Jahon | 19:07
1212
12 daqiqa o‘qiladi

“Isroilning shartlari asosidagi sulh” - ekspertlar Livandagi otashkesim haqida

Isroil va “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Isroil yaqin 60 kun ichida Livan hududidan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak. Xo‘sh, 58 kun davom etgan Isroil–“Hizbulloh” urushi nega boshlangan edi? Tomonlar o‘z maqsadlariga qanchalik erishdi? Kun.uz “Geosiyosat” dasturiga siyosiy tahlilchilar Shavkat Ikromov va Kamoliddin Rabbimovni taklif etdi.

— “Hizbulloh” Isroilning G‘azodagi urushi sabab bu mojaroga aralashgan edi. Bugun “Hizbulloh” o‘z maqsadiga qanchalik erishdi?

Shavkat Ikromov: G‘azoda urush boshlangandan keyin, Hamasni qo‘llab-quvvatlovchi sifatida “Hizbulloh” maydonga chiqqan edi. Eron ham qo‘llab-quvvatlovchi sifatida bu urushda ishtirok etdi. Natijada 2024 yil sentabrining ikkinchi yarmida Isroil Livan hududidagi “Hizbulloh” obektlariga doimiy zarbalar berishni boshladi va urush G‘azodan tashqariga chiqib ketdi.

Urush Livanning janubi bo‘ylab juda tezkor va shiddatli tarzda davom etdi. Isroilda urushni uzoq vaqt davom ettirish uchun imkoniyat emasdi, imkon qadar qisqaroq vaqt ichida “Hizbulloh”ni taslim qilishi kerak edi. “Hizbulloh” ham qarshi hujumlarga o‘tdi, bir necha marta Tel-Avivga raketalar uchirishga muvaffaq bo‘ldi. Isroil armiyasiga ma’lum zarar yetkazdi. Shu bilan birga, Livandagi tinch aholi katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligidagi ma’lumotlarga ko‘ra, urush natijasida uch mingga yaqin tinch aholi vafot etgan. 800 mingdan ortiq odam o‘zining doimiy turar joylarini tashlab ketgan.

“Hizbulloh” biror bir natijaga erisha olgani yo‘q. Qo‘shma Shtatlardagi saylovlarda Donald Trampning saylangani ma’lum bo‘lgandan keyin, Isroil mudofaa vaziri “Hizbulloh” to‘liq kuchsizlantirilgani haqida bayonot bilan chiqdi. Undan avvalroq esa Hamas haqida ham xuddi shunday degandi. O‘shanda biz “Hizbulloh” va Isroil sulhga yaqin kelayotgani haqida aytgan edik va mana, hozir bu vaqtincha bo‘lsa ham amalga oshdi.

Kamoliddin Rabbimov: “Hizbulloh”ning urushdan ko‘zlagan asosiy maqsadi – Isroilga maksimal darajada zarar yetkazish edi, lekin u bunga to‘laqonli erishgani yo‘q. 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroil “Hizbulloh”ga urushga aralashgan taqdirda Livanni butunlay xonavayron qilish bilan tahdid qilgandi. Bu yerda bir qancha omillar kesishdi. Birinchidan, bu vaqtda Eron hokimiyati o‘zgardi va mamlakatda G‘arb bilan kelishuv hamda urush eskalatsiyasidan chekinish masalasi kun tartibiga ko‘tarildi. Ikkinchidan, Isroil manipulyatsiyadan foydalandi, ya’ni avvaliga bor kuchini Hamasni vayron qilishga qaratib, ma’lum darajada maqsadiga erishganidan so‘ng, kuchlarini “Hizbulloh” tomonga burdi. Uchinchidan, Isroil o‘zining o‘n yillar davomida to‘plangan razvedka ma’lumotlaridan foydalanib, “Hizbulloh”ning asosiy liderlarini yo‘q qildi.

Livan ichidagi eng katta siyosiy va harbiy kuch bu – “Hizbulloh”, ayni paytda, Livan davlatchiligi uchun noqulay bo‘lgan omil ham bu “Hizbulloh”. Lekin livanliklar uchun eng katta geosiyosiy tahdid yoki nafrat obekti sifatida Isroil ko‘riladi. Ya’ni livanliklar “Hizbulloh”ni yoqtirmaydi, lekin Isroilni undan ko‘proq yomon ko‘radi. Shuning uchun “Hizbulloh”ning legitimligining sababi – Isroilga bo‘lgan nafrat.

Livan hokimiyati ko‘p tarkibli jamiyat bo‘lgani uchun, prezident arab xristian bo‘ladi, bosh vazir arab sunniy bo‘ladi, bosh vazirning o‘rinbosari musulmon shia bo‘ladi. Mamlakatda shunday o‘ziga xos konstitutsiya ishlab chiqilgan va ichkaridagi inqirozlar sababli bu anchagina mo‘rt davlatchilik hisoblanadi. Shuning uchun “Hizbulloh” markazlashgan, jangovar, siyosiy va mafkuraviy tashkilot sifatida anchagina qudratli.

Isroil “Hizbulloh”ni to‘liq kuchsizlantirgani yoki uning qudratini o‘n yilcha orqaga qaytargani haqida bayonot bergan. Aslida bu bayonotga juda cheklangan ma’noda qo‘shilish mumkin. To‘g‘ri, rahbarlar yo‘q qilindi, lekin tashkilotning umumiy qudrati va salohiyati yo‘q bo‘lmaydi, chunki bu imkonsiz. Asosiy sabab – jamiyatdagi ijtimoiy kayfiyatning Isroilga bo‘lgan munosabatidir. Qanday siyosiy kuch kelishidan qat’iy nazar, 80 yil davomida Isroilga to‘plangan nafrat oshib boradi.

Isroilning Livanda olib borgan urushdan maqsadi nima edi?

Shavkat Ikromov: Urush G‘azodan tashqariga olib chiqilib, Livan territoriyasiga kirib bordi va bu orqali Eronning mintaqadagi harakatlariga “Hizbulloh” orqali zarba berishni maqsad qilgan edi.

Netanyahu “Hizbulloh”ning mintaqadagi kuchini qisqartirib, Eronning harakatlarini zaiflashtirishga erishdi. Garchi G‘azo mintaqasidagi barcha maqsadlariga hali erishmagan bo‘lsa-da, taktik jihatdan g‘alabalar bor, lekin strategik jihatdan Hamas va “Hizbulloh” to‘liq yo‘q qilinmadi.

Mazkur sulhga Eronning munosabati qanday?

Shavkat Ikromov: Hozirda Erondagi “Hizbulloh”ni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlar bu sulhni yoqlamayapti. Isroil xalqaro maydonda ancha obro‘sizlanib qolgan edi. Masalan, Xalqaro jinoyat sudi tomonidan Netanyahuni hibsga olishga order berildi. Ya’ni “Hizbulloh” uchun yo‘llar ochilib borayotgan bir vaqtda, sulhga kelindi, degan tanqidlar bor.

Lekin ikkinchi tomondan, Eron uchun “Hizbulloh”ni qo‘llash hozir birinchi darajali masala emas. Mamlakatda juda kuchli ijtimoiy va iqtisodiy muammolar bor, bu muammolarni bartaraf etish uchun G‘arbga yuzlanishni boshlagan. Bu sharoitda “Hizbulloh”ning sulhga kelishida ehtimol Eronning o‘zi ham ishtirok etgan, ya’ni “Hizbulloh”ni shunga ko‘ndirgan bo‘lishi mumkin. Chunki Eronning hozirgi maqsadlari va yuritayotgan siyosati shunday taxminga undaydi.

Netanyahu majburlikdan sulhga rozi bo‘ldimi?

Kamoliddin Rabbimov: Albatta, u bunga majbur bo‘ldi va bunga sabab bo‘lgan bir qancha omillar bor. Bir necha kun oldin Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyahuga va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qildi. Isroil Xalqaro jinoyat sudining bu qarorini naqadar og‘riqli ekanini yaxshi his qiladi. Ikkinchidan, Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan ham bosim bo‘lgan, chunki AQShning Isroildan tashqari arablar bilan, ayniqsa, Livan bilan bog‘liq manfaatlari bor. Livan – arab davlatlari ichida eng ko‘p xristian aholisi bo‘lgan davlatdir. Livanning yarim aholisi – xristian arablar. Shuningdek, Fransiya ham Livanga boshqacha e’tibor qaratadi. Agar biror livanlik Fransiyadan boshpana so‘rasa, ikkilanmasdan bu iltimosni bajaradi. Chunki bu hududlar, jumladan Suriya va Livan Fransiyaning koloniyalari bo‘lgan, shu sababli Fransiya bu hududga tarixiy nuqtai nazardan qaraydi. Bundan tashqari, Bayden ham Isroilga repressiyani oshirib yuborgani borasida bosim o‘tkazdi.

Ayni paytda Isroil jamoatchilik uchun bir signal ham beryapti: agarda “Hizbulloh” tomonidan qandaydir yana Isroilga tahdid bo‘ladigan bo‘lsa, unda yana qaytadan Isroil javob berishga haqli, degan mafkuraviy bir pozitsiyani bildirib qo‘ydi.

Aytish kerakki, bu “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasidagi birinchi urush emas. Oxirgisi ham emas. Besh, o‘n yoki o‘n besh-yigirma yildan keyin ham bu urush davom etaveradi. Isroilning asosiy maqsadi – urush orqali hududini kengaytirish. Atrofdagi davlatlar va xalqlar bu holatga salbiy munosabatda. Isroilning bundan keyin yashovchanligi faqatgina harbiy usullar bilan bog‘liq. Uning homiysi Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatgan kun Isroilning taqdiri hal bo‘lishi mumkin.

Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi kelishuvning aniq shartlari nimalardan iborat?

Shavkat Ikromov: Bu sulh mintaqada barqaror tinchlik uchun asos emas. Umuman olganda, bunaqa sulh 2006 yilda ham tuzilgan va hech qachon hayotga to‘liqligicha tatbiq qilinmagan. Hozirgi shartnomaga ko‘ra, 60 kun davomida tomonlar urushni yakunlashi kerak. “Hizbulloh” Isroil bilan chegara yaqinida bufer zonani tashkil qilgan holda, chegaradan 30 kilometrga, Litani daryosi bo‘yiga o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish kerak bo‘ladi. “Hizbulloh” tark etgan hududga Livan hukumatining 10 ming nafar qo‘shini kiritiladi. Mutaxassislar allaqachon 5 ming nafar harbiy u yerda harakatlanayotganini aytmoqda.

Shuningdek, Isroil ham Livandan o‘z qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqib ketishi kerak bo‘ladi. Bu yerdagi nazorat BMTning tinchlikparvar qo‘shinlariga qoldirilishi kerak. Urushdan avval ham bu hudud BMT kuchlari nazoratida edi. Bu 2006 yilgi shartnomada ko‘zda tutilgan.

Harbiy ekspertlarning aytishicha, shartnomaga kiritilgan bu band rasmiyatchilik uchun kiritilgan bandga o‘xshaydi. Chunki BMTning qo‘shinlari avval ham bu yerda muvaffaqiyatli harakat qila olmagan. Agar BMT qo‘shiniga bunday vakolat berilar ekan, qo‘shin vakolatlarini kengaytirish va qo‘shinga qarshi harakatlarini kuchliroq jazolash to‘g‘risida bandlar ham kiritilishi kerak, degan fikrlar bildiriladi.

Qolaversa, bu shartnomaning bajarilishini nazorat qilishga biror arab davlati jalb etilmagan. Shartnomani bajarish ustidan nazorat Qo‘shma Shtatlar va Fransiyaga, shuningdek, ishtirokchilar Livan va Isroilga berilgan.

Shartnoma bandlariga ko‘ra, agar Isroil “Hizbulloh”ning harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar olsa, unga hujum qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Shu sababli buni to‘laligicha Isroil foydasiga tuzilgan sulh deyish mumkin. Agar “Hizbulloh” bandlardan birortasini buzgan taqdirda, Isroil jabrdiyda sifatida, ya’ni shartnoma buzilgan va Isroilga tahdid mavjud deb hisoblagan holatda hujumni davom ettirishi mumkin. Shartnomani nazorat qilayotgan Qo‘shma Shtatlar va Fransiya bunda Isroil tomonini qo‘llab-quvvatlaydi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid