikrlar Yevropa mamlakatlari orasida sezilarli darajada farq qiladi. Kiyevning ittifoqchilari orasida eng konservativ pozitsiya Germaniyada — Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turgan davlatda kuzatilmoqda. Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina NATOga a’zo bo‘lishiga qarshi. U NATO bilan Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroning oldini olish uchun ushbu pozitsiyada qat’iy qolmoqda. Rossiya Ukrainada «Oreshnik» raketasini ishlatib, Yevropaga zarbalar bilan tahdid qilganidan keyin ham Shols o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmadi. Aksincha, u Yevropa urushdagi keskinlikni oshirishdan qochish uchun barcha choralarni ko‘rishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi.
Noyabr oyi o‘rtalarida Shols ikki yil ichida birinchi marta Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashdi. Berlinning ma’lum qilishicha, kansler Putinni Kiyev bilan muzokaralarga chorlagan, maqsad «adolatli va mustahkam tinchlik» o‘rnatish edi. Kreml esa o‘z bayonotida muzokaralar «yangi hududiy voqeliklar»dan kelib chiqib olib borilishi lozimligini ta’kidladi.
Volodimir Zelenskiy Shols va Putin o‘rtasidagi muloqotni «Pandora qutisi» ochilishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya tinchlikka intilmayapti, balki urushni qayta davom ettirish uchun vaqtinchalik tanaffusni ta’minlashga harakat qilmoqda.
Sholsning pozitsiyasi muhim, ammo u koalitsiya tarqalib ketganidan so‘ng fevral oyida Germaniyada bo‘ladigan navbatdan tashqari saylovlar oldidan yana bir bor ko‘rib chiqilishi mumkin. Yevropa poytaxtlarida Kiyevga yordam berish va urushni yakunlash bo‘yicha qarashlar turlicha.
Parij rasman «g‘alaba rejasi»ni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Vengriya esa Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarni darhol boshlashni talab qilmoqda. Britaniya, o‘z navbatida, AQSh yordam hajmini kamaytirgan taqdirda ham Ukrainaga yordam ko‘rsatishga va’da bermoqda va Kiyevning o‘z hududlaridan voz kechish bo‘yicha muzokaralarni rad etishini ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda. London rasman uzoq masofaga mo‘ljallangan Storm Shadow raketalaridan Rossiya hududi ichkarisidagi nishonlarga zarba berishga ruxsat berganini e’lon qilmagan, ammo amaliyotda bu allaqachon sodir bo‘lmoqda.
Yevropada Ukrainaga eng ko‘p ko‘mak bergan davlatlardan biri Chexiyaning prezidenti Petr Pavel oxirgi oylarda bir necha bor Ukraina uchun «100 foiz adolatli tinchlik» (barcha hududlarni qaytarish va reparatsiyalarni to‘lash)ga erishish ehtimoli juda past ekanini aytdi. NATOning sobiq generali fikricha, Ukraina urush tugaganidan so‘ng ayrim hududlarining kamida «vaqtincha» Rossiya nazorati ostida qolishiga ko‘nikishi lozim.
WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainadagi zarbalar kuchaygani va Rossiya armiyasining Donbassda ilgarilashi fonida Yevropada Moskva va Kiyev o‘rtasida muzokaralar o‘tkazishni tezlashtirishga chaqiruvchi davlatlar soni ortyapti. Ular orasida Trampning rejasini qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlar ham bor.
Qolgan dunyo: Pekin va «Global Janub» Ukrainadagi urushni tinchlik yo‘li bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlamoqda
Ukrainadagi urushga boshqa davlatlar ham diqqat bilan nazar tashlamoqda. Ba’zilari mojaroni hal qilishda faol ishtirok etishga va Rossiya hamda Ukrainaga o‘z rejalarini taklif qilishga harakat qilmoqda.
Bloomberg agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning o‘ziga xos rejasi bor. Turkiya NATO a’zosi bo‘lib, Moskva bilan yaqin aloqalarni saqlab qolgan kam sonli davlatlardan biri hisoblanadi. Erdo‘g‘anning vositachiligida Moskva va Kiyev o‘rtasida urush boshlanganidan beri amalga oshgan kam sonli kelishuvlardan biri — g‘alla bitimi imzolangani bo‘ldi.
Erdo‘g‘an rejasiga ko‘ra Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini 10 yilga muzlatib qo‘yish, evaziga Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Shuningdek, Donbassning sharqiy qismlarida demilitarizatsiya qilingan hudud tashkil etish va u yerda tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish ham taklif qilingan. Anneksiya qilingan hududlar masalasi esa keyinga qoldirilib, asosiy e’tibor o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilishi taklif qilingan.
Anqara bu rejani Rossiya yoki Ukrainaga taqdim etgani noma’lum.
Xitoy va Braziliya o‘z tinchlik rejalarini taklif qilgan, ular reja atrofida hattoki keng koalitsiya yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. 2024 yil sentabr oyida ushbu davlatlar «Global Janub» davlatlari bilan hamkorlikda «Tinchlik do‘stlari» platformasini tashkil qildi. Ushbu guruh yig‘ilishi BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazildi. Xitoy va Braziliyadan tashqari unga Misr, Indoneziya, Janubiy Afrika, Meksika va Zambiya kabi 17 ta davlat qo‘shildi.
Yevropaning uchta davlati – Shveytsariya, Fransiya va Vengriya ham mazkur uchrashuvni kuzatgan.
«Tinchlik do‘stlari» platformasi rejasi olti asosiy punktdan iborat: jangovar harakatlarni to‘xtatish; mojaroni hal qilish uchun konferensiya o‘tkazish; insonparvarlik yordami va asirlar almashinuvini amalga oshirish; ommaviy qirg‘in qurollari va yadroviy obektlarga zarbalardan voz kechish; global yetkazib berish barqarorligini ta’minlash.
Yig‘ilish yakunida qabul qilingan kommyunikeda davlatlar BMT xartiyasiga va davlatlarning hududiy yaxlitligiga rioya qilishni talab qilgan. Shu bilan birga, «davlatlarning legitim xavotirlari»ga hurmat bildirish lozimligi qayd etilgan. Vladimir Putin xuddi shu «legitim xavotirlar»ni Ukrainaga bostirib kirish va uning hududlarini anneksiya qilish uchun asos sifatida ko‘rsatgani inobatga olinsa, bunday reja ikki tomonni qanday qilib yarashtirishi mumkinligi tushunarsiz.
Rossiya tomoni Xitoy va Braziliyaning tashabbusini ijobiy baholadi. Vladimir Putinning tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov BRICS’ning Qozondagi sammitida davlat rahbarlari ushbu rejani muhokama qilganini aytgan (ya’ni, Kiyev ishtirokisiz).
Volodimir Zelenskiy esa mazkur rejani «destruktiv» deb atadi. «Qanday qilib biz bilan maslahatlashmasdan, o‘z tashabbuslarini taklif qilish mumkin? Rossiya esa muhokamaga qo‘shilib, «biz ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz», deydi? Biz ahmoq emasmiz! Bu teatr nima uchun?» – deya e’tiroz bildirgan Zelenskiy.